Koʻy va kuy: farqi nimada?
Baʼzan shu ikki soʻz bir-birining oʻrnida ham qoʻllanadi. Shu toʻgʻrimi? Toʻgʻri ham, xato ham. Hammasi maʼnoga bogʻliq.
Koʻy soʻzi forschadan kirgan, asliyatda koʻcha, yoʻl; qishloq, mahalla maʼnolarini ifodalaydi. Oʻzbek tilida ikki xil mazmunda ishlatiladi:
1️⃣ Koʻcha; yoʻl. Lekin bu maʼnoda qoʻllash hozir eskirgan:
Yusufbek hoji to Eskijoʻvaga yetguncha oʻzining yuqoridagi soʻzini koʻy, guzar xalqiga takrorlab kelmoqda edi.
A. Qodiriy, “Oʻtgan kunlar”.
2️⃣ Biror narsa dardi, savdosi, harakati. Bu maʼnoda asosan koʻyiga, koʻyida shaklida ishlatiladi:
Nimaning koʻyida yuribsiz?
Doʻsmat tirikchilik koʻyiga tushdi.
P. Tursun, “Oʻqituvchi”.
3️⃣ Ahvolda, holatda. Bunda biror aniqlovchi soʻz bilan birga keladi va koʻyi shaklida ishlatiladi:
Elmurod shu koʻyi yana birmuncha yurgach, toʻxtadi-da, yoʻl chetidagi bir toshga oʻtirdi.
P. Tursun, “Oʻqituvchi”.
Domla Niyoz turgan koʻyi yorliqni oʻqidi.
A. Qodiriy, “Mehrobdan chayon”.
Xoʻsh, kuy soʻzini koʻy soʻzi oʻrnida ishlatish qachon toʻgʻriyu qachon xato? Koʻy soʻzining ikkinchi va uchinchi maʼnolarida kuy soʻzini qoʻllash mumkin.
❗️
Lekin birinchi maʼnosida ishlatib boʻlmaydi.
Aslida, yuqoridagi ikki maʼnoda ham koʻy soʻzidan foydalangan afzal, lekin talaffuz varianti sifatida kuy ham izohli lugʻatga kirgan:
Oʻn qadoq joʻxori tufayli shu kuyga tushaman, deb Avaz sira oʻylamagan edi.
S. Siyoyev, “Avaz”.
👉 Ahvol, holat soʻzlariga sinonim: oʻn qadoq joʻxori tufayli shu ahvolga tushaman, deb Avaz sira oʻylamagan edi.
Yor kuyida ado boʻldim.
“Murodxon”.
👉 Bu misolda musiqa nazarda tutilmayapti: yor savdosida (ishqida) ado boʻldim.
❗️ Qaytaraman: yozganda ham, tahrir qilganda ham yuqoridagi maʼnolarda koʻy soʻzini ishlatgan yaxshi. Soʻzning asli shu. Uning oʻrniga kuyni qoʻllasangiz, izohli lugʻatga qaramagan odam sizni savodsiz yoki soʻz qoʻllashni bilmaydi deb oʻylashi mumkin. Hammaga bittama-bitta: “Izohli lugʻatga talaffuz varianti ham kiritilgan, bu xato emas”, deb chiqa olmaysiz-ku.
📌 Demak:
Shahardagi koʻy va guzarlarni kezdi, shu koʻyga tushdi, oʻtirgan koʻyi pinakka ketdi, shu koʻyi ketaverdi, shu kuyga tushdi, oʻtirgan kuyi pinakka ketdi, shu kuyi ketaverdi ✅
Shahardagi kuy va guzarlarni kezdi, ajoyib koʻy eshitildi, yoqimli koʻy ovozi ❌
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.