Jahon chempionati mukofotlari
“Oltin toʻp”
Jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisiga beriladi. Final arafasida FIFAning maxsus komissiyasi eng yaxshi futbolchilar roʻyxatini tuzadi, bu asosda ommaviy axborot vositalari xodimlari gʻolibni aniqlaydi. Birinchi oʻrin egasiga “Oltin toʻp”, ikkinchi va uchinchi oʻrin egalariga esa “Kumush toʻp” va “Bronza toʻp”lar topshiriladi.
Soʻnggi jahon chempionatida (2010) Diyego Forlan “Oltin toʻp”ga munosib topilgan.
“Oltin butsa”
Jahon chempionatining eng yaxshi toʻpurariga beriladi. Nomzodlar kiritgan gollar soni teng kelib qolsa, golli holatlarda toʻp oshirishlar soni eʼtiborga olinadi. Agar bu natijalar ham teng keladigan boʻlsa, mukofotni maydonda kamroq vaqt boʻlgan futbolchi qoʻlga kiritadi. Ushbu sovringa “Oltin butsa” nomi 1982-yili berilgan.
Soʻnggi jahon chempionatida Germaniya termasi aʼzosi Tomas Myuller “Oltin butsa”, Ispaniya termasi hujumchisi David Vilya “Kumush butsa” va Niderlandiya termasi aʼzosi Uesli Sneyder “Bronza butsa” bilan taqdirlangan.
“Oltin qoʻlqoplar”
Musobaqaning eng yaxshi darvozaboniga beriladi. 2010-yilgacha mukofot darvozabon Lev Yashin nomida boʻlgan. Lev Yashin nomidagi sovrin 1994-yili taʼsis etilgan. Ungacha ham chempionatning eng yaxshi darvozabonlari aniqlangan. Gʻolibni FIFAning maxsus komissiyasi nomzodning turnirdagi oʻyinlariga qarab aniqlaydi. Darvozabonlar oʻz maxsus mukofotiga – “Oltin qoʻlqoplar”ga ega boʻlsa-da, “Oltin toʻp” nomzodi boʻlib qolaveradi. Yaʼni ular bir paytning oʻzida eng yaxshi darvozabon va eng yaxshi futbolchi maqomiga daʼvogarlik qilishi mumkin. Har ikki mukofotni bir paytda qoʻlga kiritgan yagona darvozabon germaniyalik Oliver Kandir. U 2002-yilgi jahon chempionatida shunday koʻrsatgichga erisha olgan.
“Oltin qoʻlqoplar”ning amaldagi egasi Ispaniya termasi darvozaboni Iker Kasilyasdir.
Eng yaxshi yosh futbolchi
Kimga berilishi nomidan ham koʻrinib turgan bu mukofotga 2006-yili asos solingan. Birinchi gʻolib germaniyalik Lukas Podolski boʻlgan.
Sovrindorni FIFAning maxsus komisssiyasi 21 yoshgacha boʻlgan futbolchilar orasidan tanlab oladi.
Soʻnggi jahon chempionatida germaniyalik Tomas Myuller ushbu mukofotga loyiq koʻrilgan.
Halol oʻyin mukofoti
Jahon chempionatida “Fair Play” qoidalariga eng yaxshi amal qilgan jamoaga topshiriladi. Birinchilikning final qismida ikkinchi bosqichdan oʻta olgan jamoalar mukofotga nomzod boʻlishi mumkin. Gʻolib boʻlgan jamoaning hamma vakillariga medal, maqtov yorligʻi va ellik ming AQSH dollari bahosidagi futbol jihozlari topshiriladi.
Dastlab mukofot gʻoliblariga faqat esdalik sovgʻalari berilgan. Lekin 1982-yildan sovrindorlar “Sport Billi” kompaniyasi yasagan zarhalli medal-nishon bilan taqdirlana boshlagan. 1998-yildan nishon oʻrnini futbolchi suvratidagi haykalcha egallagan.
Mukofotning ilk gʻolibi 1970-yili Peru termasi boʻlgan. 2010-yilgi jahon chempionatida birinchilikni qoʻlga kiritgan Ispaniya termasi halol oʻyin mukofotiga ham egalik qildi.
Eng qiziqarli jamoa
Oʻz oʻyinlari bilan tomoshabinlarda juda katta qiziqish uygʻotgan jamoaga beriladi.
Gʻoliblar:
Chempionat |
Gʻolib |
1994-yilgi JCH |
Braziliya |
1998-yilgi JCH |
Fransiya |
2002-yilgi JCH |
Koreya Respublikasi (Janubiy Koreya) |
2006-yilgi JCH |
Portugaliya |
2010-yilgi JCH |
Gʻolib aniqlanmagan. |
Yulduzlar jamoasi
Jahon birinchiligining eng yaxshi futbolchilaridan tuziladigan ramziy jamoa. Hozir jamoa nomiga amaldagi homiy – “MasterCard” nomi ham qoʻshib aytiladi. Dastlab ushbu terma 11 kishidan iborat boʻlgan, keyinchalik futbolchilar soni 16 nafarga yetkazilgan. 2006-yili esa ramziy terma aʼzolari 26 ta qilib belgilandi. 2010-yili FIFA ramziy jamoa aʼzolari roʻyxatini endi eʼlon qilmasligi haqida xabar berdi.
2010-yilgi chempionat ramziy termasi:
Darvozabon |
Himoyachilar |
Yarim himoyachilar |
Hujumchilar |
Iker Kasilyas (Ispaniya) |
Filipp Lam (Germaniya) Serxio Ramos (Ispaniya) Karles Puyol (Ispaniya) Maykon (Braziliya) |
Andres Inesta (Ispaniya) Bastian Shvaynshtayger (Germaniya) Uesli Sneyder (Niderlandiya) Xavi (Ispaniya) |
David Vilya (Ispaniya) Diyego Forlan (Urugvay) |
Orifjon Madvaliyev tayyorladi.
2013 yil mart
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.