Masjid minoralari tarixidan
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, koʻp masjidlarimizda minora bor. Minoralar azon aytish joyi va baʼzi hollarda yoritqich oʻrni vazifasini bajargan.
“Minora” arabchada “mayoq”, “mashʼal” kabi maʼnolarni bildiradi. Qadimda sohilboʻyi shaharlaridagi minoralarga mayoqlar – maxsus yoritqichlar oʻrnatilgan. Ular kemalar shaharga toʻgʻri yoʻl topa olishiga yordam bergan.
Islom dini yoyilgan ilk davrlarda minoralar boʻlmagan. Muazzin masjid yoki yaqinroqdagi birorta baland bino tomiga chiqib azon aytgan. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, ilk bor Misr voliysi Maslama ibn Muxallad (vaf. 682 yil) Fustat (qadimgi Qohira)dagi “Amr ibn Os” masjidining toʻrt burchiga minora qurdirgan.
Minora ichida burama zinalar joylashgan. Ular orqali yuqoriga – ayvon (sharaf)ga koʻtariladi. Minoralar boʻyiga qarab bir, ikki yoki uchta ayvonga ega boʻladi.
Masjidlar minorasining tuzilishi musulmon oʻlkalarida turlicha. Bu meʼmorchilik uslubiga bogʻliq. Masalan, Iroq va Erondagi masjid minoralarida odatda bitta ayvon boʻladi. Shakli aylana va gumbazi dubulgʻa koʻrinishida. Turkiya masjidlarining minoralari esa tor aylana kesimli, tugallanishi konussimon shaklga ega. Shimoliy Afrika masjidlarining minoralari boʻlsa, toʻrtburchak shaklda qurilgan. Dunyodagi eng katta minora Marokashning Kasablanka shahridagi Hasan II masjidida. Atlantika ummoni sohilida qurilgan ushbu minora toʻrtburchak shaklda tiklangan, boʻyi 200 metr. Uchiga oʻrnatilgan lazer nuri qurilmasi qibla yoʻnalishini koʻrsatib turadi. U oʻttiz chaqirim naridan ham bemalol koʻzga tashlanadi.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
(2014-2015-yil uchun) “Taqvim”da chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.