Kamalakrang daryo
Kolumbiyadagi Kanyo kristales daryosi ajoyib koʻrinishi bilan koʻpchilik eʼtiborini tortgan. Daryo nomi ispanchada “billur daryo” degan maʼnoni bildiradi. Uni dunyodagi eng chiroyli daryo deb ham ataydilar. Sababi Kanyo kristales oqimida besh xil rangni, ularning turfa jilolarini koʻrish mumkin. Suv yuzasi toʻq qizil, sargʻish, yashil, koʻk va hatto qop-qora ranglarda tovlanadi. Qizil va toʻq qizil rang boshqalariga qaraganda koʻproq. Daryo sayozligi, tiniqligi va unda oʻsgan “Macarenia clavigera” suvoʻtlari sabab shunday xususiyatga ega boʻlgan. Shaffof suv ostidagi rango-rang oʻtlar daryoni ranglarga boʻyaydi. Ana shu oʻziga xosligi sababli unga “Besh rangdagi daryo”, “Oqar kamalak” kabi nomlarni berishgan. Daryo YUNESKOning “Insoniyat tabiiy merosi” roʻyxatiga kiritilgan.
Amazonka togʻoldi tropik oʻrmonlari oralab oqadigan bu daryo Kolumbiyaning Meta departamentidagi Siyerra de la Makarena togʻ tizmalaridan boshlanadi. Kanyo kristales gʻarbdan sharqqa qarab oqadi va yuz kilometrdan keyin Losada daryosiga qoʻshilib ketadi. Daryo unchalik keng emas, eni yigirma metr atrofida.
Yilning asosiy qismida Kanyo kristales boshqa daryolardan farq qilmaydi. U qurgʻoqchilik va yomgʻir mavsumi oraligʻida, sentyabrdan noyabrgacha boʻlgan davrda “oqar kamalak”ka aylanadi, xolos. Bu paytda daryo sayozlashadi va quyosh nurlari uning tubidagi suvoʻtlarini qizil, yashil, sariq va qora ranglarda jilolantirib yuboradi. Moviy va koʻk rang tiniq osmonning akslanishidan hosil boʻladi.
Daryo oqib oʻtadigan Milliy qoʻriqxonani uzoq vaqtlar partizanlar otryadlari qoʻriqlab keldi. Bu vaqtlarda sayyohlar tugul, tadqiqotchilar va olimlar ham bu hududga kira olmagan. Hozir qoidalar oʻzgargan, istagan kishi borib daryoni koʻrishi mumkin. Biroq bu oson ish emas. Sayyohlik xizmatlari yaxshi rivojlanmagani sababli oldin La Makarena shaharchasiga uchib borish, soʻng Guyaayabero daryosida bir soat qayiqda suzish, keyin jiplarga chiqish, u yogʻiga esa yayov ketishga toʻgʻri keladi. Qoʻriqxonada sayyohlarning tunab qolishi, gulxan yoqishi va hokazolar taqiqlangan. Ammo daryoda istagancha choʻmilish mumkin. Kanyo kristales oqimida tabiiy hovuzlar, qoʻltiqlar va kichkina sharsharalar juda koʻp. Daryo havzasi iyundan noyabrga qadar sayyohlar uchun ochiq boʻladi.
Ayrim mayda baliqchalarni hisobga olmaganda, bu yerda baliq yashamaydi. Chunki daryo togʻ va yomgʻir suvlaridan yuzaga keladi, tubida balchiq va choʻkindilar, baliqlar oziqlanishi mumkin boʻlgan suv oʻsimliklari yoʻq.
Hayratlanarlisi, daryo suvi tarkibida tuz va mineral moddalar yoʻq.
Kanyo kristales atroflarida odamlarni deyarli uchratmaysiz. Sayyohlar ham qatʼiy tartibga rioya qilgani sababli daryo ham, atrof-muhit ham tabiiyligini saqlab qolgan.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2014-yil 6-sonida chop etilgan.