Tasavvur qilish qiyin: bular aslida forscha soʻzlar
Oʻzbek tiliga fors tilidan kirgan soʻzlar juda koʻp. Tilga oʻta singishib ketganidan ular forscha ekanini deyarli bilmaymiz ham. Albatta, etimologiya yoki fors tilidan xabardor kishi ularni oson farqlay oladi. Biroq Yevropa tillari orqali kelgan forscha soʻzlar ham bor. Qiyofasi, mazmuni tamom begonalashib ketgan bunday soʻzlarni hatto til egalari ham tanishi qiyin. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday soʻzlarning baʼzilarini sharhlaydi.
Divan va devon
Divan soʻzi oʻzbekchaga ruschadan oʻzlashgan, ruschaga esa fransuz tilidan kirgan. Fransuzchada kursi, oʻrindiq, yumshoq mebel maʼnosida qoʻllanadi. Fransuzlar bu soʻzni turkchadan olgan. Turk tilida u bir necha maʼnoni anglatgan. Birinchi maʼnosi – sulton aʼyonlari majlisi. Keyingisi – ana shu majlis oʻtkaziladigan, keng va uzun oʻrindiqlari bor xona. Bu xonadagi oʻrindiqlar ham divan soʻzi bilan ifodalangan. Bu soʻzning tamom boshqa maʼnosi ham boʻlgan – u sheʼrlar toʻplamini anglatgan. Turkchaga bu soʻz forschadan oʻzlashgan.
Divan soʻzini izohli lugʻat oʻtirish va yotish uchun moʻljallangan suyanchiqli, ikki chetida dastasi yoki yostiqchasi boʻlgan yumshoq mebel deya taʼriflaydi. Bu soʻz ogʻzaki uslubda baʼzan devon shaklida ham qoʻllanadi.
Soʻzning forschadan bevosita oʻzlashgan shakli – devon Alisher Navoiy asarlarida yuqoridagi kabi maʼnolarda qoʻllangan. U daftar, sheʼrlar toʻplami, davlat mahkamasi, davlat kirim-chiqim ishlari boshligʻi, shoh saroyi kabi turli maʼnolarni ifodalagan. Bu soʻz hozirgi oʻzbek tilida ham shunga oʻxshash maʼnolarda ishlatiladi. Prezident administratsiyasi yaqin tarixda Prezident devoni deb atalardi. Devon Sharq mamlakatlarida davlatning bosh idorasini, ayrim vazirliklarning mahkamalarini, shunday mahkama binosini anglatgan.
Pijama va yaktak-ishton
Pijamaning asli-nasli forschaga borib taqaladi. Poy va joma soʻzlaridan, oyoq uchun kiyim degan maʼnoni anglatadi. Yevropa tillariga hind tilidan oʻtgan. Rus tiliga esa nemis tilidan kirgan.
Dastlab yengil va keng, belda bogʻich bilan tutib turiluvchi ishtonlar shunday atalgan. Poyjoma turkiy xalqlarda ichtoʻn – ishton deb nomlangan.
Pijama Yevropaga XIX asr oxirlarida Hindistondan olib borilgan. Biroq u bu yerda XX asr boshlaridagina shuhrat qozongan. Pijama XX asrning 20-yillarida ayollar garderobiga ham kiritiladi, ammo oʻn besh yillardan soʻnggina ommalashadi.
Hozir pijama asosan uyqu kiyimi sifatida ishlatiladi.
“Shum bola” filmini eslang. Oldinlari issiq kunlarda erkaklar pijamaga juda oʻxshash kiyim – yaktak-ishton kiygan. Bu libos hozir ham nuroniylar orasida urfda.
Kioska va koʻshk
Kioska nimaligini yaxshi bilsangiz kerak. Izohli lugʻat kioska soʻzini savdo-sotiq yoki boshqa maqsadlar uchun moʻljallangan pavilyon; kichik doʻkon deya izohlagan. Ammo koʻpchilik kioska deganda gazeta-jurnal sotadigan kichik doʻkonni tushunadi. Jonli tilda shu maʼnosi ommalashgan.
Kioska soʻzi bizga rus tilidan oʻzlashgan. Rus tiliga esa fransuz yoki nemis tilidan oʻtgan. Fransuzlar bu soʻzni turkchadan qabul qilgan. Turkchaga esa forschadan oʻtgan. Forscha koʻshk oʻzbekchada ham qoʻllanadi. U Navoiy va Bobur asarlarida bezakli bino, qasr maʼnolarida ishlatilgan. Hozirgi tilimizda baland, bahavo qilib solingan yengil imoratni anglatadi va asosan oʻtmishdagi binolarni ifodalaydi.
Forscha koʻshk qadimgi oromiy-suryoniy tillaridagi koʻshka soʻziga borib taqaladi. U minora, saroy maʼnosiga ega boʻlgan.
Soʻzdagi maʼno evrilishini qarang, bir paytlar shohlarning saroyi, boylarning hashamatli imoratlarini ifodalagan soʻz bugun torgina savdo uychasini anglatyapti.
Sarafan va sarupo
Sarafan xotin-qizlarning yengsiz, uzun va keng ust kiyimini bildiradi. Shu sabab ham bu soʻzni ayollar koʻp qoʻllaydi. Sarafan va sizu biz yaxshi biladigan sarpo soʻzlari bir oʻzakdan. Sarafan bizga rus tilidan oʻtgan, rus tiliga esa turkchadan oʻzlashgan. Turk tiliga forschadan kirgan. Sarupo soʻzi forscha sar – bosh, poy – oyoq soʻzlaridan yasalgan. Sarupo – bosh-oyoq kiyim.
Podshohlar xizmati sabab eʼtiborga tushgan kishilarni taqdirlash uchun ularga toʻn kiydirgan, baʼzan bosh-oyoq kiyim hadya etgan. Ana shu bosh-oyoq kiyim sarupo deb atalgan. Keyinchalik har qanday bir sidra kiyim sarupo deyila boshlagan. Vaqtlar oʻtib, soʻzdagi u tovushi tushgan va soʻz sarpoga aylangan. Sarpo hozirgi tilimizda bosh-oyoq kiyim va umuman kiyim-bosh maʼnosiga ega. Jonli tilda bu soʻz asosan toʻy-marosimlar bilan bogʻliq oʻrinlarda ishlatiladi. Masalan, kuyovning toʻy uchun hozirlangan kiyimlari sarpo deyiladi.
Neft va naftalin
Neft soʻzining qaysi tilga oidligi borasida turli qarashlar bor. Baʼzilar uni arabcha desa, baʼzilar forscha deydi. Izohli lugʻat uni forscha soʻz sifatida koʻrsatgan. Bu soʻz neftning oʻzi kabi qadim. U oromiy-suryoniy tillaridagi neft soʻziga borib taqaladi. U esa akkadcha naptu soʻzining oʻzgargan shakli. Naptu akkad tilidagi nabotu – yonmoq, porlamoq feʼlidan yasalgan.
Alisher Navoiy bu soʻzni naft shaklida ishlatadi: otarlar kemaga qorurai naft, yaʼni kemaga shishaga solingan neft otadilar.
Izohli lugʻat neft soʻzini turli yonilgʻilar olinadigan qoʻngʻir yoki qora yogʻsimon qazilma deya taʼriflaydi. “Devonu lugʻatit turk”da neft maʼnosida qora yogʻ soʻzi ishlatilgan. Neft va undan olinadigan yonilgʻilarni yoshi kattalar qora yogʻ deb atashi hozir ham uchrab turadi.
Naftalin oʻtkir hidli, qattiq oq kristall moddadir. U turmushda kuyadori sifatida qoʻllanadi. Bu soʻzning ildizi neft soʻziga borib taqaladi. Bizga rus tilidan oʻzlashgan, rus tiliga esa fransuzchadan kirgan. Fransuzcha naphtaline soʻzining oʻzagi naphta, yaʼni neftdir. Naftalin dastlab neftdan olingan xushboʻy modda maʼnosini anglatgan.
Shaxmat va shashka
Shaxmat soʻzi oʻzbekchaga ruschadan oʻzlashgan, ruschaga esa forschadan kirgan. Bu soʻz forscha shoh
– sulton, podshoh va arabcha mot – oʻlim, oʻlish, yengilish soʻzlaridan yasalgan. Soʻzma-soʻz shoh oʻlimi demakdir. Chunki shaxmat oʻyinida shoh raqib donasi hujumidan himoya topolmay qoladi, yengiladi.
Shashka ham ruschadan olingan. Baʼzi rus etimologlari uni shohning xotini maʼnosida sharhlasa, baʼzilari shoh soʻziga ruscha kichraytirish-erkalash qoʻshimchasi -ka qoʻshilib yasalgan va kichik shaxmat maʼnosida qoʻllangan deb hisoblaydi. Ayrim manbalar bu soʻz polyakcha szachyga borib taqalishini aytadi. Bu soʻz polyakchada shaxmatni bildiradi.
Jasmin va yosuman
Jasmin yoki Jasmina degan ismni eshitgan boʻlsangiz kerak. Uni bugun oʻzbeklar ham qizlariga ism qilib qoʻyyapti. Jasmina ismidagi oxirgi -a xuddi Imona ismidagi kabi xato qoʻshilgan. Chunki soʻzning bunday shakli yoʻq.
Jasmin forscha yosuman soʻzining Yevropa tillaridagi koʻrinishidir. Menimcha, bu ism bizga rus, tatar, qozoq kabi tillar taʼsirida kirgan. Rus tilida bu soʻz dastlab yasmin shaklida qoʻllangan, XVIII asr oxirlaridan hozirgi koʻrinishi ommalashgan.
Oʻzbek tilida bu soʻzning bevosita fors tilidan oʻzlashgan variantlari ham bor: yasmin, yosmin va yosuman. U xushboʻy, oq, sariq, moviy toʻp gulli manzarali butadir. Yosuman shakli koʻchma maʼnoda hiylagar, makkor ayolni anglatadi. Shu nomdagi qahramon afsona, ertak va dostonlarda jodugar va hiylagar kampir obrazini gavdalantiradi. Masalan, Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi Yosuman yengilmas Farhodni hiyla bilan hushdan ketkazib, Xisrav huzuriga keltiradi.
Bronza va birinj
Bronza misning qalay, alyuminiy, kremniy, berilliy, qoʻrgʻoshin elementlari bilan qotishmasidir. Bu soʻz juda koʻp Yevropa tillarida uchraydi. U bizga ruschadan oʻzlashgan, ruschaga esa fransuzchadan. Koʻpchilik olimlarning fikricha, bu soʻzning asosi forscha birinj – misdir.
Birinj shakli oʻzbekchada oʻzgarishsiz ham qoʻllanadi. Lekin u asosan badiiy asarlarda ishlatiladi:
[Haykalni]… atayin qolip yasatib, atay birinjdan quyganidan keyin… izidan biror iltimosi boʻlmogʻi ham tayin-da axir. (M. M. Doʻst, “Lolazor”.)
Birinj Navoiy asarlarida ham bronza maʼnosida ishlatilgan.
Limon va limu
Limon soʻzi dunyoning juda koʻp tillarida uchraydi. Sitrus mevani ifodalovchi bu soʻz Yevropa tillariga arab tili orqali yetib borgan. Asli forscha. Izohli lugʻat bu soʻzni asosan janubiy mamlakatlarda oʻsadigan doimo yashil subtropik oʻsimlik va uning tuxumsimon sariq nordon xushboʻy mevasi deya taʼriflagan. Limon oxirgi 20–25-yil ichida Oʻzbekistonda ham koʻp yetishtiriladigan mevaga aylandi.
Bu meva nomi Alisher Navoiy va Bobur asarlarida limu va lemu shakllarida uchraydi. “Boburnoma”da limonga shunday taʼrif beriladi: Yana limudur, bisyor boʻladur, ulugʻlugʻi yumurtqacha boʻlgʻay, yumurtqa andomliqtur.
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.