Joʻmard va jumard

Joʻmard va jumard

Bu ikki soʻz juvonmard soʻzining qisqargan shaklidir. Juvonmard forschadan olingan boʻlib, asliyatda olijanob, mard kishi; olijanob, mard maʼnolarini anglatadi. Oʻzbek tilida ikki xil maʼnoga ega:

 

1️⃣ Mard, botir, dovyurak.

Lekin bu maʼnoda qoʻllash hozir eskirgan.

 

2️⃣ Olijanob, oliyhimmat, hotam.

 

Juvonmard ikki qismdan iborat: juvon+mard. Juvon soʻzi asliyatda yosh; umrining yarmiga ham yetmagan odam yoki hayvon maʼnolarini bildiradi. Lekin oʻzbek tilida uning mazmuni oʻzgarib ketgan. Erli yosh ayol, tul xotin, iffatini yoʻqotgan qiz maʼnolariga ega va yakka holatda ayollarga nisbatan ishlatiladi. Juvonmard soʻzining qisqartirilib, joʻmard va jumardga aylanganiga shu ham taʼsir koʻrsatgan boʻlishi mumkin.

Mard soʻzi ham forschadan, asliyatda odam; erkak; botir, jasur maʼnolarini bildiradi. Oʻzbekchada botir, aytganining ustidan chiqadigan odam, biror ishni qila oladigan kishi kabi maʼnolarni tashiydi va asosan erkaklarga nisbatan ishlatiladi.

Juvonmard ham, joʻmard va jumard ham asosan erkaklarga nisbatan qoʻlanadi.

Izohli lugʻatga koʻra, joʻmard va jumard juvonmard soʻzining birinchi maʼnosida ishlatiladi.

❗️ Tilda asosan joʻmard varianti qoʻllanadi, lekin jumard ham xato emas.

 

📌 Demak:

Juvonmard, joʻmard, jumard

Joʻvonmard ❌

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.