Shahari emas, shahri

Shahar soʻziga uchinchi shaxs egalik qoʻshimchasi -i qoʻshilganda bir a tushadi va shahri hosil boʻladi.
Qachon shahari shaklini qoʻllash mumkin? Agar shahar soʻzi joy nomi tarkibida boʻlsa, a saqlanadi:
Toshkentning Eski shahariga sayohat qilamiz.
Eski shahar – Toshkentning qadimiy qismi nomi. Shuning uchun unga -i egalik qoʻshimchasi qoʻshilganda ham tovush tushmaydi.
Shahar soʻzidan yasalgan hamshahar soʻzida ham shunday holat kuzatiladi:
Kecha tasodifan hamshaharini koʻrib qoldi.
Qolgan holatlarda esa shahri shaklida yozish toʻgʻri:
Dunyoning eng goʻzal 15 ta shahri.
Oʻzbekistonning 10 ta tumani va shahri.
Dunyoning eng boy shahri.
Toshkent shahri, Fargʻona shahri, Qarshi shahri, qadimiy Varaxsha shahri.
@oriftolib

Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.