Maldiv Respublikasi

Maldiv Respublikasi

Maydoni: 298 kv. km.

Aholisi: 393 ming kishidan ortiq.

Poytaxti: Male shahri.

Boshqaruv shakli: respublika.

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 20 ta orollar guruhiga boʻlinadi.

Pul birligi: rufiya.

 

Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Janubiy Osiyoda, Hind ummonidagi marjon orollarida joylashgan. Bu orollar Shri-Lankadan taxminan 700 kilometr janubi-gʻarbda. Mamlakat hududi 20 ta halqasimon orollar toʻpidan iborat. Atoll deb nomlanuvchi ushbu toʻporollar 1192 ta mayda marjon orolchadan tashkil topgan.

Orolchalar dengiz sathidan koʻp baland emas. Oʻlkaning eng yuksak nuqtasi Adda orolida – 2, 4 metr.

Iqlimi mussonli subekvatorial. Shimoli-sharqiy musson shamollari taʼsirida noyabrdan martgacha qurgʻoqchilik, janubi-gʻarbiy musson shamollari taʼsirida esa iyundan avgustgacha yogʻingarchilik mavsumi kuzatiladi. Ob-havo butun yil davomida issiq boʻladi, yillik oʻrtacha harorat 24–30 daraja atrofida. Havo harorati yanvar-fevral oylarida 17 darajadan tushmaydi, aprel-mayda esa 32 darajadan koʻtarilmaydi.

Hayvonot dunyosi boy. Xavfli va zaharli hayvonlar uchramaydi.

Mamlakatning birorta orolida daryo yoki koʻl yoʻq. Ummon suvlarida ucharbaliqlar, tunetslar, yelkanbaliqlar, suvilon va qurbaqalar yashaydi. Sohillarga yaqin joylarda dunyodagi eng yirik baliq – kit akulani uchratish mumkin.

Tarixiy sanalari. Qadim zamonlarda Maldiv orollariga Hindiston va Shri-Lankadan dravid qabilalari koʻchib kelib oʻrnashgan. Milodiy V – VII asrlarda esa bu yerlarni arablar va forslar vatan tutishgan. 1153-yili Islom sultonligi vujudga keldi va Didi sulolasi 1968-yilgacha hukmronlik qildi. Sultonlik 1558-yili portugallarga, XVII asrning ikkinchi yarmidan gollandlarga qaram boʻldi. 1796-yildan Buyuk Britaniya hukmronligi oʻrnatildi, 1887-yil dekabrda uning protektoratiga aylandi. 1965-yil 26-iyulda mamlakat toʻliq mustaqillikka erishdi. 1968-yilgi referendum natijalariga koʻra, respublika deb eʼlon qilindi. Milliy bayrami – 26-iyul – Mustaqillik kuni.

Maldiv 1965-yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi. Oʻzbekiston bilan elchilik munosabatlarini 1994-yil 7-dekabrda oʻrnatgan.

Iqtisodi. Iqtisodiyotining asosini sayyohlarga xizmat koʻrsatish va baliq ovlash tashkil etadi. Kiyim-kechak tikish, hunarmadchilik mahsulotlari va sovgʻa-salomlar ishlab chiqarish, qayiqsozlik, qurilish kabi sohalar rivojlangan. Qishloq xoʻjaligi birmuncha qoloq. Oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy qismi chetdan keltiriladi. Asosan kokos palmasi, shuningdek, sabzavotlar, bananlar va boshqa mevalar yetishtiriladi.

Xorijga baliq (70 foiz) va pochta markalari sotadi. Asosiy xaridorlari – Tailand, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Shri-Lanka.

Nefty mahsulotlari, qayiqlar, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, sanoat va isteʼmol mollari sotib oladi. Asosiy taʼminotchilari – Singapur, Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya, Hindiston va Tailand.

Aholisi. Juda koʻplab orollar oʻzlashtirilmagan. Ikki yuzta oroldagina aholi doimiy yashaydi. Maldiv xalqining 30 foizi mamlakatdagi yagona shahar – Maleda qoʻnim topgan.

Aholining oʻzak qismi Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqdan kelib oʻrnashgan kishilarning avlodlaridir. Poytaxtda hindlar, pokistonliklar, arablar va singallar ham yashaydi.

Rasmiy tili – divehi (maldiv) tili. Unga arab va ingliz tillaridan juda koʻp soʻz oʻzlashgan. XVII asrdan arab-fors yozuviga asoslangan imlo amalda.

Ziyolilarning aksariyati arab va ingliz tillarini biladi.

Dini.
Aholining asosiy qismi musulmonlardan iborat. Mamlakatda Islom dini XII asr oʻrtalaridan yoyila boshlagan. Bugun u Maldivning davlat dinidir.

Aholi yashaydigan barcha katta-kichik orollarda masjidlar faoliyat yuritadi. Poytaxt Maleda oʻttizdan ortiq masjid bor. 1984-yili qurilgan Islom markazidagi Katta masjid nafaqat mamlakatdagi, balki Janubiy Osiyodagi eng yirik masjiddir. U bir vaqtda 5000 dan ortiq namozxonni sigʻdira oladi.

 

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

 

“Hidoyat” jurnalining 2015-yil 6-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube