Kimning xayoliga kelibdi deysiz: Gibraltar, Sidney, Antaliya – asli odamlarning ismi boʻlgan joy nomlari
Kishilarning ismlari gohida narsa-buyumlarning, joylarning nomlariga aylanadi. Bu baʼzan buyruq yoki maxsus farmon bilan amalga oshsa, baʼzan tabiiy tarzda kechadi. Dunyoda asli kishilarning oti boʻlgan, keyinchalik toponimga aylangan soʻzlar talaygina. Ular orasida biz yaxshi biladigan, oʻqigan-eshitgan mamlakatlar, shaharlar, daryoyu koʻllar bor. Joy nomlari tarixi bilan maxsus qiziqmagan kishi ular bir zamonlar odamlarning ismi boʻlganini xayoliga ham keltirmaydi. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday soʻzlarning baʼzilarini sharhlaydi.
Gibraltar – Toriq togʻi
Gibraltar – Buyuk Britaniyaning Pireney yarimorolidagi hududi. Shu nomdagi boʻgʻoz va qoya ham bor. Bu nomning kelib chiqishi arab lashkarboshisi Toriq ibn Ziyod nomi bilan bogʻliq. U 711-yili qoʻshin bilan boʻgʻozdan oʻtib, sohildagi qoyaga istehkom qurgan. Bu istehkom sarkarda nomi bilan Jabal ut-Toriq, yaʼni Toriq togʻi nomini olgan. Vaqt oʻtishi bilan bu nom istehkom joylashgan qoyaga, soʻng butun hududga nisbatan ishlatila boshlagan. U Yevropa tillariga, jumladan, ispan va ingliz tillariga Gibraltar shaklida oʻzlashgan. Uni inglizlar Jibraltar, ispanlar esa Hibraltar deb oʻqiydi. Oʻzbek tiliga rus tili orqali Gibraltar koʻrinishida kirib kelgan.
Gibraltar Oʻrta dengizni Atlantika okeani bilan bogʻlovchi muhim strategik nuqtada joylashgan. Unga egalik masalasida Ispaniya ham daʼvogarlik qilib turadi. Hududda rasmiy til – ingliz tili. Soʻzlashuvda yanito tili ishlatiladi. U ispan tilining andalus lahjasiga yaqin, ingliz tilidan kuchli taʼsirlangan, lugʻatida italyan, malta, arab, ibroniy va boshqa tillardan oʻzlashgan soʻzlar koʻp boʻlgan qurama tildir.
“Ismli” shaharlarga boy oʻlka
Avstraliya qitʼasida odamlarning nomi boʻlgan toponimlar tez-tez koʻzga tashlanadi. Oʻlkani yevropaliklar egallagach, yangi shaharlar, qishloqlar, aholi punktlari qurildi. Ularning aksariga mustamlakachilarning taniqli kishilari nomi berildi. Bugun bu joylarning koʻpi yirik shaharlarga aylangan. Jumladan, Avstraliyadagi Sidney, Melburn, Brisben, Adelaida, Hobart, Basselton, Banberi, Albani, Taunsvil kabi joy nomlari aslida kishilarning ismi boʻlgan.
Sidney – Avstraliyaning eng katta va eng qadimiy shahri. Unga 1788-yili Angliya Qirollik floti admirali Artur Fillip asos solgan. Bu yevropalik istilochilarning qitʼadagi
ilk makoni, qoʻnimgohi edi. Shahar lord Sidney nomi bilan ataldi. U Buyuk Britaniyaning mustamlakalar vaziri boʻlgan.
Melburn – kattaligi boʻyicha Avstraliyaning ikkinchi shahri, Viktoriya shtati poytaxti. Mamlakatning tijorat, sanoat va madaniyat markazlaridan biri. Jahonning eng janubiy nuqtada joylashgan millioner shahri. Shahar hududi 1835-yildan egallana boshlagan. U Yarra daryosi boʻyida joylashgan, qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan aholi yashash joyi edi. 1837-yili shtat gubernatori shaharning bosh rejasini tasdiqladi. Shu yil oxirida unga Buyuk Britaniya bosh vaziri, Melburn 2-vikonti Uilyam Lamb sharafiga Melburn deb nom berildi.
Adelaida – Avstraliyaning yirik shaharlaridan biri. Shaharga 1836-yili asos solingan va unga Buyuk Britaniyani 1830–1836-yillari boshqargan Uilyam IV ning xotini qirolicha Adelaida nomi berilgan.
Barselona – qoʻmondon shahri
Barselona nomining paydo boʻlishi haqida turli qarashlar bor. Bir taxminga koʻra, u qadimgi iber tilidagi Baŕkeno soʻziga borib taqaladi va qalʼa, qoʻrgʻon maʼnosiga ega.
Qadimiyroq manbalarga koʻra esa, shahar karfagenlik qoʻmondon Hamilqor Barqo (miloddan oldingi 270–229-yillar) sharafiga nomlangan. Taxminlarga qaraganda, sarkarda miloddan oldingi III asrda ushbu shaharga asos solgan. Barqo laqabi finikiy tilidagi baraq, yaʼni chaqmoq soʻziga borib taqaladi. Bu soʻz bilan oʻzagi bir boʻlgan arabcha barq oʻzbek tiliga ham oʻzlashgan. U tilimizda yashin, chaqmoq, yolqin, alanga maʼnolarida qoʻllanadi.
Biroq shahar karfagenliklarga qarashli boʻlgani yoki shaharning qadimda ishlatilgan Barsino nomi Barqalar sulolasiga aloqadorligi haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Shahar oʻrta asrlarda Barchinona, Barsalona, Barchelona va Barchenona kabi nomlar bilan atalgan.
Barselona shahri nomini Barsa shaklida yanglish qisqartirish urf boʻlgan. Aslida bunday qisqartirish shaharning dunyoga mashhur futbol klubi – “Barselona”ga tegishli xolos. Mahalliy aholi shahar nomini qisqartirganda Barna deb ataydi.
Izmir va amazonkalar
Izmir Turkiyaning eng yirik shaharlaridan biri. U aholi soni boʻyicha mamlakatda uchinchi oʻrinda. Antik davrlarda Izmir hududida yunonlarning Smirna shahri joylashgan. Shaharning nomi ana shu Smirnaning oʻzgargan shaklidir. Shahar nomi oʻrta asrlarda Smira, Zmirra, Esmira, Ismira, Samorna, Smurna kabi shakllarda talaffuz qilingan.
Shahar nomining paydo boʻlishi haqida aniq maʼlumotlar yoʻq, lekin turli afsona va rivoyatlar bor. Tadqiqotlarga koʻra, smirna soʻzi yunoncha emas, Egey hududidagi boshqa joy nomlari kabi onadoʻli tillariga oid. Miloddan oldingi 2000-yillarga oid matnlarda shahar Tismirna deb tilga olingan. Vaqtlar oʻtishi bilan “Ti” qismi qisqarishga uchragan.
Bir rivoyatga koʻra, hozirgi Izmir hududida yashagan erektidlar amazonkalar bilan jang qiladi va yengadi. Ularning boshligʻi Tes amazon ayol Smirnaga uylanadi va hududga uning nomini beradi. Boshqa bir taxminga koʻra, shaharga Kipr qiroli Kinirasning qizi Smirna nomi berilgan.
Tarixiy Smirna qoldiqlari hozir shaharning Koʻnak tumani hududida joylashgan va arxeologik yodgorlik sanaladi.
Antaliya – nomi ham, oʻzi ham koʻhna shahar
Turkiyadagi bu kurort shahar dunyoga mashhur. Uning tarixi miloddan oldingi davrlarga borib taqaladi. Tadqiqotlar hozirgi Antaliya viloyati hududida juda qadim zamonlarda, jumladan, tosh va bronza davrlarida ham odamlar yashaganini koʻrsatadi.
Mintaqa Pergamon qirolligi qoʻliga oʻtgach, uni faol oʻzlashtirish boshlanadi. Miloddan oldingi 159-yili Pergamon qiroli Attala II buyrugʻi bilan Attaliya shahriga asos solinadi. Shahar nomi arab manbalarida Antaliya, turk manbalarida Adaliya nomi bilan tilga olingan. XX asrning birinchi choragidan boshlab shahar Antaliya deb atala boshlagan.
Pensilvaniya – oʻrmonlar oʻlkasi
Amerikada ham xuddi Avstraliyada boʻlgani kabi juda koʻp joylarga kishilarning ismi berilgan. 1681-yili Angliya qiroli Charlz II yosh ruhoniy Uilyam Penga Delaver daryosining gʻarbidagi juda katta hududni beradi. Pen 1682-yili bu hududda Pensilvaniya koloniyasi va uning poytaxti Filadelfiyaga asos soladi.
Uilyam dastlab bu hududga Yangi Uels nomini berishni taklif etadi, lekin bu nom eʼtirozlarga sabab boʻladi. Soʻng u Silvaniya nomini taklif qiladi. Bu soʻz lotincha silva – bogʻ soʻzidan yasalgan edi. Oxir-oqibat qirol bu hududni Pensilvaniya deb atashga qaror qiladi. Lotincha Penn Sylvania soʻzma-soʻz Penning bogʻi degan maʼnoni beradi. Hududning nomi Qirollik floti admirali, Uilyam Penning otasi katta Pen sharafiga nomlanadi.
Dastlab kichik Pen bu nomdan xijolat tortadi. Chunki odamlar u haqda yanglish xayolga borishi, hududni oʻz nomi bilan atab oldi deb oʻylashi mumkin edi. Biroq qirol joy nomini oʻzgartirmaydi va Pensilvaniya keyinchalik AQSH tarkibida alohida shtat nomiga aylanadi.
Sietl – hindular sardori
Hozirgi Sietl oʻrnida yevropaliklarning ilk qoʻnimgohi 1851-yili barpo etiladi. Bu maskanni taniqli davlat arbobi Artur Dennining safdoshlari quradi va unga “Nyu York Alki” deb nom beradilar. Alki chunuk qabilasi tilida tez orada, qachondir degan maʼnoni anglatgan.
1852-yili qoʻnimgoh Elliot koʻrfazining sharqiy qirgʻogʻiga koʻchiriladi. Doktor Devid Meynard qoʻnimgohni sukvomish va duvomish hindu qabilalari sardori Sietl sharafiga atashni taklif qiladi. Sietl oqtanlilar bilan murosa qilish tarafdori boʻlib, qabiladoshlari orasida ham, oqtanlilar orasida ham obroʻ-eʼtibor qozongan edi.
Amerikada boshqa bir qancha joylar va muassasalar ham Sietl sharafiga nomlangan.
Buxarest – Bukurning shahri
Buxarest – Ruminiya poytaxti. Unda ikki millionga yaqin aholi yashaydi. Shahar oʻrta asrlar lotin manbalarida Cetatia Dambovitci, yaʼni Dambovitsa shahri sifatida tilga olinadi. Dambovitsa – daryoning nomi. Demak, shaharni ham daryo nomi bilan atashgan.
Maʼlumotlarga koʻra, shahar nomi 1459-yildan rumincha București shaklida tilga olina boshlagan. Bunda Bukur kishi nomini, -eshti qoʻshimchasi esa tegishlilikni bildirgan. Bukureshti – Bukurga tegishli joy, Bukurning shahri degani. Bukur ismi Ruminiyadagi boshqa joy nomlarida ham uchraydi. Bu soʻz alban tilida yoqimli, chiroyli maʼnolarini bildiradi.
Bir afsonaga koʻra, shaharga XV asrda Bukur ismli choʻpon asos solgan. Biroq bu haqiqatga mos emas. Chunki Buxarest shahri undan oldin ham bor boʻlgan.
Saragosa va imperator Avgust
Bir qaraganda, Ispaniyadagi Saragosa shahri va Rim imperiyasi asoschisi Oktavian Avgust oʻrtasida bogʻliqlik topish mushkul. Biroq shahar tarixi bilan qiziqqan kishi ular bir-biriga chambarchas bogʻliq ekaniga amin boʻladi.
Saragosa shahriga miloddan oldingi 24 yilda rimliklar asos soladi va unga Colonia Caesaraugusta – Imperator Avgust koloniyasi deb nom beradi. Shahar arab xalifaligi tarkibida boʻlgan paytlarda Caesaraugusta nomi Sarakustaga aylanadi.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, Caesaraugusta iborasi caesar va augusta soʻzlaridan hosil boʻlgan. Birinchi qismdagi caesardan sezar soʻzi hosil boʻlgan. Oʻzbek tilida faol ishlatiladigan qaysar soʻzining ildizi ham shu soʻzga borib taqalishi haqida oldinroq yozgan edim.
Mavrikiy – koʻp ism koʻrgan orol
Mavrikiy – Janubi-sharqiy Afrikadagi orol-davlat. Hind okeanining janubi-gʻarbiy qismida, Madagaskardan taxminan 900 kilometr sharqda joylashgan. Boyligi boʻyicha Afrikada ikkinchi, inson rivoji indeksi boʻyicha esa eng yuqori oʻrinda.
Mamlakat nomini oʻzining eng katta oroli nomidan olgan. Orol X asr arab sayyohlarining esdaliklarida Dina arobi – Kumush orol nomi bilan tilga olinadi.
Kimsasiz bu orolga XVI asrda portugal dengizchilari qadam qoʻyadi va uni kemalaridan birining nomi bilan Sishna, yaʼni oqqush deb ataydi. 1598-yili orolni hollandlar egallaydi va Niderlandiya shahzodasi Mauris Oranj sharafiga Mauritius deb nomlaydi.
1715-yili orol Fransiya qoʻl ostiga oʻtadi va fransuzlar unga Il de Frans – Fransiya oroli deb ot qoʻyadi. 1810-yili orolni buyuk britaniyaliklar bosib olgach, unga Mauritius nomini qaytaradi.
Ha, orol tarixda koʻp nomlarni koʻrgan. Bir qaraganda arabchaga
oʻxshab koʻrinadigan Mavrikiy nomi esa holland qiroli ismining lotincha ifodasidan hosil boʻlgan.
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.