Koʻkdan yogʻilgan nurlar
Men Aʼzam Oʻktamni koʻrmaganman. Lekin koʻrgan-bilganlardan uning feʼl-atvori, qarashlari, gap-soʻzi, hayot va ijoddagi prinsiplari qanday boʻlganini eshitganman. Sheʼrlarini oʻqib tasavvur qilganim ijodkor hayotdagi Aʼzam Oʻktamga juda oʻxshash. Ana shu jihat shoir sheʼriyatiga boʻlgan qiziqishimni yanada orttirdi. Soʻzi oʻziga, oʻzi soʻziga oʻxshaydigan ijodkorni chin yurakdan eʼzozlasang arziydi.
Aʼzam Oʻktam sheʼrlari uygʻoq koʻngil, teran mushohada va sogʻlom vijdon bilan yozilgan. Shoir soʻzlarni tomoshaxonadagi huqqaboz kabi osmonga otib, chirpirak qilib oʻynatmaydi. U sheʼr toʻqimaydi, yozadi:
Shoirmas sheʼrni ming koʻylarga solgan,
Sheʼrni deb ming koʻyga tushganlar shoir.
Muhabbat adabiyotning eng eski va hamisha yangi mavzularidan biri. Faqat shu mavzudagi asarlar yigʻilsa, yuz minglab, milyonlab jildga jo boʻlsa kerak. Har bir adib muhabbat haqida qoʻlidan kelganicha, isteʼdodi va koʻnglining sezuvchanligiga qarab yozaveradi. Aʼzam Oʻktam ijodida ham bu mavzu alohida oʻrin egallaydi.
Farishta bor uning yuzida,
Qarashlari hurkak, osuda.
Men uni hattoki oʻzimdan
Pinhon tutgim keladi juda.
(“Sohiba portreti”)
Shunday qizni uchratganmisiz? Balki u birinchi muhabbatingizdir? Har holda, koʻngil qoʻmsaydigan, mudom izlaydigan munis qiyofa bu.
Qarashlar bir paytning oʻzida hurkak va osuda boʻla oladimi? Qani, xayolingizga keltirib koʻring-chi. Ana oʻsha farishtali qiz, derazadan tashqariga, moviy, tip-tiniq osmonga, olis-olislarga tikilib turibdi. Shirin-shirin oʻy surayotgan bu goʻzalning mana shu sokin nigohi unga yanada chiroy qoʻshib yuboradi. Shu payt dala yoʻldan siz oʻtib qoldingiz. Qizga koʻzingiz tushdi. Tikilib turganingizni sezgan qiz yalt etib qaradi, bir oz turdi-da, pardani tushirib, oʻzini ichkariga oldi. Men kafil, uni yana koʻrgingiz keladi. Shu koʻchadan tez-tez oʻtadigan boʻlib qolasiz, derazaga umid bilan tikilasiz. Balki uni yana uchratarsiz, balki sevib qolarsiz. Menimcha, Otabek bir koʻrishda koʻngil bergan, Qodiriy boboni yum-yum yigʻlatgan Kumushning qarashlari ham shunday “hurkak va osuda” boʻlgan boʻlsa kerak.
Shunday toza, shunday tiniq nigohli qiz yolgʻon soʻzlashi, nojoʻya gap aytishi yo yengilroq boʻlishi tasavvurga umuman sigʻmaydi. Bunday qizning hamma shartlariga koʻnib, qayga desa indamay ketging keladi. Shoir shu qizning qiyofasi, maʼnaviy dunyosini bizga yanada yorqinroq tasvirlab beradi:
Koʻzlar sokin bir qoʻshiq kuylar,
Jimirlashib ketadi tanlar:
“Muhabbatni ermak deb oʻylar
Muhabbatdan tugʻilmaganlar!”
Tasvirdagi qiz huzurida
oʻzingizni bir zum yoʻqotib qoʻyasiz, keyin darrov orqa-oʻngingizni yigʻishtirasiz. Unga malol keladigan, koʻngliga oʻtirmaydigan gap aytishdan choʻchib turasiz. Sevgingizni, hurmatingizni-da istagancha izhor etolmaysiz…
Shoir kimni sevishni, eʼzozlashni bilgani singari ayriliqni qanday tasvirlashni, qanday sogʻinishni ham yaxshi biladi:
U ketdi, ketdi-yu, endi shum oʻylar
Sanchilaveradi qalbga misli oʻq.
Oʻ, endi u mening tushlarimga ham
Istasa kiradi, istamasa yoʻq.
Lirik qahramon: “Meni tashlab ketding, holimni xarob etding, seni sogʻinib undoq boʻldim, bundoq boʻldim”, deb zorlanmaydi. Aybni birovga agʻdarib, oʻzini goʻzal shaklda oqlab dod-voylamaydi. Yor haqiqatan ham ketgan, oh-voh qilish mumkin. Biroq bunga chinakam sevgi yoʻl qoʻymaydi. Shoir: “Hatto tushlarimga ham kirmay qoʻydi”, der ekan yoridan ozor chekkanini, lekin uni haliyam qattiq sevishini, hech boʻlmasa tushlarida koʻrib turishni istashini nozik ifoda etadi. Chindan sevgan odamgina shunday deya oladi, chunki uning qalbida hamisha umid yashaydi.
Aʼzam Oʻktam sheʼrlarining mavzu doirasi ancha keng. U koʻpincha nazardan chetda qoladigan, baʼzida ataylab eʼtibor berilmaydigan holatlarni ham sinchkovlik bilan ilgʻab, qogʻozga tushiradi. Bir sheʼrida bultur bobosining, bu yil momosining oʻlimi xabarini olib kelgan amakisi haqida bolaning oʻy-xayollarini beradi:
Shaharlik amakimga
boqsam koʻzlarim tinar.
Yoʻq, u odammas, jonli,
oyoq-qoʻlli shumxabar.
Shundan beri dahshatga
soladi meni koʻzyosh.
Va faqat oʻlim boʻlsa
keladigan qarindosh.
Baʼzida shunday. Hamma harakatlarimiz, yugurib-yelishlarimiz el koʻzi uchun. Oʻzimizga qolsa, ikki dunyodayam bunday ovoragarchilikka rozi boʻlmaymiz. Qarindosh-urugʻchilik, mehr-oqibat kabi rishtalar ham gohida shunday mezonga asoslanadi. Turli sipogarchiliklar, yasama koʻngilxonliklar bilan oʻzimizni yaxshi koʻrsatmoqchi, elning elak tutib boʻlmaydigan ogʻzidan himoyalanmoqchi boʻlamiz. Boshqalarni aldarmiz, ammo oʻzimizni-chi? Dunyoga murgʻak va pokiza yurak bilan boqayotgan bolalarni-chi? Sheʼr qahramoni – bola amakisini oʻtgan yili koʻrgan, oʻshanda u bobosining oʻlimi xabarini olib kelgandi. Shu bilan yil boʻyi qorasini koʻrsatmadi, biror MARTA yoʻqlamadi. Bugun u yana paydo boʻldi. Bola koʻngli mudhish bir narsani sezadi, shakllanib qolgan idroki esa bu gal ham yomon bir voqea boʻlganini fahmlaydi. Natijada u endi amakisini yaqin qarindoshi, qondoshi deb emas, qaygʻuli xabarlar elchisi sifatida koʻra boshlaydi. Endi bola koʻnglida amakisiga nisbatan iliqlik, mehr muhabbat paydo boʻlishi gumon. Bunday holatdan keyin amaki va jiyan orasidagi muqaddas rishtalar saqlanib qoladimi?
Shoir bu gaplarning birortasini aytgani yoʻq, oʻquvchining oʻzida shunday xulosalar paydo boʻladi va hayoti, turish-turmushi haqida jiddiy oʻylay boshlaydi.
Adabiyotga yaqin har qanday kishiga maʼlum: ijodkor bir dunyo ilmdan tashqari, kundalik turmushni, zamondoshlarining bugungi kuni, ularning oʻy-fikrlari, dardlari, qarashlarini, bir soʻz bilan aytganda, hayotni chuqur bilishi kerak. Biladigan odam qalovini topib yoza oladi, dunyobexabarligi sabab oʻquvchi oldida mulzam boʻlib qolmaydi.
Aʼzam Oʻktam hayotni, ayniqsa, qishloq hayotini juda chuqur biladi. Oʻzi bilgan, oʻzi his qilgan narsani sheʼrxonga sanʼatkorona anglata, sezdira oladi.
Bir-biridan tortinar hamma,
Qalbda qay his qilarkan xuruj.
Yoqar zimdan berilgan hamla –
Doʻstlik istab ochilgan urush.
Boʻynin qisar qimtinib tandir,
Pasayganin his etar devor.
Tomni chertar tun boʻyi yomgʻir,
Sovchi keldi bu uyga ilk bor.
(“Mujda”)
Oʻzbek xonadonidagi holat tasviri bu. Ikkinchi yoki uchinchi qizga sovchi kelganda balki boshqacharoq vaziyat boʻlar, lekin birinchi MARTA sovchi kelgandan keyingi holatni shoir oʻta sezgirlik va kuzatuvchanlik bilan chizib bera olgan. Sovchi kelib-ketdi, hammaning boshida turfa xayol, lekin hech kim lom-mim demaydi, hamma bir-biridan tortinadi. Oilaning har kungi turmushidagi marommi, sokinlikmi – nimadir buzilgan. Har kuni dasturxon atrofida quvnoq kayfiyatda, oʻtgan-ketgandan gaplashib oʻtiradigan kishilar bugun juda zarur boʻlmasa churq etgan tovush ham chiqarmaydi. Dasturxonga ham tezda fotiha oʻqilib, har kim oʻz yumushi bilan ovora boʻladi. Lekin bularning hammasi yaxshilikka. Shoir sovchilikni “tinchlik istab ochilgan urush” deb ataydi. Juda topib aytadi. Dunyoda birorta urush tinchlik niyatida boʻlmagan. Shoir topgan tashbeh mantiqqa teskari va ayni paytda mantiqqa juda mos.
Sovchi kelgan hovli urushda magʻlub boʻlgan mamlakat oʻrnida. Shu bois tandir qimtinib boʻyin qisadi, devor har doimgidan pasayibroq qolganday.
“Tomni chertar tun boʻyi yomgʻir” misrasi ham tasvirni yanada boyitadi, holatni yaqindan his etishga koʻmaklashadi. Shoir nega shu holatni alohida taʼkidlamoqda? Boshqa vaqt yomgʻir yogʻmaydimi, tomni tun boʻyi chertmaydimi? Toʻgʻri, boshqa payt ham yomgʻir yogʻadi, balki tomni bundan qattiqroq chertar. Lekin oʻsha damda unga birov eʼtibor bermaydi. Ilk bor sovchi kelgan uyda esa, koʻziga uyqu kelmay, tuni bilan yomgʻir ovozini eshitib chiqadiganlar albatta topiladi.
Shoir hamma bilgan gapni takrorlamasligi, fikrini joʻn ifodalamasligi kerak. Hech kim tushunmaydigan tilda yozish ham isteʼdoddan darak emas.
Yaxshi ijodkorning oʻziga xos, tortimli, takrorlanmas uslubi boʻladi. Aʼzam Oʻktamning ana shunday oʻz ifoda yoʻsini bor. U tuygʻu va fikrlarini samimiy va ohorli bayon etadi:
Qishlogʻim, boʻl begona
sen motam, nolalarga.
Koʻchang toʻlsin onasi
uygʻotgan bolalarga.
Bu samimiy satrlarni oʻqib, yurtga muhabbatni, ona mehrining iliqligini his etasiz. “Onalar sogʻ-omon boʻlsin, ular har tong bolalarini erkalab uygʻotsin, ana shu bolalar koʻchalarni toʻldirib yursin, doim tinchlik boʻlsin”, deya ezgu tilak bildiradi shoir.
Ota-onaga hurmat axloqdagi eng muhim tushunchalardan biridir. Bu narsa milliy va diniy qadriyatlarimizda ham aksini topgan. Shu negizdan oziqlanadigan Aʼzam Oʻktam sheʼriyatida ham ota-ona mavzusiga bir necha bor murojaat etilgan:
Bor-yoʻgʻimni etdim xayr-ehson,
Kecha-kunduz qildim ibodat.
Oxiratni oʻylab yondi jon,
Ilm istab yugurdim faqat.
Qabul boʻlmas birortasi ham,
Bari ketar shekilli kuyib.
Bugun tongda negadir otam
Qarab qoʻydi norizo boʻlib.
(“Hadik”)
Faqat imoni butun, axloqi yuksak odamgina shunday hadikni his etadi, otasini shu qadar eʼzozlaydi.
Shoir boshqa bir oʻrinda:
Koʻkdan yogʻilgan nurlar,
Otamga duo denglar.
Tunga yem boʻlmagurlar,
Onamga duo denglar,
deya ezgu duoga undaydi. Hadislarda aytilishicha, ota-onaning farzand haqqiga qilgan duosi albatta qabul boʻladi. Ana shunday duolar panohida tinch-omon, sogʻ-salomat yurgan farzandlar ham ota-onalarining haqqiga gʻoyibona duo qilib turishi kerak. Shoir sizu bizni shunga chaqiradi.
Aʼzam Oʻktamning bu kabi misralari shunchaki quruq nasihatgoʻylik shaklida yozilmaydi, hikmatlar chiroyli tashbehlar, timsollar bilan ifodalanadi. Bu esa sheʼrning taʼsir kuchini orttirib, oʻquvchi ruhiyatiga yengil singishini taʼminlaydi.
Aʼzam Oʻktamning hikmatli, ezgulikka undovchi, mulohazaga chorlovchi sheʼrlarini oʻqiysizmi yoki otashin muhabbat haqidagi satrlarini mutolaa qilasizmi, koʻnglingizga bir yorugʻlik inadi, ruhingiz tiniq tortadi. Oʻylamagan yoki oʻylashga eringan narsalaringiz haqida bosh qotira boshlaysiz, oʻzingizga yuzma-yuz turib hisob berasiz. Aslida, chinakam sheʼriyat xuddi shunday boʻladi, qogʻozdagina qolmaydi, yuraklarga koʻchadi – harakatlantiradi, dolgʻalatadi, xotirjamlik beradi…
Orif Tolib
2011-yil dekabr
(“Maʼrifat” gazetasining 2012-yil 25-iyul sonida chop etilgan.)