Ibrat olamizmi yo oʻrnak?
Koʻpincha ibrat va oʻrnak soʻzlarini bir-birining oʻrnida bemalol qoʻllab ketaveramiz. Aslida, ularning nozik maʼno farqlari bor. Maʼlumot izlab “Izohli lugʻat”ga qaradim. Lekin unda ham maʼno farqlanmagan. “Ibrat” soʻzi arab tilidan olingani, asliyatda oʻgit, pand-nasihat; namuna, oʻrnak maʼnolariga egaligi taʼkidlangan. Ammo u arab tilida ham namuna yoki oʻrnak maʼnosida qoʻllanmaydi. Biror gunoh-maʼsiyati sabab azob yoki jazoga uchragan qavmlar haqida Qurʼoni karim oyatlarida “bunda aql egalari uchun oyat-ibratlar (yoki belgi-alomatlar) bor” degan mazmunda eslatmalar keladi. Oʻzbek tilida ham ibrat olish asosan xulosa yasash, fikr qilib, toʻgʻri toʻxtamga kelish maʼnosida qoʻllanadi. Oʻrnak esa toʻlasicha ergashish kerak boʻlgan, namunali kishilar, holatlarga nisbatan ishlatiladi. “Izohli lugʻat”da unga “Boshqalar ergashsa, taqlid qilsa arziydigan ish yoki harakat namunasi” deya taʼrif berilgan. Lekin ibratli kishilar yoki ishlarga ergashish, taqlid qilish koʻp hollarda xato.
“Izohli lugʻat”dagi misoldan foydalana qolaylik. Unda “Qutlugʻ qon”dan parcha berilgan ekan. Parchani asarning oʻzidan, kengroq shaklda oldim:
– Men koʻrdim teatrni, – hovliqib, pixillab soʻzga kirishdi paxtachi Jamolboy, – Abdishukur qiziqtirgan edi, borsam boray, dedim… Siz uni maktab deysiz, Abdishukur, qanday qilib maktab boʻladi u? Domla qani, shogird qani? Men borganimda bir ilmsiz bolaning bezori boʻlib ketganini koʻrsatishdi, xolos.
– Maktab emas, ibrat deng, – kimdir izoh berdi.
Oybek domla soʻzni juda oʻrnida qoʻllaganini shu misol koʻrsatib turibdi. “Bir ilmsiz bolaning bezori boʻlib ketgani” oʻrnak emas, ibratdir. Chunki birovning xatosi yoki aybidan namuna olinmaydi, koʻrib, eshitib, xulosa qilinadi, bir toʻxtam yoki qarorga kelinadi.
Yaxshi ishlardan ham ibrat olinishi mumkin. Shu ishni qilish yoki uning ziddini qilmaslik ibratdir. Lekin namuna boʻladigan holatlarda yo toʻla ijobiy maʼno koʻzlanganda ibrat soʻzini emas, oʻrnak soʻzini ishlatan afzal. Masalan, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam haqlarida gapirganda ibrat soʻzini ishlatish mutlaqo oʻrinsiz. Chunki u kishi butun insoniyatga oʻrnak, namunadirlar.
Baʼzi mumtoz adiblarimiz oʻzlariga oʻta kamtar taxalluslar tanlaganlar. Foniy (oʻtkinchi), Gadoiy, Mujrim (gunohkor) Obid, Qul Ubaydiy kabi. Ular qatoriga Isʼhoqxon Ibratni ham qoʻshish mumkin. Koʻp til bilishda hozirgi kun kishilariga ham oʻrnak boʻla oladigan Isʼhoqxon toʻra oʻziga bejiz Ibrat taxallusini olmagan. Agar bu soʻz oʻrnak maʼnosida boʻlsa, adib maqtanchoq, manmanga aylanib qoladi. Aksincha, taxallusdan “Mening holimni koʻrib, ibratlaninglar” degan maʼnoni uqish mumkin. Bu shaxsiyatiga bino qoʻymagan, chinakam kamtar mutafakkirning tanlovidir.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.