Kazo-kazolar va hokazolar: maʼnosi keskin oʻzgarib ketgan 10 ta soʻz

Kazo-kazolar va hokazolar: maʼnosi keskin oʻzgarib ketgan 10 ta soʻz

Maʼnoning tubdan oʻzgarishi oʻzlashma soʻzlarda koʻp uchraydi. Boshqa tilga oʻtgan soʻz koʻpincha oʻsha tilning tabiatiga, issiq-sovugʻiga moslashadi, baʼzan qiyofasi va maʼnosini oʻzgartiradi. Bu holat tilning oʻz soʻzlari orasida ham kuzatiladi. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday soʻzlardan baʼzilarini sharhlaydi.

 

Kazo-kazolar va hokazolar

Bu ikki soʻz tilimizda tez-tez qoʻllanib turadi. Lekin ularning asl maʼnosi nimaligi haqida koʻpchilik bilavermasa kerak.

Kazo soʻzi arabchada shunday, shu kabi maʼnolarini anglatadi. Oʻzbekchada juft holda ishlatiladi. Kazo-kazolar iborasi ilm, amal, boylik, donolik kabi xislatlari bilan tanilgan yuqori MARTAbali kishilarni anglatadi:

Gʻiyosiddin tilmochlik qilib yurgan kezlarda shaharning kazo-kazolari bilan ogʻiz-burun oʻpishib qoldi. (S. Ahmad, “Hukm”.)

Bu soʻz asosan ogʻzaki tilda va badiiy matnlarda uchraydi.

Hokazo soʻzi ham arab tilidan kirgan, asliyatda shunaqa, xuddi shunday; shunday qilib, shu tarzda maʼnolarini anglatadi. Oʻzbek tilida odatda va bogʻlovchisi bilan birga qoʻllanib, shu singari, shunga oʻxshagan(lar), boshqalar maʼnolarini anglatadi:

Ayol urushga ketgan eri, oʻzining ishi, turmushi va hokazolar haqida gapirdi. (Oybek, “Quyosh qoraymas”).

 

Taqsir: maqtovmi yoki yerga urish?

Taqsir soʻzi ham boshida kamina soʻzi kabi kamtarlik maʼnosini bildirgan. Keyinchalik maʼnosi va qoʻllanish yoʻsini oʻzgarib ketgan.

Taqsir arabchadan olingan, asliyatda qisqartirish, kamaytirish; kamchilik; sustkashlik, beparvolik maʼnolarini anglatadi. Taqsir va qusur soʻzlarining oʻzagi bir.

Eski tilimizda odamlar oʻzi haqida faqir, qulingiz, taqsiringiz kabi soʻzlarni ishlatgan. Taqsiringiz degani qusurli, aybli, gunohli suhbatdoshingiz, yaʼni men deganidir.

Keyinchalik bu soʻzning maʼnosi teskarisiga oʻzgarib ketgan va u endi soʻzlovchiga emas, tinglovchiga nisbatan qoʻllana boshlagan. Kuzatishlarimga koʻra, XIX asr oxirlaridan boshlab taqsir murojaatda hurmatni bildiruvchi soʻzga aylangan:

Gapingiz nuqul haqiqat, taqsir, – dedi Olchinbek. (K. Yashin, “Hamza”.)

 

Chavandozlar chapaqay boʻladimi?

Chavandoz soʻzi forschadan oʻzlashgan. Asliyatda chapandoz shaklida boʻlgan va chap qoʻl bilan oʻq otuvchi; chapdast; mohir maʼnolarini ifodalagan. U oʻzbek tilida ot choptirish, uloq chopish, otda oʻynash sanʼatini egallagan odam, koʻchma maʼnoda esa ilgʻor, peshqadam mazmuniga ega:

Ikki chavandoz yonma-yon ot yoʻrttirib kelardi. (H. Gʻulom, “Mashʼal”.)

Chavandozning sof oʻzbekcha varianti – chopagʻon. Soʻzlashuvda chovagʻon, chavagʻon shaklida ishlatiladi.

Nega chavandoz soʻzi bunday maʼno oʻzgarishiga uchragan? Menimcha, uning mohirlik, epchillik maʼnosi shunday evrilishga sabab boʻlgan. Asli forscha chapdast soʻzida ham chap qoʻlga ishora bor. Demak, chapaqaylar oʻnaqaylarga nisbatan uddaburon, chaqqon koʻringan.

Oʻzbek tilida chapandozdagi kamon otish mazmuni ham yoʻqolgan. Lekin qadimda bu kasb egalari uchun kamon otish muhim edi. Chunki ot choptirish sanʼatini egallagan kishilar koʻpincha usta jangchi ham boʻlgan.

 

Qoyil va qoyilmaqom

Qoyil soʻzi oʻzbekchada zavqlanib yoki tan berib ofarin oʻqishga, tasanno aytishga arzirli; ofarin, tasanno maʼnolarini bildiradi:

Belim qisib, qovurgʻamni shishirding,

Doʻstim, sening zoʻrligingga qoyilman. (“Alpomish”)

Lekin u asliyatda zavq va tahsin maʼnosiga ega emas. Arabchada qoyil aytuvchi, soʻzlovchi, gapiruvchini yoki hikoya, naql qiluvchini bildiradi. Gapirayotgan yoki biror hikoyani soʻzlab berayotgan boʻlsangiz, demak, qoyilsiz.

Oʻzbekchada soʻzdagi maʼno gapiruvchiga emas, tinglovchiga koʻchgan. Agar qiziqarli, zavq beradigan gaplarni aytsangiz yoki biror ishingiz sabab hayratlantira olsangiz, siz emas, boshqalar qoyil boʻladi, qoyil qoladi.

Oʻzbekchada bu soʻz qatnashgan qoyil qilmoq, qoyil qoldirmoq, qoyil qolmoq, qoyil boʻlmoq, qoyillatmoq, qoyilmaqom kabi soʻz va iboralar ham bor.

 

Mirishkorning ovi

Mirishkor soʻzi oʻz ishining tajribali, mohir ustasi; tajribakor, omilkor kabi maʼnolarga ega va asosan dehqonchilik bilan bogʻliq mazmunda ishlatiladi: mirishkor dehqon, mirishkor bogʻbon. Baʼzan boshqa kasb-hunar egalariga nisbatan ham qoʻllanadi:

Sulton boʻzchi… oʻz hunarining mirishkori hisoblanar edi. (A. Muxtor, “Opa-singillar”.)

Biroq dastlab bu soʻz dehqonchilik, bogʻbonchilik yoki boʻzchilikka umuman aloqador boʻlmagan. Arabcha mir – amir, boshliq va forscha shikor – ov soʻzlaridan yasalgan mirshikor ov boshligʻi, ovni boshqaruvchi, ovga mutasaddi kishi degan maʼnoni anglatgan. Xonlarning ov tashkil qiluvchi mulozimi – mirshikori boʻlgan. U xonning qoʻrigʻi, yaʼni ov xoʻjaligini boshqargan.

Vaqt oʻtib, mirshikor tovush oʻzgarishiga uchragan va mirishkorga aylangan. Bu oʻzgarish shaklgagina emas, maʼnoga ham taʼsir koʻrsatgan. Endi u ovga bogʻliq maʼnoda qoʻllanmaydigan boʻlgan.

 

Kim sipo koʻrinadi?

Sipoh soʻzi forschada qoʻshin, askar maʼnolariga ega. Oʻzbekchada esa saroy amaldori, jangchi, askar, shaxmat donasi kabi maʼnolarda qoʻllanadi. Masalan, Amir Temur va Bobur qoʻshinida otliq askar – sipohiylar xizmat qilgan.

Kamtar, kamsuqum, oddiy, ogʻir-vazmin kabi maʼnolarda qoʻllanadigan sipo soʻzi ana shu sipoh bilan bir soʻz, oxiridagi h tovushi talaffuzda yoʻqolgan xolos.

Xoʻsh, askar, jangchi maʼnosi nega kamtar-kamsuqum yoki ogʻir-vazminga aylanib qoldi? Sipohiylar, yaʼni oddiy askarlar odatda kichik lavozim va unvon egasi boʻladi, birovga rahbarlik qilmaydi. Aksincha, ularga rahbarlik qiladigan, nazoratda tutadiganlar koʻp boʻladi. Sipoh boshliq yoki qoʻmondonning izni, buyrugʻisiz ortiqcha harakat qilmaydi, qilolmaydi. Safda ham qimir etmay, tartib bilan turadi. Yoʻqsa, jazolanishi hech gap emas. Ana shu holat sipoh soʻziga koʻchma maʼno yuklanishiga olib kelgan. Kamtar, ogʻir vazmin maʼnosini olgan sipoh sipo shaklida qoʻllana boshlagan va askarlik maʼnosini butkul yoʻqotgan.

 

Mugʻombirning taʼbiri

Mugʻombir arabchada muabbir shaklida ishlatiladi. Taʼbir soʻzi bilan oʻzakdosh. Asliyatda tushni taʼbir qiluvchi maʼnosini anglatadi. Oʻzbek tiliga yetib kelguncha tovush oʻzgarishlariga uchragan va mugʻombir shakliga kirgan.

Tushni taʼbirlash – qiyin ish. Tush taʼbirining bittasi toʻgʻri chiqsa, kamida oʻntasi xato chiqadi. Taʼbirchilarning soʻzi haqiqatga mos kelavermaganidan ularga ishonch yoʻqolib, nomlariga salbiy maʼno yuqqan boʻlsa ne ajab.

Mugʻombir soʻzi oʻzbekchada aldoqchilik bilan ish koʻruvchi; ayyor, quv maʼnosida qoʻllanadi:

Mirzakarimboy ilonning yogʻini yalagan odam edi… mugʻombir, puxta-pishiq… har ishda ehtiyotkorlikni maʼqul koʻrar edi. (Oybek, “Tanlangan asarlar”.)

 

Gʻurraning evrilishi

Agar gʻurra soʻzi oʻzbekchada ham arabchadagi kabi maʼno ifodalaganda, “Gʻurrangiz yarashib turibdi” degan gapdan birov kulmagan yo ensasini qotirmagan boʻlardi. Chunki u asliyatda otning oq qashqasi; gajak, kokil degan maʼnoni anglatadi. Biroq oʻzbekchada butkul boshqa mazmunda qoʻllanadi. Maʼnosi oʻzgarib ketgan boʻlsa-da, joyi asliyatdagidan koʻp ham oʻzgarmagan – u peshona yoki boshda hosil boʻlgan qattiq shishni anglatadi:

Peshonamni ham gʻurra qildi-ya, ertagacha gʻurra yozilib ketsa goʻrga edi, shu turqu tarovat bilan odamlarga qanday koʻrinaman? (S. Ahmad, “Hukm”.)

 

Sahrodan kelgan yovvoyi

Yovvoyi soʻzi koʻp maʼnoli soʻz, u xonakilashmagan, madaniylashtirilmagan, zararli, oʻzlashtirilmagan, qoʻrqinchli, qoloq, odamovi
kabi maʼnolarni anglatadi. U qadimgi turkiy tilda sahro maʼnosini ifodalagan yaba otidan hosil boʻlgan. Dastlab oʻz-oʻzicha yashaydigan, oʻz-oʻzicha oʻsadigan maʼnosini anglatgan yabayi vaqtlar oʻtib yovvoyiga aylangan, maʼnolari ham kengaygan.

Eski turkiydagi yaba soʻzidan hosil boʻlgan yobon soʻzi oʻzakdagi maʼnoni saqlab qolgan. U dala, dasht maʼnosini bildiradi.

 

Terisini tashlagan tiyin

Tiyin soʻzi bir soʻmning yuzdan biriga teng pulni va shunday qiymatga ega boʻlgan mayda chaqani bildiradi. Izohli lugʻat tiyin soʻzining olmaxon degan maʼnosini ham bergan, lekin bu soʻz qatnashgan misol keltirmagan. Tiyin soʻzi hozirgi tilimizda olmaxon maʼnosida qoʻllanganini uchratmaganman.

Lekin tarixda tiyin jonivor nomini bildirgan. “Devonu lugʻatit turk”da bu soʻz teging shaklida keladi va suvsarlar oilasiga mansub yirtqich hayvon deb izohlanadi. Teging juni qalin, mayin, qora-qoʻngʻir rangli sutemizuvchi jonivor boʻlib, qimmatbaho moʻynasi uchun koʻp ovlanishi natijasida kamayib ketgan. Teging vaqtlar oʻtib teyingga, soʻng teyinga, undan keyin esa tiyinga oʻzgargan.

Oʻzbek tilining etimologik lugʻatiga koʻra, natura bilan savdo qilingan vaqtlarda ayirboshlanadigan narsaning qiymati necha dona olmaxon terisi evaziga almashtirilishi bilan belgilangan, shu asosda teying soʻzining pul maʼnosi yuzaga kelgan. Shunday qilib, tiyin teri maʼnosini tamoman tashlagan.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube