Munosabat va ochiq qolgan savol

Munosabat va ochiq qolgan savol

Imlo lugʻatlarida baʼzi soʻzlarning yozilishida farqlar borligi, bu kitoblar, darsliklar, qoʻllanmalar chop etishda, elektron va bosma nashrlarda xilmaxilliklarni, chalkashliklarni tugʻdirayotgani haqida “Daryo” nashrida yozgan edim. Ushbu maqolaga Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti boʻlim mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Yorqin Odilov munosabat bildiribdi.

Munosabat Davlat tilini rivojlantirish departamenti saytida eʼlon qilingan:

 

«“Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari” yaratilgan vaqtda qaysidir sabablar bilan bir qator soʻzlar: sentabr, oktabr, aluminiy, budjet, dirijor, dujina, duym, glukoza, kastrul, kastum, lustra, miniatura, parashut, regulator, rejissor, verstka tarzida berilgan. Vaholanki, ushbu va yana shu kabi boshqa soʻzlarni hech bir oʻzbek bunday talaffuz qilmaydi, qilolmaydi. Shuning uchun ham OʻzFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida tayyorlangan va 2013-yilda chop qilingan “Oʻzbek tilining imlo lugʻati”da kirill yozuvidagi barcha “yolashgan” unlili soʻzlarning imlosi bir xillashtirilgan. Yaʼni sentyabr, oktyabr, byudjet, syujet, batalyon, pochtalyon, obyekt, subyekt tarzida berilgan.

1995-yildagi lugʻatda esa “yolashgan” unlili soʻzlarning ayrimlari “y” harfi orttirilib yoki orttirilmay berilgan. Ayni soʻzlarning yozilishidagi har xillik imloni oʻzlashtirishda murakkabliklarni keltirib chiqarishi tabiiy. 2013-yilgi lugʻatda dastlabki tajriba sifatida shunday yoʻl tutilgan va bu tajriba keyingi yillarda nashr ishi, ish yuritish bilan bogʻliq boshqa sohalar vakillari tomonidan ham maʼqullandi. OʻzFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida tayyorlangan va yangidan tasdiqlanishi rejalashtirilgan “Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari”da bu kabi ijobiy tuzatishlar oʻz aksini topgan. Eslatish lozimki, “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi”ning takomillashtirilgan varianti tasdiqlangandan keyin imlo qoidalari ham shu tarzda mukammallashtiriladi. Alifbo tasdiqlanmay turib, buni hal qilib boʻlmaydi.»

 

Iqtibos tugadi.

 

Xoʻp, bu munosabatdan bir narsa aniq boʻldi: imlodagi xilmaxilliklar alifbo isloh qilinmaguncha hal boʻlmas ekan. Lekin ungacha ham yashash kerak-ku. Ungacha darslik va qoʻllanmalarda qaysi lugʻatdan foydalanish kerak?

Savol haliyam ochiq.

Aytgancha, munosabatda sanab oʻtilgan sentabr, oktabr, aluminiy, budjet, dirijor, dujina, duym, glukoza, kastrul, kastum, lustra, miniatura, parashut, regulator, rejissor, verstka soʻzlarini hech bir oʻzbek bunday talaffuz qilmaydi
deyish anchagina bahsli, menimcha. Orasida aynan shunday talaffuz qilinadiganlari ham bor. Masalan, dirijor, kastrul, parashut kabi soʻzlarni rus tili taʼsiriga tushmagan oʻzbek xuddi yozilganidek talaffuz qiladi. Ruscha taʼsirida tilini burab talaffuz qiladiganlar esa alohida toifa. Ular hatto undoshlarni ham xuddi ruschadagiday qilib yumshatib ayta oladi.

Hay, bu asosiy gap emas. Yolashgan unlilarni y orttirib yozishga chidash mumkin.

 

Imlo borasida vakolatli tashkilot qaysi oʻzi? Qisqa, loʻnda, ikki ogʻizgina yoʻllanma-koʻrsatma bersin: “Alifbo va imlo qoidalari isloh boʻlguncha falon lugʻatdan foydalanish tavsiya etiladi”. Tamom.

Mayli, omon boʻlsak, koʻrarmiz. Koʻrsatmayam berib qolishar.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.