Loʻttiboz: “loʻtti” nima?
Loʻttiboz soʻzi arabcha va forscha soʻzlar birikmasidan hosil boʻlgan. Birinchi qismidagi lutiy soʻzi Lut alayhissalomga tegishli degan maʼnoni anglatadi. Lut alayhissalom haqida gap ketganda esa turli axloqsiz ishlari tufayli baloga yoʻliqqan qavm eslanadi. Bu oʻrinda lutiy soʻzi turli yaramas ishlar bilan shugʻullanuvchi kishini bildiradi.
Boz soʻzi fors tilida oʻynovchi; axloqsiz; shum, ayyor kabi maʼnolarga ega.
Loʻttiboz bir butun soʻz holida oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda ishlatiladi:
1️⃣ Qoʻgʻirchoqlar oʻynatib, oʻyin koʻrsatuvchi; fokuschi. Lekin bu maʼnoda qoʻllash hozir eskirgan.
2️⃣ Koʻchma maʼnoda: firibgar, hiylagar, aldoqchi, nayrangboz.
Shu moʻʼjaz hayotimda koʻrdim goho loʻttiboz,
Koʻrdim goho sheʼrfurush, goho sur, mansabfurush.
A. Oripov.
Oxirgi paytlarda loʻttiboz soʻzini asliyatdagi kabi maʼnoda qoʻllash ham kuzatilyapti.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.