Namibiya Respublikasi

Namibiya Respublikasi

Maydoni: 825 418 kv.km.

Aholisi: 2 300 000 dan ortiq.

Poytaxti: Vindhuk shahri.

Tuzumi: respublika.

Davlat boshligʻi: prezident.

Maʼmuriy tuzilishi: 13 ta viloyat (region)dan iborat. Viloyatlar esa 102 ta okrugga boʻlinadi.

Yirik shaharlari: Vindhuk, Uolfish-Bey, Svakopmund, Oshakati, Xrutfonteyn, Kitmansʼhup.

Pul birligi: Namibiya dollari.

 

Jugʻrofiy oʻrni. Janubiy Afrikada joylashgan. Shimolda Angola va Zambiya bilan, sharqda Botsvana, janubi-sharq va janubda Janubiy Afrika Respublikasi bilan chegaradosh. Gʻarbiy qirgʻoqlarini Atlantika okeani suvlari yuvib turadi. Mamlakatning asosiy qismi, ayniqsa, markaziy hududlari tepaliklardan iborat. Eng yuqori nuqtasi Kyonigshtayn togʻida – 2606 metr.

Namibiyada daryolar kam, borlariga ham maʼlum muddatlardagina suv keladi. Quruq oʻzanlar “oshan”, yaʼni yomgʻir mavsumida toʻlib-toshishi, hududning oltmish foizini suv ostida qoldirishi mumkin. Eng katta daryolari Oranjriver (Sariqdaryo), Fishriver (Baliqdaryo) va Okavango.

Iqlimi issiq, yogʻin-sochin kam. Bunday ob-havo sharoiti Bengel sovuq havo oqimi taʼsirida yuzaga keladi.

Tarixi. Bugungi Namibiya hududida qadimda bushmen qabilalari yashagan. Ular ovchilik va meva-cheva yigʻib-terish bilan kun koʻrgan. Keyinchalik bu yerga gottentot chorvador koʻchmanchi qabilalari – nama va damaralar kelib oʻrnashgan.

XVI asrdan boshlab mamlakat hududiga gerero, ovambo, kavango, yeye, tsvana kabi bantu qabilalari kelib, oʻtroqlasha boshlagan. XVIII asr soʻngida ovambo qabilasi gerero va gottentot qabilalarini hududdan siqib chiqaradi. Biroq 1830-yillarda Yonker Afrikaner boshchiligidagi nama qabilasi gerero va damara qabilalarini magʻlubiyatga uchratadi.

Ovrupaliklar bu qum-sahro vataniga kechroq kirib keladi. Buyuk Britaniya 1878-yildagina Uolfish-Beyni oʻz mustamlaka hududiga qoʻshib oladi. 1883-yili olmon savdogari Adolf Lyuderis Angra-Peken koʻrfazi sohillaridagi hududni mahalliy nama qabilasi sardoridan jami 200 funt-sterling qiymatga ega ikki yuzta qurol va tovar evaziga sotib oladi. 1884-yili Olmoniya Namibiya hududini Olmoniya Janubi-Gʻarbiy Afrikasi (JGʻA) nomi bilan oʻziga qarashli qaram mamlakatga (protektoratga) aylantiradi.

1890-yilgi ingliz-olmon shartnomasiga koʻra, hozirgi Namibiyaning Uolfish-Beydan boshqa barcha sohil hududlari Olmoniya ixtiyoriga oʻtadi. 1904-yili Samuel Magarero boshchiligida gerero qabilasi olmonlarga qarshi qoʻzgʻolon koʻtaradi va qaqshatqich magʻlubiyatga uchraydi. Bu voqeadan koʻp oʻtmay Xendrik Vitbooy va Yakob Morenga boshchiligidagi nama qabilasi bosh koʻtaradi. Harbiy harakatlar 1907-yilning martiga qadar davom etadi va tinchlik bitimi imzolanadi. 1915-yili – Birinchi jahon urushi davrida Janubiy Afrika Birligi qoʻshinlari Olmoniya Janubi-Gʻarbiy Afrikasi hududini bosib oladi. 1920-yili Janubiy Afrika Birligi Millatlar Ligasidan Janubi-Gʻarbiy Afrikani boshqarish vakolatini (mandatini) oladi.

1961-yili Janubiy Afrika Birligi Millatlar hamdoʻstligi tarkibidan chiqib ketadi va toʻla mustaqil davlatga – Janubiy Afrika Respublikasiga aylanadi. 1966-yildan Janubi-Gʻarbiy Afrika Milliy tashkiloti Janubiy Afrika Respublikasidan ozod boʻlish harakatini boshlaydi. Bu davrda xalqaro hamjamiyat ham JARning Namibiya hududidagi hukmronligini oqlamas edi. 1988-yilga kelibgina Janubiy Afrika Respublikasi hukumati Namibiyani tark etadi. 1990-yil 21-martda BMT Bosh kotibi ishtirokidagi marosimda JAR Prezidenti Namibiya mustaqilligini eʼlon qiladi. Shu davrdan boshlab mamlakat Namibiya Respublikasi deb yuritila boshlagan.

Namibiya 1990-yildan BMT va Afrika Birligi tashkiloti aʼzosi. 1991-yil 25-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligini tan olgan. Milliy bayrami – 21-mart – Mustaqillik eʼlon qilingan kun.

Iqtisodi. Yalpi ichki mahsulotning yigirma foizga yaqini kon sanoati hissasiga toʻgʻri keladi. Eng koʻp uran va olmos qazib olinadi. Ishchi kuchining deyarli yarmi (47 foizi) qishloq xoʻjaligi bilan band. Lekin bu tarmoq YAIMning oʻn foizdan ozroq qisminigina tashkil etadi, xolos. Chorvachilik, nisbatan qorakoʻlchilik bir qadar rivojlangan. Baliqchilik va sayyohlik tarmoqlari ham alohida ahamiyatga ega. Xomashyoni qayta ishlash va ogʻir sanoat, ayniqsa, mashinasozlik juda orqada. Bu sohalardagi ehtiyoj import hisobiga toʻldiriladi. Oziq-ovqat mahsulotlarining ellik foizi chetdan kirib keladi.

Mamlakat iqtisodiyoti hozir ham Janubiy Afrika Respublikasi iqtisodiyotiga koʻp jihatdan bogʻliq. Namibiya dollari JAR randasining kuchli taʼsirida. Shularga qaramasdan Namibiya Afrikadagi boy davlatlar qatorida turadi. Bu yerda ishsizlar aholining oʻttiz-qirq foizini tashkil etadi.

Namibiya Afrika, Karib dengizi havzasi va Tinch okeani regioni mamlakatlari iqtisodiy birligi aʼzosi.

Aholisi. 2010-yilgi maʼlumotga koʻra, mamlakatda aholining yillik oʻsishi 0,9 foizga yetadi. Aholi soni boʻyicha dunyoda 143-oʻrinda turadi. OITS bilan kasallanganlar koʻpligi sababli aholi sonini aniqlashda koʻp xatoliklar va chalkashliklar kelib chiqadi. 2007-yili BMT oʻtkazgan tekshiruvda katta yoshli aholining 15,3 foizi OIV virusi bilan zararlangani aniqlangan.

Aholining asosiy qismini (80 foizini) bantu qabilalariga mansub elatlar tashkil etadi. Metis-duragaylar 6,5 foiz, oqtanlilar 0,6 foiz. Oqtanlilarning koʻpchiligi va qoratanlilarning deyarli barchasi afrikaans tilida soʻzlasha oladi. Rasmiy til ingliz tili hisoblanadi. Lekin u asosan yoshlar orasida, ikkinchi til maqomida yoyilgan. Olmon, afrikaans, gerero va oshivambo tillariga “milliy tillar” maqomi berilgan. Oshivambo yoki ndonga tili ona tili hisoblanadi, afrikaans tiliga esa ikkinchi til deb qaraladi. Afrikaans tilida aholining oltmish foizi gaplashadi, oʻttiz ikki foiz aholi esa olmon tilini biladi. 1990-yilgacha olmon va afrikaans tili rasmiy til hisoblangan.

Dini. Namibiyaliklarning koʻpchiligi – 80 foizga yaqini nasroniylardan, asosan lyuteranlardan iborat. Mahalliy tushunchalarga eʼtiqod qiluvchilar ham bor. Islom dini eʼtiqod qiluvchilar soniga koʻra mamlakatda uchinchi oʻrinda – musulmonlar aholining uch foizini tashkil etadi. 1999-yili Namibiya musulmonlari rahbariyati mamlakatda 1500 nafar musulmon borligini qayd etgan. 2009-yilgi maʼlumotga koʻra, Islomga eʼtiqod qiluvchilar soni 3000–5000 atrofida.

Namibiya musulmonlarining koʻpchiligi nama elatiga mansub. Namalar orasida muslimlarning soni ortishiga ularning taniqli siyosiy rahnamosi Yaʼqub Salmon Damirning 1980-yili Islomni qabul qilgani sabab boʻlgan.

Mamlakatdagi birinchi masjid – Soueto Islom markazi 1986-yili Katutura shahrida ochilgan. 2009-yil mayidan buyon oʻlkada yigirmata masjid faoliyat yuritadi, ularning oltitasi poytaxt Vindhukda. Mamlakatda Islom huquqi masalalarini Namibiya fiqh kengashi yechadi. Kengash idorasi Ohangvena viloyatining Ondoba tumanida joylashgan. Mamlakat musulmonlari Saudiya Arabistoni va Janubiy Afrika Respublikasida islomiy taʼlim olishadi.

 

Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.

 

 


“Hidoyat” jurnalining 2013-yil 10-sonida chop etilgan.


Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.