Sogʻinch qoʻshiqlari

Sogʻinch qoʻshiqlari

Isteʼdodli shoir Ravshan Fayzning “Kel, ey koʻnglim” kitobi qoʻlimga tushgungacha, rosti, uni “Koʻnglimga orzular solgan qishlogʻim” qoʻshigʻi muallifi sifatidagina bilardim. Kitobni oʻqib, ohorli, samimiy va oʻziga xos sheʼriyat bilan tanishdim.

Ravshan Fayz sheʼriyatida bolalarcha soddalik va tozakoʻngillik, kuchli va chinakam sogʻinch suvrati bor. Qishloq, oddiy odamlar va tabiat manzaralarida shoirona oʻtkir nigoh sezilib turadi. Shoir qadrdon xotiralarini entikib-entikib eslaydi, ularga erka bir ifoda topadi va ana shu kayfiyat sizga ham koʻchib oʻtadi. “Qishloq sogʻinchi” deb nomlangan sheʼrning yakuniga bir eʼtibor bering-a:

 

Turib-turib keladi koʻrgim,

Sen-chi, sen ham sado bergin,

hoy,

Bilinarmi hali ham oʻrnim,

Ogʻriydimi men yulingan joy?!

 

Bu tarzda ifodalangan sogʻinch oʻquvchiga malol kelmaydi, aksincha, yurak-yuragiga singadi. Tuygʻu qanchalik haqqoniy, qanchalik tabiiy boʻlmasin, agar munosib ifoda topolmasangiz, boshqalarni bunga ishontirib boʻlmaydi.

Tabiat – betakror sheʼriyat, oʻxshashi yoʻq sanʼat. Uning uygʻonishi, yashnashi va hatto zavoli ham goʻzal. Shoir goʻzallikdan zavqlanadi, koʻngli toʻlib-toshadi. Biroq shoir tabiat manzaralarini qogʻozga tushirar ekan, suvratkashlik qilmaydi, balki ana shu chizgilarga fikru xayollari, qarashlarini ham singdirib yuboradi:

 

Jeztirnoq shamollar bilmay aslo tin,

Jami tiriklikning ustidan kuldi.

Soʻng munis egachim – majnuntollarning

Maʼyus sochlarini bittalab yuldi.

 

Shoir majnuntollarni “munis egachim” deb ataydi. Shamol esa ularning sochlarini bittalab yuladi. Bu ramziy misralar umr oʻtkinchiligi, hayotning adolatsiz oʻyinlari oldida inson koʻpincha ojiz qolajagi haqida eslatadi, kishida shunday kayfiyat uygʻotadi. Lekin toʻrtlikni oddiy kuzgi tabiat tasviri deb ham qabul qilish mumkin. Ramzning afzalligi shunda – fikrni qavatlab aytish mumkin.

Gohida kattaroq mashaqqatlarni, hatto musibatlarni ham yaxshi odamlarning koʻmagi, yaqinlarimizning daldasi sabab oson yengib oʻtamiz. Biroq oʻzingdan boshqa hech kim anglab yetolmaydigan dardlar, birovga aytilmaydigan sirlar ham boʻladi. Ularni arzi hol qilishdan, kimgadir koʻngil yorishdan naf yoʻq. Koʻrgan-bilganlar seni soppa-sogʻ, xotirjam deb oʻylaydi, havas bilan qaraydi. Biroq…

 

Oʻzingdan oʻtgani oʻzingga ayon,

Hech kimga koʻrinmas dilning kuyigi.

 

Sevgi toʻgʻrisida ilhom bilan, chin koʻngildan yozilgan sheʼr istarasi issiq qizga oʻxshaydi. Turli yasan-tusanlarsiz ham sizni maftun etaveradi. Toʻqilgan sheʼrlar esa yasama soʻz oʻyinlari, sheʼr sanʼatlariga qanchalik boy boʻlmasin, oʻquvchiga singmaydi, koʻnglini ololmaydi.

Shoirning xalq dostonlari yoʻlida, baxshilar aytishuvi shaklida bitilgan “Oybaland” asari ham eʼtiborga molik. Nasr qismi ham, nazm qismi ham ravonligi, ohangdorligi bilan kishini oʻziga tortadi:

 

Sehrini toptirmay sil qilar sozim,

Ichimni kuydirib oqar ovozim –

Bahorim oʻtmasdan keldimi yozim,

Menga ne boʻldi, doʻst, menga ne boʻldi.

 

Sevib qolgan baxshining soʻzlari bu. Eʼtibor bering-a: “Ichimni kuydirib oqar ovozim”. Muhabbat shunday: koʻngilda toʻsatdan gulxan yoqadi, birdan iztirobga soladi, dovdiratadi va baxtiyor etadi.

Garchi doston anʼanaviy usulda yozilgan boʻlsa-da, kutilmagan shaklda yakunlanadi. Bola baxshi va Oybaland ertaklardagiday “murod-maqsadiga yetib”, baxtli-taxtli boʻlib ketmaydi. Ularning orasiga bir umrlik hijron tushadi, har kim boshqaning qoʻlini tutadi. Bu tarzdagi yakun ham asarning salmogʻini oshiradi. Shafqatsiz yechim oʻquvchini oʻyga toldiradi, achchiq haqiqatga yuzma-yuz qiladi.

Favqulodda fikr yoki obraz misralarga goʻyo “jon bagʻishlab yuboradi”. Bunday yashovchan satrlar Ravshan Fayz ijodida koʻp uchraydi. “Sevgi” deb atalgan sheʼrni olaylik.

 

Qoyadagi gul eding, jonim,

Uzmoq boʻldim – qoʻlim yetmadi,

 

deb afsuslanadi sheʼr qahramoni. Sevgilisiga yetishishning iloji yoʻq, shu bois yonib-kuyadi, majnun boʻlib kuylaydi, biroq undan voz kechib ketishning-da imkoni yoʻq. Shunda sevgi ramzi – gul qoyadan pastga – bogʻga tushadi. Oshiq unga yetishadi:

 

Hansirab, hapqirib koʻksimga bosib,

Hayotning eng nozik hislarin tuydim.

Soʻng yigʻlab yubordim kaftimni ochib –

Seni mehrim bilan oʻldirib qoʻydim.

 

Shoir hamma koʻrib yurgan, tilining uchida turgan, ammo aytolmagan gapni topadi: hatto mehr ham sevgining soʻnishiga sabab boʻlishi mumkin. Bu fikrni goʻzal hayotiy misol bilan tasvirlaydi. Shoirning ustaligi, kashfiyotchiligi shunda.

Sheʼr oʻqishdan maqsad maʼnaviy-ruhiy ozuqa olish. Oʻxshatish sheʼrning ozuqa quvvatini (kaloriyasini) oshiradigan, unga shira, tot beradigan masalliqdir. Chiroyli oʻxshatish topgan va uni joyida ishlata olgan shoirning esa oshigʻi olchi. “Sovchi” sheʼrida sevgan qizining uyiga sovchi kelganini koʻrgan yigitning ahvoli chiroyli tashbehlar bilan chizib beriladi:

 

Koʻzlarim kuydirib-ey, koʻzlarimning oʻngida

Boyligim, bisotimga oʻgʻri tushdi, yov tushdi.

 

Qafasdagi sher misol oʻtiribman moʻltirab,

Oʻtolmayman sen tomon – oʻrtamizga gʻov tushdi.

 

Boyligiga oʻgʻri tushgan va bundan xabar topgan har qanday tirik va es-hushi joyida boʻlgan odam baqir-chaqir qilib boshqalarni yordamga chaqiradi. Sheʼr qahramoni esa mum tishlaydi, gapirmaydi, gapirolmaydi. Tushunchalar ziddiyatiga qurilgan tashbeh yigitning ruhiy holatini yaqindan his qilishga yordam beradi. Ojizlikni eng kuchli, eng yirtqich, lekin qafasda moʻltirab oʻtirgan sher timsolida berish ham juda oʻrinli.

Ravshan Fayz ijodi manzarali, hissiy-ishqiy mavzudagi asarlardangina iborat emas. Turli falsafiy kuzatishlar, olam va odam haqidagi oʻylar, bolalarbop mavzularga ham shoir alohida eʼtibor bergan. Uning sheʼrlaridagi umumiy ruh biroz hazindek tuyuladi. Aslida, bu sheʼriyatga xos xususiyat. Ijodkor dunyoni oʻzi istaganidek, tasavvur etganidek koʻrishni xohlaydi. Hayot haqiqati orzulariga ters kelganida esa qaygʻuga botadi, iztirob chekadi va bu oʻz-oʻzidan qogʻozga ham koʻchadi.

Shu oʻrinda ijoddagi yana bir jihatga ham eʼtibor berish zarur. Taʼbi nazmi bor, soʻzni tushunadigan kishilarning koʻpligi yaxshi, biroq haqiqiy shoirlar kamyob boʻladi. Toʻrtta soʻzni qofiya qilish yoki shuni ham eplolmay randa tegmagan misralarni yozish koʻpchilikning qoʻlidan keladi. Ammo isteʼdod boshqa, soʻzni, uning masʼuliyatini his etish, shoirlikka jiddiy yondashish tamoman boʻlak narsa:

 

Oʻzimni qiynadim, yurakni siqdim,

Soʻng togʻni mengardim, devorni yiqdim –

Oʻlsam ham soʻzimning ustidan chiqdim.

Nimaiki qilsam qildim-u, lekin

Soʻzimga xiyonat qilmadim faqat.

 

Soʻziga xiyonat qilmagan ijodkor asarlarini qayta-qayta oʻqish kerak. Mana, tagʻin “Kel, ey koʻnglim” kitobini qoʻlimga olaman, qadrdon boʻlib qolgan sheʼr yoki misralarni oʻqib turaman. Goʻyo shoir bilan yuzma-yuz suhbat qurgandek boʻlaman. Yaxshi sheʼr muallifidan uzoqroq umr koʻradi. Ravshan Fayz ijodida bunday sheʼrlar anchagina.

 

Orif Tolib

 

2012-yil yanvar

 


(“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining 2012-yil 10-avgust sonida chop etilgan.)


Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.