Kazo-kazolar va hokazolar

Kazo-kazolar va hokazolar

Bu ikki soʻz tilimizda tez-tez qoʻllanib turadi. Lekin ularning asl maʼnosi nimaligi haqida koʻpchilik bilavermasa kerak.

Kazo soʻzi arabchada shunday, shu kabi maʼnolarini anglatadi. Oʻzbekchada juft holda ishlatiladi. Kazo-kazolar iborasi ilm, amal, boylik, donolik kabi xislatlari bilan tanilgan yuqori MARTAbali kishilarni anglatadi:

 

Mahallaning baloxoʻri afandini chaqirib:

– Uyingizga osh buyuring, kazokazolar kelishgan, kirib chiqamiz, – dedi.

“Latifalar”.

 

Gʻiyosiddin tilmochlik qilib yurgan kezlarda, shaharning kazo-kazolari bilan ogʻiz-burun oʻpishib qoldi.

S. Ahmad, Hukm.

 

Bu soʻz asosan ogʻzaki tilda va badiiy matnlarda uchraydi.

 

Hokazo soʻzi ham arab tilidan kirgan, asliyatda shunaqa, xuddi shunday; shunday qilib, shu tarzda maʼnolarini anglatadi. Oʻzbek tilida odatda “va” bogʻlovchisi bilan birga birlikda yoki koʻplikda qoʻllanadi va shu singari, shunga oʻxshagan(lar), boshqalar maʼnolarini anglatadi:

 

Ayol urushga ketgan eri, oʻzining ishi, turmushi va hokazolar haqida gapirdi.

Oybek, Quyosh qoraymas.

 

Toʻlaganning esiga alif, ventilyator, Abdumannofning esiga murch, sement mojarolari tushdi va hokazo.

A. Qahhor, Ogʻaynilar.

 

Bu soʻz ilmiy va publitsistik matnlarda ham ishlatilishi mumkin.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.