Bu soʻzlar aslida ruscha. Oʻzlashma ekani bilinmaydigan 15 ta qadrdon soʻz

Bu soʻzlar aslida ruscha. Oʻzlashma ekani bilinmaydigan 15 ta qadrdon soʻz

Til oʻz soʻzlari bilangina boyib-rivojlana olmaydi. Boshqa tillardan ham soʻz oladi. Biroq bunda chet soʻz tilda oldindan bor boʻlgan soʻzni siqib chiqarmasligi kerak. Tilga yaxshi singgan va oʻrinli kirgan xorijiy soʻzning muhim belgilaridan biri begonaligining bilinmasligi, kirishimliligidir. Oʻtgan asrda oʻzbek tiliga rus tilidan juda koʻp soʻzlar kiritildi. Shu sabab bugun oʻzbekcha matnlarda, soʻzlashuvda juda koʻp ruscha soʻzlarning ortiqcha yoki oʻrinsizligini boʻrtib-sezilib turadi. Biroq oʻzbekchaga moslashib, uning oʻz soʻzi boʻlib ketgan ruscha oʻzlashmalar ham bor. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday 15 ta qadrdon soʻz haqida maʼlumot beradi.

 

Adyol ruscha odeyalo soʻzidan. Odeyalo asliyatda yopingʻich, oʻrangich maʼnosini anglatadi. Odeyaloning ildizi ruschada odet – kiymoq, kiyintirmoq, yopmoq feʼliga borib taqaladi. Oʻzbekchada adyol koʻrpa oʻrnida ishlatiladigan, yengil, uncha qalin boʻlmagan yopinchiqni bildiradi:

Qoʻltigʻidagi choyshab va adyollarni burchakdagi boʻsh karavot ustiga qoʻyib, birin-ketin yozdi.

Sh. Xolmirzayev, “Bodom qishda gulladi”.

 

Jarkop ruscha jarkoye soʻzidan, oʻzbekchada talaffuz oʻzgarishlariga uchragan. Ruschada sirgʻaluvchi undosh bilan aytiladigan soʻz oʻzbekchada joy, jon, joʻn kabi soʻzlardagi qorishiq dj tovushi bilan talaffuz qilinadi. Jarkop goʻsht va kartoshkadan tayyorlangan qovurma ovqatdir. Uning oʻzbekcha qovurdoq degan nomi ham bor:

Xotinim jarkop suzib keldi.

T. Alimov, “Odamsiz uylar”.

 

Qulupnay ruscha klubnika soʻzidan. Klubnikaning oʻzi parcha, boʻlak maʼnosidagi klubok soʻzidan yasalgan. Qulupnay oʻzbekchada rezavor ekin va uning pushti-qizil rangli shirin, xushboʻy mevasini anglatadi:

Qulupnay yeb, ketidan xom sut ichib kasal boʻlganlarida kunlariga sen yaradingmi, men yaradimmi!

S. Ahmad, “Yulduz”.

 

Mayoq ruscha mayak soʻzidan. Mayak soʻzi asliyatda mayat – silkinmoq, tebranmoq soʻzidan yasalgan. Soʻzma-soʻz olisda tebranib turuvchi degan maʼno beradi. Oʻzbekchada kemalarga yoʻl koʻrsatish uchun dengiz qirgʻogʻi yoki orollarga qurilgan, minora koʻrinishidagi qurilmani anglatadi. Koʻchma maʼnoda oʻrnak, mashʼal soʻzlari oʻrnida ham ishlatiladi:

Kema uchun mayoq, sayyoh uchun kompas, Yer uchun Quyosh aziz boʻlgani kabi…

Gazetadan.

 

Patnis tez-tez foydalaniladigan uy-roʻzgʻor buyumlaridan biri. U ruscha podnos soʻzidan. Podnos podnosit – olib kelmoq feʼlidan yasalgan. Oʻzbek tilida uch xil maʼnoda qoʻllanadi: narsa tashish yoki non, qand-qurs, meva-cheva kabilarni solib, dasturxonga qoʻyish uchun moʻljallangan idish; turli noz-neʼmatlar bilan tuzalgan idish; duxovkaning narsa terib qoʻyiladigan yassi tunukasi:

Xoldorxon dasturxonga patnis qoʻyar ekan, engashib turib gapirdi.

S. Zunnunova, “Olov”.

 

Piyon va piyonista. Piyon ruscha pyanыy soʻzidan. Oʻzbekchada ham asliyatga mos maʼnoda qoʻllanadi: ichkilikdan kayfi oshgan, mast. Piyonista esa pyanitsa soʻzidan, u ham asliyatdagi kabi ichkilikboz degan maʼnoda ishlatiladi. Har ikki soʻz talaffuzda oʻzgarishlarga uchrab, oʻzbekchaga moslashgan:

Piyon ulfat – bepoyon kulfat.

Maqol.

Ey, shoʻring qursin. Rosa piyonista ekansan.

S. Ahmad, “Ufq”.

 

Pirog ruschada ham xuddi shu shaklga ega. U pir – ziyofat, bazm soʻzidan yasalgan, soʻzma-soʻz ziyofat noni degan maʼnoni anglatadi. Oʻzbekchada qiyma, meva, qiyom va shu kabilar solib, pishiriladigan yegulikni bildiradi:

Qovurilgan koʻkdan koʻk somsa, koʻk chuchvara, koʻk pirog kabi taomlar tayyorlanadi.

K. Mahmudov, “Oʻzbek tansiq taomlari”.

 

Pol rus tilida ham ayni shaklga ega. Qadimgi rus tilida er; zamin, asos maʼnolarida ishlatilgan bu soʻz hozir ruschada ham, oʻzbekchada ham xonadagi oyoq bosib yuriladigan va oʻtiriladigan sathni anglatadi:

Qurbonboy, xotinlarning hayhaylashiga qaramay, polni ham oʻzi yuvdi, gilamni ham oʻzi koʻchaga olib chiqib, qoqib keldi.

S. Ahmad, “Saylanma”.

 

 

Pochin rus tilida ham ayni shaklga ega. U pochinat – boshlamoq, isteʼmol qilishni yoki foydalanishni boshlamoq feʼlidan yasalgan. Oʻzbekchada ish boshlash, tashabbus, biror ishning boshlamasi kabi maʼnolarda qoʻllanadi. Xalq tilida pochin qilmoq birikmasi mashhur. U savdoni ochish, savdo-sotiqni boshlashni anglatadi. Bu birikma oʻrnida bay ochmoq birikmasi ham qoʻllanadi. Bay arabchadan kirgan, u savdolashish va kelishishni anglatadi.

Pochinga arzonroq beraman, hali pochin qilganim yoʻq”, dedi sotuvchi.

 

Pudrat va pudratchi. Ommaviy axborot vositalarida va meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda tez-tez koʻzga tashlanadigan bu ikki soʻz ruscha podryadit – baylashib yollamoq, baholashib ish bermoq feʼliga borib taqaladi. Oʻzbek tilida maʼlum bir ishni toʻligʻicha bajarib berish majburiyatini olganlik haqidagi shartnomani va shu asosda bajariladigan ishni anglatadi. Pudratchi esa pudrat asosida ishlaydigan kishi yoki tashkilotdir.

Qurilishdagi pudrat ishlari hajmi 13 foizga koʻpaydi.

Gazetadan.

Korxonamiz aksariyat qurilishlarda bosh pudratchi sifatida ishtirok etadi.

Gazetadan.

 

Samovar ruschada ham ayni shaklga ega. U sam – oʻzi va varit – qaynatmoq soʻzlaridan yasalgan. Choy qaynatishga moʻljallangan roʻzgʻor anjomini anglatadi. Samovar tilga shu qadar singishib ketganidan hatto choyxona soʻzi oʻrnida ham ishlatilgan. Lekin hozir bu soʻzni ishlatish kamaydi, choyxona yana urfga qaytdi:

Samovarda qaynagan choying qani, yor-yor.

“Qoʻshiqlar”.

Samovar toʻla odam. Ashula,
askiya, hangoma, qahqaha avjida.

K. Yashin, “Hamza”.

 

Samokat ham ruschada ayni shaklga ega. Soʻz yasalishi jihatidan samovarga oʻxshash: sam – oʻzi va katat – gʻildiratmoq, uchirmoq soʻzlaridan hosil boʻlgan. Oʻzbekchada ham, ruschada ham ikkita gʻildiragi yoki roligi bor, tik dastali bolalar oʻyinchogʻini bildiradi.

Ruschada sam + feʼl koʻrinishida yasalgan va oʻzbekchaga kirgan samolyot, samosval soʻzlari ham tilimizda tez-tez ishlatiladi.

Koʻchada odam siyrak. Faqat nariroqda bolalar samokatda uchishar, gʻildiraklarning vagʻillashi quloqni batangga keltirar edi.

Oʻ. Hoshimov, “Qalbingga quloq sol”.

 

 

Ukol ruschada ham ayni shaklga ega. Asliyatda uchli, oʻtkir narsa bilan tegib ogʻritmoq maʼnosini anglatuvchi ukolot feʼlidan yasalgan. Rus tilida bir necha maʼnolarda qoʻllanuvchi bu soʻz oʻzbekchada badanga, teri ostiga yoki tomirga shprits vositasida suyuq dori yuborishni anglatadi:

Isitmam baland edi. Ustma-ust ukoldan ancha pasaydi.

R. Azizxoʻjayev, “Yashil chayla”.

 

Choʻt ruscha schyotы soʻzidan. Asliyatda schyot – hisob, sanoq otidan, u esa schitat – sanamoq, hisoblamoq feʼlidan yasalgan. Hisob-kitob moslamasini bildiradigan ushbu soʻz oʻzbekchaga tovush oʻzgarishlari bilan oʻtgan. Hozir bunday moslamalardan deyarli foydalanilmaydi. Uni koʻproq sanashni yoki qoʻshish-ayirishni oʻrganayotgan bolalar ishlatadi. Oʻzbek tiliga yaxshi oʻrnashib ketganidan bu soʻz ishtirokida choʻt qoqmoq, choʻtga solmoq, choʻt bermaydi, choʻt emas kabi iboralar ham paydo boʻlgan:

Buxgalteriya xonasidagi choʻtlarning shaq-shuqi, odamlarning uzuq-yuluq gaplari endi aniqroq eshitilardi.

Gazetadan.

 

Yashik ruscha yaщik soʻzidan olingan. Uning ildizi qadimgi slavyan tilidagi yask – savat soʻziga borib taqaladi. Slavyan tillariga skandinav tillaridan oʻtgan. Yashik rus tilida XVII asrdan sandiq, quti maʼnolarida qoʻllanishni boshlagan. Oʻzbek tilida narsa solish, saqlash uchun foydalaniladigan, odatda toʻrtburchak shaklidagi buyumni anglatadi:

Uning qoʻliga bogʻichli yogʻoch yashikchani tutqazib, Chorsuga tashlab oʻtishini tayinladi.

A. Obidjon, “Akang qaragʻay Gulmat”.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.