Murosaning kaliti yechimda: alifbo hammaga qulay boʻlsin!
Gazeta.uz nashrida Komil Jalilov muallifligidagi “Bahs va murosa alifbosi” (Alfavit spora i alfavit primireniya) maqolasini oʻqib qoldim. Maqola oʻzbekcha tarjimada ham berilgan.
Muallifning baʼzi fikrlariga qoʻshilaman, baʼzilariga esa yoʻq. Albatta, har kim fikr aytish huquqiga ega va shu huquqdan foydalanib oʻz munosabatimni bildirib oʻtmoqchiman.
Muallif “sh” tovushi ş, sh, sch yoki ch harfi bilan yozilishidan qatʼi nazar, odam belgini eslab qolishi va soʻzni tushunishda muammo boʻlmasligini aytadi. Toʻgʻri, soʻzni tushunishda muammo boʻlmasligi mumkin. Amaldagi alifboda chop etilgan kitoblarni oʻqiganlar tushunmay qolayotgani yoʻq. Muammo bunda emas. Muammo bu harflarni yozish, kompyuterda terish noqulayligida. Baʼzi holatlarda qoʻshharflarni ifodalash bilan bogʻliq chalkash holatlar ham yuzaga keladi.
Muallif “ingliz tilidagi 44 ta tovush lotin alifbosining atigi 26 ta harfi yordamida (boz ustiga, hech qanday maxsus harflar va diaktrik belgilardan foydalanmagan holda) ifodalanadi” degan dalilni ham keltiradi va sh, ch va th kabi harfiy birikmalar bitta tovushga mos kelishi mumkinligini aytadi. Til va imloni oʻzaro chogʻishtirish, shunga koʻra xulosalar olish yaxshi. Lekin har doim ham emas. Oʻzbek tilining tabiati ingliz tilidan keskin farq qiladi. Inglizcha soʻzlarning aksariyati yozilganidan farqli shaklda oʻqiladi. Keltirilgan harfiy birikmalar ingliz tili alifbosiga kiritilgan ham emas. Oʻzbekcha soʻzlarda “sh” va “ch” tovushi koʻp uchraydi va ularni qoʻshharfda yozish yuqorida aytilgani kabi matn terishda oʻngʻaysizlik tugʻdiradi.
Kiril alifbosi ham, amaldagi va isloh qilinadigan alifbo ham oʻzbek tilining barcha tovushlarini aks ettirmasligi aniq. Muallif aytgan ŋ tovushi bilan bogʻliq holat esa oʻzbek kiril yozuvining nuqsoni, fazilati emas. Agar 1940-yilda “ng” tovushi kiril yozuvida ham bitta harf bilan ifodalanishishi qabul qilinganida, bu tovush bilan bogʻliq bugungi muammolar paydo boʻlmasligi mumkin edi. Hozir biz singil, koʻngil kabi soʻzlarda “ng” tovushidan keyin yana bitta “g” tovushi orttiramiz va sing-gil, koʻng-gil deb talaffuz qilamiz. Hatto respublika darajasidagi telekanallarning baʼzi suxandonlari ham “ng” tovushini alohida “n” va “g” tarzida ifoda etadi. Bunga tovushning ikki harf bilan ifodalangani ham katta taʼsir qilgan, deb oʻylayman. Biroq endi bu tovushni bitta harf bilan ifodalash oʻzini oqlamaydi. Talaffuzdagi xatolar imlodagi xatolarga olib keladi va chalkashliklar, adashishlar soni ortadi.
Alifbodagi qiyinchiliklarimizni, oʻngʻaysizliklarni dastaklash uchun boshqa tillar, yozuvlardan qanday dalil keltirish mumkin boʻlsa, alifbo islohi boʻyicha ham xuddi shu yoʻlni tutish mumkin. Ingliz tiliga yaqin boʻlgan, u bilan bir oilaga mansub tillarning alifbolariga bir koʻz yugurtiraylik. Aksariyat tillar standart ingliz alifbosiga yoki shu asosda ishlangan klaviaturaga oʻzgartirishlar kiritgan, oʻziga moslagan. Oʻzbek tili ham shu huquqdan foydalansin – til tabiatiga hozirgidan mosroq alifboni, yengillikni tanlasin. Alifbo inglizlar uchun emas, oʻzbeklar va oʻzbek tilidan foydalanuvchilar uchun-ku.
Muallif kiril yozuvidagi holatlarni ham misol keltirib, “Bitta tovushni ifodalash uchun bitta belgidan emas, balki bir nechta belgilar birikmasidan foydalanish normal holatdir” degan xulosaga keladi. Uchinchi bor takrorlanayotgan boʻlsa-da, yana oʻsha gapni aytishga toʻgʻri keladi: gap qoʻshharflarning normalligida emas, noqulayligida.
Maqolaning keyingi boʻlimida asosan boshqalarning fikr-mulohazalariga oʻrin berilgan. Orada bir-ikki jumla bilan muallif munosabati ham berilgan.
“S” masalasi, jumladan, “Soy” ismini yozish masalasiga kelsak. Bir millat tili va yozuvida boshqa bir millatga xos tovush boʻlmasligi tabiiy holat. Masalan, Ulugʻbek ismini ruslar “Ulugbek” deb talaffuz qiladi va yozadi. Hech kim borib yoqasidan olmaydi-ku: “Nega mening ismimni xato aytyapsan, xato yozyapsan?!” deb. Agar “Soy” ismi lotincha imloda “Soy”ga aylanishi ism egasiga yoqmasa, “Tsoy” deb yozish mumkin. Shunday ismlarni yigʻib chiqish va yozilishini qoida sifatida belgilab qoʻyish yetadi. Ilmiy tildagi “s” tovushli soʻzlarni bemalol “s” bilan yozaverish kerak. Bunday soʻzlar tilda faol emas. “S” bilan yozish tufayli hosil boʻladigan bir-ikkita omonim soʻzning farqiga borolmay qolish esa ilmiy soha vakilining oʻz sohasidan yaxshi xabardor emasligini koʻrsatadi, xolos.
Bundan tashqari, “s”li soʻzlarning koʻpi aslan ruscha emas va asliyatda “s” bilan yozilmaydi. Biz chet soʻzni ruslar qanday oʻzlashtirgan boʻlsa, shundoqqina koʻchirib olganmiz. Toʻgʻrirogʻi, sobiq Ittifoq davrida shunday anʼana joriy etilgan. Masalan, inglizcha “information” soʻzida “s” tovushi yoʻq, lekin biz uni “informatsiya”, “informatsion” deb aytamiz va yozamiz. Xullas, “s” tovushini yozuvda ifodalamaslik oʻzini oqlaydi. Oʻzbek baribir uni aslidagiday talaffuz etmaydi. Bir oʻrinda “s”, boshqa oʻrinda “ts” deb aytadi.
“S” tovushining oʻzbek tiliga yotligi va ortiqchaligi haqida koʻpchilik yetarlicha yozdi. Ularni bu yerda takrorlab oʻtirishga hojat yoʻq. Odamlarga qulay boʻlsin deb, tilimizda bor tovushlar ham alifboga alohida harf sifatida kiritilmayotgan bir paytda “s”ni kiritish mutlaqo oʻrinsiz, menimcha.
Alifboda “c” yoʻq boʻlgani holda, “ç” harfi boʻlishi ham juda ajablanarli emas. Ikkisi bir-biridan farqlanuvchi alohida harf. Balki, isloh qilinayotgan alifboda “c” belgisini “ch” tovushini ifodalash uchun ishlatish kerakdir?
“H” va “x”ning birlashishi ham juda koʻp omonim hosil qilmaydi. Daslabki hisob-kitoblarga koʻra, 30 taning nari-berisida omonim hosil boʻlar ekan. Shu 30 ta omonimni eslab qolish ikki xil harfni farqlash uchun minglab soʻzlarni yodda saqlash yukidan ancha yengil.
Xarajatlar masalasi haqida yetarlicha tushuntirishlar berildi, menimcha. Bu borada eʼtirozi boʻlganlar oʻsha tushuntirishlarni oʻqib, shunda ham qanoat hosil qilmagach, eʼtiroz bildirsa, yaxshi boʻlardi. Maqsad – yechim topish-ku.
Maqolaning uchinchi boʻlimida bevosita loyihaga munosabat bildirilgan. Muallifning tovushlar qanday belgilar bilan ifodalanishi tilning nufuziga taʼsir qilmasligi haqidagi fikriga qoʻshilaman. Darhaqiqat, bu masalaning mohiyati oʻzbekcha manbalarni koʻpaytirish va undan keng miqyosda foydalanish imkonini yaratishda. Ammo nuqsonli alifbo ham, undan foydalanishda davom etish ham tilga obroʻ olib bermasligi aniq.
“Amaldagi lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi bilan bogʻliq qanday muammolar lotin yozuviga toʻliq oʻtishga toʻsqinlik qilayotgani va taklif
qilingan alifbo bu muammolarni qanday bartaraf etishi borasida aniq tushuntirishlar berilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi”, deb yozadi Komil Jalilov. Balki, muallifning xabari yoʻqdir, bu borada tushuntirish berildi, mulohazalar aytildi. Oʻz oʻrnida, amaldagi alifbo tarafdorlari ham hozirgi alifbo “chorak asrga soʻzilgan yangi alifboga oʻtish masalasi”ga nega yechim boʻlmagani, “ikki alifbo oʻrtasidagi arosat”ga nega barham bermagani, hatto shu imloda savodi chiqqanlar ham baʼzida kirilni afzal koʻrayotgani haqida tushuntirishlar berishi mantiqan toʻgʻri boʻladi. Xoʻsh, hozirgi alifboda davom etsak, nima yutamiz? Alifbo bilan bogʻliq mavjud muammolarni, noqulayliklarni qanday hal etamiz? Nega baʼzi postsovet davlati lotin yozuviga toʻla oʻtib ketdi. “Ş”, “ç” kabi harflar nima uchun ularga xalal bermadi?
Klaviatura ishlab chiqish masalasiga kelsak. Qoʻshharflar klaviaturaning bitta tugmasiga bogʻlanadigan boʻlsa, yangi muammolar kelib chiqadi, chunki kompyuter uni baribir ikkita harf deb qabul qiladi. Jumladan, bosh harflarni yozishda xatoga yoʻl qoʻyadi. Bu jarayonni oʻzim amalda sinab koʻrganman. Bu borada mutaxassis bilan ham fikr almashganman. Hatto mutaxassisning asoslariga qanoat qilmay, qoʻshharflar bitta tugmada chiqadigan klaviatura variantini ham yaratib koʻrdim. Oʻxshamadi, yangi muammolar paydo boʻldi. Bu borada xulosam aniq: amaldagi alifboning qoʻsh harflari va belgili harflarini kompyuter klaviaturasida bitta tugmaga joylab boʻlmaydi.
Maqola soʻngida muallif: “agar amaldagi lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi qaysidir maʼnoda nuqsonli, oʻzbek tilidagi barcha maʼnolarni yetkaza olmaydigan boʻlganida edi, shu vaqt ichida, biz hujjatlarni bu alifboda chop eta olmasdik, kitoblar, darsliklar, gazetalar, jurnallar nashr eta olmasdik, eʼlonlar yozolmasdik, ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilolmasdik, saytlarni lotin yozuvida sahifalay olmasdik”, deydi. Menimcha, shu joyda mohiyat kalavasi yoʻqolgan. “Amaldagi alifbo maʼnolarni yetkaza olmaydi” degan gap yoʻq, boʻlsa ham, koʻpchilikning fikri emas. Alifbo islohi tarafdorlarining asosiy eʼtirozi hozirgi alifboning matn terish uchun noqulayligi, vizual qabul qilishdagi kamchiliklari haqida.
Qulaylikning nisbiyligi masalasiga kelsak, islohot tarafdorlari, deylik, mening orzuyim ana shu nisbiy qulaylikka erishish.
Standart QWERTY klaviaturasi ingliz tili uchun qulay, oʻzbek tili uchun emas.
Makron belgili harflar masalasida muallif bilan hamfikrman. Bu harflar oʻrniga Ŏŏ va Ğğ harflari kiritilishi tarafdoriman. Bu holda shriftlar bilan bogʻliq muammo ham boʻlmaydi.
Muallifning aksar fikrlari va talqinlariga qoʻshilmasam-da, bir masalada uning fikrni toʻliq qoʻllab-quvvatlayman: alifbo istalgan payt oʻzgartiriladigan matoh emas, oʻzgarishlar puxta oʻylangan boʻlishi kerak. Toki oradan maʼlum vaqt oʻtib, yana oʻzgarishga ehtiyoj sezilmasin.
Bugungi islohot harakatlarida shaxsan men hech bir siyosiy sabab koʻrmayapman. Maqsad – alifboni foydalanuvchilar uchun qulaylashtirish, shu orqali foydalanish koʻlamini kengaytirish.
Bahslardan koʻzlangan maqsad ham faqat meniki toʻgʻri, faqat men bilaman degan qarashni olgʻa surish emas, oʻzaro murosaga kelish, koʻpchilikning foydasiga, yozuvning ommalashishiga xizmat qiladigan yechimni topishdir.
Orif Tolib,
Respublika taʼlim markazi mutaxassisi
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.