Manzil qanday yoziladi?
Manzillarni yozishda eng koʻp uchraydigan xato – joy va koʻchalar nomi orasiga vergul qoʻyish. Faqat bir holatda – pochta manzilini berishdagina vergul qoʻyish oʻrinli:
100000. Toshkent sh.,
Hamid Olimjon koʻchasi,
5-uy, 18-xonadon.
Manzilni bu tartibda berish pochta joʻnatmalari, blankalar, shartnomalar va bank hisob-kitoblarida ishlatiladi.
Pochta va telegraf manzili Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligining pochta qoidalari talablariga muvofiq rasmiylashtiriladi, yaʼni aloqa boʻlimi raqami, respublika, oʻlka, viloyat, tuman, shahar, koʻcha, uy yoki ofis raqami qoʻyiladi.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, yuqoridagi misolda pochta indeksidan keyin nuqta qoʻyilgan, boshqa oʻrinlarda esa vergul ishlatilgan. Indeksdan keyin vergul qoʻyish ham mumkin.
Mabodo koʻzingiz tushgan boʻlsa, Yevropa mamlakatlarida bunga teskari usuldan foydalaniladi. Bizda manzil “kattadan kichikka” tamoyili boʻyicha, yaʼni oldin respublika, keyin viloyat, tuman, koʻcha yozilsa, xalqaro joʻnatmalarda “kichikdan kattaga” uslubi amal qiladi – oldin koʻcha, keyin shahar yoki tuman, viloyat, respublika yoziladi. Menimcha, bu shakl bizga sobiq Ittifoqdan meros. “Kattadan kichikka” tartibi Rossiyada 2005-yili bekor qilinib, manzillarni xalqaro standart boʻyicha yozishga oʻtilgan. Biz ham dunyo standartiga moslashib olsak, yaxshi boʻlardi.
Qolgan holatlarda, jumladan, joy va koʻcha nomlari jumla ichida, boshqa soʻz va iboralarga bogʻlanib kelganda vergul ishlatilmaydi. Nomlar “kattadan kichikka” tamoyili asosida beriladi. Masalan:
Men Toshkent shahri Hamid Olimjon koʻchasi 5-uy 18-xonadonda yashayman.
Toshkent shahri Hamid Olimjon koʻchasi 5-uy 18-xonadonda yashovchi fuqaro.
Ogahiy koʻchasi 42-uyda yashovchi K. I. Alimovdan ariza.
Qahramonimiz Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Miraki qishlogʻida tugʻilgan.
Bu kabi oʻrinlarda joy va koʻcha nomlari orasida vergul ishlatish xatodir. Nega? Chunki bu jumla va birikmalar tarkibida koʻrinmas -ning va -dagi qoʻshimchalari bor. Ular gʻalizlikni ketkazish va jumla ravonligini taʼminlash uchun tushirib qoldirilgan:
Men Toshkent shahri[ning] Hamid Olimjon koʻchasi[dagi] 5-uy[dagi] 18-xonadonda yashayman.
Koʻp qavatli uydagi xonadon koʻrsatilganda uydan keyin vergul qoʻyilgan holatlar tez-tez koʻzga tashlanadi. “Davlat tilida ish yuritish” kitobida bunday oʻrinlar vergulli ham, vergulsiz ham berilgan. Menimcha, vergulsiz variant toʻgʻriroq. Gapda zarurat boʻlmasa, tinish belgisini ishlatmagan maʼqul. Tushunarlilikni kamaytiradi.
Hozir jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga javob yozmaydigan tashkilot topilmasa kerak. Xoʻsh, bunda manzillar qanday yoziladi? Yuqoridagi qoʻllanmaga koʻra, hujjatni fuqarolarga joʻnatganda oldin pochta manzili, keyin ismi va otaismi (bosh harflari), familiyasi yoziladi:
100000. Toshkent sh.,
Hamid Olimjon koʻchasi,
5-uy, 18-xonadon.
T. A. Ahmadovga
Garchi qoʻllanmada koʻrsatilmagan boʻlsa-da, boshqa misollarga qarab, qiyos usulida xulosa qilish mumkin: hujjatni oluvchi jismoniy shaxs boʻlsa, xat matni boshidagi yoʻllanma-koʻrsatkichda manzil vergulsiz beriladi:
Toshkent shahri
Hamid Olimjon koʻchasi 11-uy
5-xonadonda yashovchi
T. A. Ahmadovga
Sizning vazirlikka 2021-yil 24-yanvarda yuborgan murojaatingiz oʻrganib chiqildi…
…
Davlat tashkilotlari oʻzaro yozishmalarda koʻpincha kuryer xizmatidan foydalanadi va odatda konvert ustiga manzil yozishmaydi. Tashkilot nomi va mutasaddi shaxs koʻrsatiladi, xolos.
Tashkilot va muassasalarga xat joʻnatatganda manzil konvert ustiga mana bu namunadagi shaklda yoziladi:
Qayerga
Toshkent shahri, 83
Matbuotchilar koʻchasi, 32-uy
Kimga
“Maʼrifat” gazetasi
tahririyatiga
Toshkent shahridan keyin kelgan 83 aloqa boʻlimi raqamini anglatadi.
Yuqorida pochta joʻnatmalari ustiga manzil yozish usuli, uning xususiyatlari haqida gap bordi. Muayyan tashkilotlarga yuboriladigan xat-xabar koʻrinishidagi hujjatlarga
manzil yozishning oʻziga xos tomonlari bor. Hujjat muassasa yoki uning tarkibiy boʻlinmasiga yoʻllanayotgan boʻlsa, pochta manzili muassasa nomidan keyin yoziladi:
Toshkent shahar Arxitektura va
qurilish bosh boshqarmasi reja-moliya
boʻlimi, 100000, Toshkent shahri
Guliston koʻchasi, 16-uy.
“Davlat tilida ish yuritish” qoʻllanmasida aytilishicha, hukumat va markaziy muassasalarga yoʻllanadigan hujjatlarda joʻnatuvchilar oluvchilarning pochta manzillarini koʻrsatishlari shart emas, chunki bunday muassasalarning manzili tarqatuvchilarga oldindan maʼlum boʻladi.
Orif Tolib