Kuvaytda Islom

Kuvaytda Islom
Kuvayt. “Masjidul Kabir”

Kuvaytda Islom davlat dinidir. Islom dini Arabiston yarimorolidan butun dunyoga yoyildi, yarimorol shimol-sharqidagi bugungi Kuvayt hududlarida yashagan xalqlar ham VII asrdayoq hidoyat baxtiga erishdi. Hozir toʻrt yarim milliondan ortiq aholining deyarli barchasi musulmonlardan iborat. Ularning aksariyati – sunniylar. Oz miqdorda boshqa din vakillari ham bor. Eʼtiqod erkinligi qonun bilan mustahkamlangan.

Mamlakatda 1500 ga yaqin masjid bor. Poytaxt Al-Kuvaytdagi “Masjidul Kabir” jomesi mamlakatdagi eng katta masjiddir. Qirq besh ming kvadrat metr maydonni egallagan majmua masjid binosi, namozgoh, kutubxona va boshqa binolarni oʻz ichiga oladi. Masjid devorlariga asmoul husna – Allohning toʻqson toʻqqiz ismi naqsh qilingan. Masjid oʻn mingdan ortiq musulmonni sigʻdira oladi, ayollarga moʻljallangan toʻqqiz yuz ellik kishilik alohida zali ham bor. “Masjidul Kabir” qurilishi 1979-yili boshlanib, 1986-yili tugallangan va shavvol oyining birinchi sanasi – Ramazon hayiti kuni ochilgan.

Kuvaytdagi eng qadimiy masjidlardan biri “Ibn Bahr” jomesidir. U 1670-yili qurib bitkazilgan. Unga Shayx Ibrohim ibn Abdulloh Bahr asos solgan. Masjid 1745 va 1858-yillari taʼmirlangan, 1956 va 2000-yillari esa rekonstruksiya qilingan.

 

Orifjon Madvaliyev

tayyorladi.

 

“Islom nuri” gazetasining 2019-yil 17-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube