“Karl, sen haqingda tilshunoslar ham yozishdi. Tilchilar, Karl!” – bloger va memchilarning sevimli qahramoni Karl haqida
Bugun biror blogerning yozganlarida Karl ismli nomaʼlum qahramonga murojaat uchrasa, bu yerda kinoya, hayrat, hayajon, luqma borligini yaqqol sezamiz. Uznetda bu qahramon qatnashgan memlar kamroq. Bizda u asosan matnda koʻproq eslanadi. Internetning ingliz va rus tilli foydalanuvchilari orasida esa Karl qatnashgan memlar ancha mashhur. Xoʻsh, u kim? Nimaga unga murojaat qilinadi?
Bu memning kelib chiqishi hajviy kitob, koʻrsatuv yoki filmga emas, zombilar haqidagi serialga borib taqaladi. Karl – amerikalik kinoijodkorlar suratga olgan “Yuradigan murdalar” (The Walking Dead) seriali qahramoni. Fantastika janridagi bu serial global halokatdan soʻng yashab qolish ilinjida yurgan odamlar haqida hikoya qiladi. Film ilk bor 2010-yili ekran yuzini koʻrgan.
Keyinchalik memga aylangan syujetda ikki qahramon bor: Rik Grayms ismli ota va uning Karl ismli oʻspirin oʻgʻli. Serialning uchinchi faslidagi bir epizodda Rik Grayms oʻgʻlining sukut saqlab turganidan xotini tugʻuruq payti vafot etganini anglaydi va ingrab-oʻkirib, bir necha MARTA oʻgʻlining ismini aytadi va oxiri hushidan ketadi. Bu aslida filmning eng qaygʻuli, tragedik sahnasi.
Dastlab ota va oʻgʻilning suhbati lavhasini video koʻrinishida mashhur qilishga urinishadi. Lekin bu variant unchalik shuhrat qozonmaydi. Shundan soʻng film muxlislari ushbu dramatik sahnani oʻzlaricha talqin qilib, u orqali kulgili syujetlar yaratishadi. 2013-yili bir yumoristik sayt ana shunday hajvlardan iborat “Rik Graymsning eng yaxshi hazillari” nomli toʻplam eʼlon qiladi. Unda serialdagi ana shu kadr umuman boshqa maʼnoda, yumoristik mazmunda talqin qilinadi. Mem qolipi bunday: ota nimanidir kuyunib tushuntiradi, oʻgʻil esa sukut saqlab turaveradi. Shundan soʻng ota soʻngi iborani hayajon bilan takrorlaydi va oxirida “Karl!” deb oʻgʻliga murojaat qiladi. Ana shu qolip keyinchalik turfa xil memlar yaratilishiga asos boʻldi.
Memlarning turlari juda koʻp. Eng koʻp tarqalgan bir variantga koʻra, oʻgʻil nimadandir norozi boʻladi, ota esa bu norozilikni aylanib oʻtish payida: bizning paytlarda falon edi, piston edi…
Masalan:
– Dada, televizorning pulti buzilib qoldi. Pult olib bering.
– Karl, men yoshlik paytimda butun oila uchun pult vazifasini bajargan edim. Butun oila uchun, Karl!
***
– Dada, hamma oʻrtoqlarimda telefon bor. Menga ham telefon olib bering.
– Karl, men senchalik paytimda ikkita stakanchani olib, tagini teshib, oʻrtasidan ip oʻtkazib bogʻlardim. Narigi xonadagi oʻrtogʻim bilan shu orqali gaplashardim. Stakanchalar orqali gaplashardim, Karl!
Keyinchalik har qanday jumla oxiriga “Karl!” murojaatini qoʻyish urf boʻldi. Bu usuldan reklamachilar, blogerlar va hatto siyosatchilar ham foydalandi.
Ushbu murojaat shakli sovet davrida ishlangan “Siz bilgan Myunxauzen” filmidan olingan degan qarash ham bor. Lekin buning ehtimoli juda kam.
Quyida oʻzbek blogerlarining Karlga murojaatlaridan misollar keltirilgan:
Baraka topgurlar, xuddi shu telefonning asosiy IMEI raqami kimning nomiga rasmiylashtirilgani bazada koʻrinib turibdi-ku, yana oʻsha odamni ovora qilishni nima keragi bor, onlayn oʻtsa boʻlmaydimi, desam, “yoʻq, boʻlmaydi, ofisimizga oʻzi telefonni koʻtarib kelsin” deyishdi. Tashqarida XXI asr, Karl!
Ushbu jurnalda kulgili maqolalar koʻp, lekin eng zoʻri, Joan Robinsonga tegishli. Maqola sarlavhasi: “Koreya moʻʼjizasi“. Lekin bu yerda gap Janubiy Koreya haqida emas, Shimoliy Koreya haqida.
Shimoliy Koreyaning iqtisodiy moʻʼjizasi, Karl!
Bizni
dunyo eʼtirof etyapti, Karl!Maʼlumot oʻrnida, axborotlar boshqariladigan yuzlab, balki minglab xodimlar ishlaydigan va katta mablagʻ sarflanadigan sakkizta mamlakat bor. AQSH, Rossiya, Xitoy, Misr, Eron, Isroil, Saudiya Arabistoni, Suriya orasida Oʻzbekistonni uchratmaysiz. Sababi biznikilar trollarni “suv tekinga” ishlatishadi. (Miyani ishlashini qara, Karl!)
Bir vaqtlar bir hokim bilan gaplashganimda nima degan edi aytaymi: “Mana, prokurorlar ham sektor tizimi boʻlgani uchun bizga (hokimlarga) boʻysundirib berildi. Avvallari bir chekkada oʻtirib olib, sasitib oʻtirardi protest kiritib. Hozir ayrim jurnalistlar bor shunaqa” deydi, qarang! Saviyani qara, Karl!
Avstraliyaning Adelaida shtatining Mitchem shaharchasi meri (hokimi) Xizer Xolmsga qarshi. Ishxonasining oshxonasidan foydalanib, oʻgʻlini tugʻilgan kuniga tort pishirib bergani uchun xizmat tekshiruvi belgilanibdi. Shunchaki hokimiyat oshxonasidan shaxsiy manfaati uchun foydalangani uchun, Karl!
Qoyil! Bizdaqasi Yer yuzida topilmasa kerak. Oʻzimizda chiqarilgan mashina Qirgʻiziston orqali keladi. U matoh qurgʻur aslida qoʻshnilarga eksport qilingan. Uni xarid qilganlar ustiga narx qoʻyib, oʻzimizga olib kirib sotganda ham oʻrnatilgan narxlardan arzonga tushyapti. Tasavvur qilyapsanmi, Karl?!
Orif Tolib
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.