Ishga kirishda soʻraladigan hujjatlarning koʻpi – ortiqcha
Ishga kirishda talab etiladigan hujjatlar haqida anchadan beri yozmoqchi boʻlib yurgandim. Haqiqatan, obyektivka-maʼlumotnomaga oʻxshash hujjatlar allaqachon umrini oʻtab boʻlgan. Zamonaviy dunyoda ishga kirmoqchi boʻlgan nomzoddan rezyume olinadi. Rezyumeda shaxsiy maʼlumotnomadagi kabi qarindosh-urugʻlar koʻrsatilmaydi. Aslida ham ishchining oʻzi kimligi, malakasi qay darajadaligi muhim-ku ish beruvchi uchun. Professorning oʻgʻli yoki qizi boʻlgani, oilasida kimdir sudlangani xodimning salohiyatini koʻrsatmaydi. Sudlanganlik holati huquq-tartibot organlari uchun muhim boʻlishi mumkin, ular buni obyektivkasiz ham birpasda aniqlab oladi.
Bizda urf boʻlgan obyektivka-maʼlumotnomalarda siyosiy partiyalarga aʼzolik, millati kabilar ham koʻrsatiladi. Nimaga kerakligiga hayronman. Partiyaga aʼzolik lavozimda oʻsishga taʼsir qiladigan paytlar allaqachon oʻtgan-ku. Biror partiyaga ishga kirayotgan odamdan partiyaviy mansubligini soʻrash oʻrinlidir. Lekin boshqa holatlarda ahamiyatli emas, menimcha. Kishining millati ham xodimning layoqati yoki ish sifatiga taʼsir qilmaydi.
Amaldagi shaxsiy maʼlumotnomalar xodimning salohiyati, qobiliyati haqida yetarlicha maʼlumot bera olmaydi. Unda qanday yutuqlarga erishganingiz, soha boʻyicha qanday ishlarni bajarganingiz, qanday loyihalarda qatnashganingizni koʻrsata olmaysiz. Birgina ishlagan joylariga qarab xodimning malakasi haqida toʻlaqonli tasavvur hosil qilib boʻlmaydi. Nomzod hatto nufuzli joyda ishlab ham, katta natijalarga erishmagan, yetarli bilim-tajriba orttirmagan boʻlishi mumkin. Shaxsiy maʼlumotnomani namuna boʻyicha tayyorlayman desangiz, unda hatto telefon raqami yoki elektron manzil yozadigan joy ham yoʻq. Chunki u eski zamon hujjati-da.
Rezyumeda esa nomzodning qobiliyati va tajribasi, u bilan bogʻlanish vositalari haqida kengroq, aniqroq maʼlumotlarni berish mumkin. Bular – ish beruvchi uchun qiziq va ahamiyatli.
Idora va tashkilotlarda, ayniqsa davlat idoralarida xodimning shaxsiy hujjatlari yigʻmajildi yuritiladi. “Davlat tilida ish yuritish” kitobida koʻrsatilishicha, bu yigʻmajilddan kadrlarni hisobga olish boʻyicha shaxsiy varaqa yoki soʻrovnoma, tarjimayi hol, shaxsiy varaqaga qoʻshimcha, shaxsiy maʼlumotnoma va boshqa hujjatlar ham oʻrin oladi. Toʻgʻri, bu hujjatlarni talab qilish Mehnat kodeksida koʻrsatilmagan, lekin amaliyotda keng qoʻllanadi.
Yuqorida sanalganlardan obyektivka, tarjimayi hol, shaxsiy varaqa va soʻrovnoma bir-biriga oʻxshash maʼlumotlarni aynan takrorlaydi. tarjimayi hol, shaxsiy varaqa va soʻrovnomada ham xuddi obyektivkadagiga oʻxshab qarindoshlaringiz, ishlagan va oʻqigan joylaringiz, partiyalarga aloqadorligingiz, til bilishingiz koʻrsatilishi kerak. Qayta va qayta.
Shaxsiy varaqada chet ellarda boʻlgan-boʻlmaganingiz, soʻrovnomada sudlangan-sudlanmaganingizni ham bildirib oʻtishingiz kerak. Bir paytlar chet eldagi qarindoshlaringiz va ular bilan aloqalaringizni koʻrsatish soʻralgan soʻrovnomalar ham boʻlardi. Xuddi tergov savollariga oʻxshardi. Hozir bunday soʻrovnomalar yoʻq, shekilli, har holda.
Albatta, yangi ishni bunday qogʻozbozlik, keraksiz savollarga bir necha bor javob yozish bilan boshlash xodimning kayfiyatiga salbiy taʼsir qiladi. Bu shunchaki kayfiyat ishi emas, ortiqcha chiqim hamdir. Agar bu qogʻozlar xodim hisobidan boʻlsa, bevosita xodim zarar koʻradi. Yoʻqsa, korxona. Agar byudjet tashkiloti boʻlsa, alaloqibat davlat va xalq zarar koʻradi. Arzimasdek koʻringan bu chiqimlar butun mamlakat miqyosida katta summaga aylanadi. Axir bu maʼlumotnomalarning qogʻozi, bosmaxona va tashish xarajatlari – hammasi mablagʻ talab etadi.
Xodim sarflaydigan vaqt ham umr isrofidan boshqa narsa emas.
Kadrlar sohasida ishlaydigan bir tanishimning aytishicha, tarjimayi hol yozdirishning foydasi bor ekan. Xodimlardan biri ishdan boʻshamayman, ishdan boʻshash haqidagi arizani men yozmaganman deb turib olibdi. Imzoni atay boshqacha qoʻygan ekan shovvoz 🙃. Shunda tarjimayi holdagi va arizadagi dastxat birxilligini dalil qilib olishibdi. Shunga oʻxshash holatlarnigina deb ortiqcha qogʻoz toʻldirish oʻzini oqlamaydigan holat baribir. Ish bermaydigan, malakasiz xodimni boʻshatishning qonuniy, asosli yoʻlidan borish kerak. Shunda dastxat solishtirishga ham hojat qolmaydi.
Xoʻsh, muammoni koʻrsatgandan keyin yechimni ham aytish kerak-da. Taklifim ushmundoq:
- Ishga kirishda yuqoridagi hujjatlarning hech birini talab qilmaslik. Faqat rezyume soʻrash. Balki, Mehnat kodeksiga ham kiritilar. Yoki bu shunchaki tavsiya maqomida boʻlishi mumkin. Rezyume nomzoddan ishga kirishdan oldin soʻraladi, keyinchalik xodimning shaxsiy yigʻmajildida boʻlishi shart emas. Obyektivkaning nomini rezyume deb oʻzgartirib qoʻyish bilan ham ish bitmaydi. Rezyumeda nimalar aks etishi kerakligini ingliz, nemis va rus tillaridagi variantlaridan oʻrganib, tavsiya ishlab chiqish mumkin. Balki, boshqa tillardagi rezyumelar ham oʻrganilar. Tavsiyani Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tayyorlagani yaxshiroq, menimcha.
- Barcha hujjatlarni, hatto arizani ham elektron koʻrinishga oʻtkazish va buni elektron imzo bilan tasdiqlash. Korxona-tashkilot ham, xodim ham oʻzaro munosabati va yozishmalarini elektron imzo bilan tasdiqlaydi. Har bir kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar qayd etilib boradi. Bu jarayon gov.uz yoki my.mehnat.uz tizimi orqali amalga oshirilsa, yanada yaxshi.
- Korxona va tashkilotlarda qogʻozbozlik bilan bogʻliq holatlarni kamaytirish borasida avvalo masʼul tashkilotlarning oʻzi xayrixoh va tashabbuskor boʻlishi kerak.
Orif Tolib,
jurnalist
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.