Oʻqituvchiga ham, oʻquvchiga ham birday muhim: esse qanday yoziladi?
Soʻnggi paytlarda esse atamasi faol isteʼmolga kirdi. Endi uni yozuvchi yoki publitsistlar emas, oʻqituvchilar va oʻquvchilar ham tez-tez qoʻllay boshladi. Bu Gʻarb taʼlimiga xos boʻlgan esse yozish anʼanasining kirib kelgani va ommalashgani bilan bogʻliq. Rivojlangan mamlakatlar oliy oʻquv yurtlarida oʻqishga kirish uchun yoki IELTS kabi til bilish salohiyatini baholovchi imtihonlarda esse yozish topshiriqlari beriladi. Bu shakldagi sinov mashqlari Oʻzbekistonda ham ommalashyapti. Masalan, milliy sertifikat olish istagida boʻlgan oʻqituvchilardan esse yozish soʻralyapti. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ushbu yozma ish turining xususiyatlari, uni yozishda nimalarga eʼtibor berish zarurligi haqida soʻz yuritadi.
Esse – erkin asar
Esse – erkin kompozitsiyali nasriy adabiy janr. U adabiy, falsafiy, ijtimoiy, publitsistik va boshqa mavzularda yoziladi, muammolar tizimli, ilmiy tarzda emas, balki erkin shaklda talqin qilinadi. Oʻzbek adabiyotida esse janrida samarali ijod qilgan adiblardan biri Shukur Xolmirzayev bu janrni “yozuvchiga behad keng erkinliklar beradi” deya maqtaydi.
Oʻqituvchi va oʻquvchilardan talab qilinadigan esselar adabiyotdagi essedan farq qiladi. Biroq ularning umumiy jihatlari ham bor. Har ikkisida ham muallifning fikri, munosabati, qarashlari, taassurotlari yetakchi xususiyatdir.
Xoʻsh, u biz oʻrgangan inshodan nimasi bilan farq qiladi? Inshoda soʻz boyligi, badiiy til vositalaridan keng foydalanish muhim sanaladi. Taʼlim esselarida esa koʻpincha biror muammoli mavzuga munosabat bildirish, unga yechimlar taklif qilish soʻraladi. Bunda oʻquvchi fakt va maʼlumotlardan, iqtiboslardan ham oʻrinli foydalanishi, hayotiy misollar keltirishi zarur. Esse inshoga nisbatan hajman kichik. Unga reja tuzish ham talab etilmaydi. Inshodan oʻquvchining fikrini yozma shaklda va badiiy tarzda ifodalash qobiliyatini oshirish koʻzda tutilsa, esse fikrlash, fikrni dalillash va munosabatni bayon eta olishni shakllantirishga xizmat qiladi.
Esse yozish jarayoni
Essening turiga qarab unga sarflanadigan vaqt ham turlicha boʻladi. Essening mulohazali, tavsiflovchi, umumlashtiruvchi, dalilli kabi turlari bor. Masalan, mulohazali yoki tavsiflovchi esseda vaqtni asosan yozishga sarflasangiz, dalilli esseda fakt va maʼlumotlarni izlash, qayta ishlashga ham yetarlicha vaqt ajratishingiz kerak.
Oʻquvchi, talaba, ishga kiruvchi nomzod, oʻqituvchi yoki boshqa mutaxassislarga moʻljallanganiga qarab essening hajmi farq qiladi. Maktab oʻquvchilari odatda 200–300 soʻzli esse yozadi.
Har qanday esseni yozish uchun maʼlum bir bilim, koʻnikma va hayotiy tajribaga ega boʻlish zarur. Aks holda, yozganlaringiz boʻsh chiqadi.
Esse yozish jarayoni koʻpincha quyidagicha kechadi: muammo yoki mavzuni aniqlash – mavzu haqida fikrlash – rejalashtirish – yozish – tekshirish – tuzatishlar va toʻldirishlar kiritish.
Mavzuni qanday yoritishingizga qarab reja tuzasiz. Mavzuning mohiyati nimada, uni nimalar orqali ochib berish va asoslantirish mumkin, qanaqa dalillar va faktlardan foydalaniladi, oxirida qanday xulosaga kelinadi? Rejani oʻzingiz uchun belgilab olasiz, u inshodagi kabi matn boshida keltirilmaydi. Lekin nima deyishingiz, nimalarga urgʻu qaratishingiz, xulosangiz oldindan aniq boʻlishi kerak.
Esse qismlari
Esse boshqa ijodiy ishlar kabi kirish, asosiy qism va xulosadan iborat boʻladi. Kirish qismida essening mavzusi, u haqida tushuncha berib oʻtiladi. Uni ortiqcha choʻzib yubormaslik kerak. U umumiy matnning 10–20 foizini tashkil etadi. Kirish oʻquvchini qiziqtira olishiga eʼtibor qarating. Chunki matnni toʻliq oʻqish yo oʻqimaslik qarori koʻpincha kirishdayoq hal boʻladi. Birinchi jumla ohanraboday boʻlishiga erishish juda muhim. U eʼtibor tortuvchi savol, qiziqarli fakt yoki mavzuning dolzarbligini aniq-ravshan koʻrsatadigan fikr boʻlishi mumkin.
Oʻquvchi mavzuni tushunishi, sizning dalil va fikrlaringiz nimaga qaratilganini anglashi uchun qisqacha maʼlumot berishingiz, atamalarni izohlashingiz mumkin. Biroq bunga koʻp kirishib ketmang. Ular haqida asosiy qismda batafsilroq yozish imkoningiz bor.
Keyin tezis, yaʼni asosiy gʻoya, nuqtai nazar keltiriladi va unga taʼrif beriladi. Tezis – siz ilgari suradigan qarash yoki argument. Yozganlaringiz unga yoʻnaltiruvchi boʻladi. Zarur boʻlsa, mavzuga doir turli qarashlarni, jumladan, bir-biriga zid qarashlarni ham sanab oʻtish mumkin. Hajm masalasiga eʼtibor bering. Tezis uzogʻi ikki-uch jumla boʻlsin. Maqsad – oʻquvchining diqqatini mavzuga qaratish va sizning mavzu boʻyicha pozitsiyangizni bildirib qoʻyish.
Asosiy qismda tezisni qoʻllab-quvvatlaydigan, siz ilgari surayotgan gʻoya yoki fikrni dalillaydigan fakt va maʼlumotlarni keltirasiz, tahlil qilasiz. Uning hajmi essening turi, mavzuning koʻlamiga bogʻliq. Odatda asosiy qism essening 60–70 foizini tashkil etadi. Masalan, oʻquvchilar yozadigan 300 soʻzli essening 180–210 soʻzi asosiy qismga ajratilishi mumkin.
Xulosa – essening yakunlovchi qismi. U odatda butun matnning 10–15 foizini tashkil etadi. Xulosada tezisga, yaʼni bosh gʻoyaga qaytiladi. Asosiy fikrlar oʻzaro bogʻlanib, sizning fikr va qarashlaringiz, dalillaringiz nima uchun ahamiyatli ekani taʼkidlanadi. Uni oʻquvchida chuqur taassurot qoldiradigan fikr, taʼsirli gap bilan tugatish zarur.
Matn sifatini oshirish uchun tavsiyalar
Esse yozishdan oldin mavzuni kengroq oʻrganing. Tushunmagan narsalaringizga aniqlik kiriting. Detallar, atamalar, fakt va raqamlarni tekshiring.
Muammoning mohiyatini qisqacha bayon qiling, fakt va dalillar keltiring. Olimlar, mutafakkirlar va soha mutaxassislarining fikrlaridan iqtiboslar qoʻshish mumkin. Iqtiboslarning aniqligiga diqqat qarating.
Ortiqcha kirish soʻzlar, yuk tashimaydigan ifodalardan voz keching. Bunday ifodalar har qanday matnda, jumladan, esseda ham foydasiz. Masalan, “shuningdek”, “shu bilan birga”, “shuni alohida taʼkidlash lozimki”, “aytib oʻtish joizki”, “hammamizga maʼlumki”, “olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida”, “keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda” kabi soʻz va iboralar aksariyat oʻrinlarda hech qanday foydali ish bajarmaydi.
Sodda va qoʻshma gaplardan aralash foydalaning. Jumlalar boʻldi-boʻldi, qildi-qildi, edi-edi kabi bir xil shakldagi feʼllar bilan tugayvermasin. Orada ot-kesimli gaplar ishlating. Soʻz takroridan qoching.
Uslub va individuallik masalasi ham muhim. Samimiy va ochiq fikrli boʻling. Oʻquvchi siz bilan birga fikrlasin, sizni oʻziga yaqin koʻrsin. Yasama ifodalar, kitobiylik, oʻzingizni bilimdon koʻrsatishga urinish esseni zerikarli va oʻqishga yaroqsiz qilib qoʻyadi.
Shunchaki matn yasashga urinmang. Aytadigan aniq gapingiz boʻlmasa, soʻz boʻtqasi hosil boʻlib qolishi ehtimoli katta. Misollaringiz ham aniq boʻlsin. Umumiy, taxminiy gaplar fikrga kuch bermaydi.
Yozgan essengizni ovoz chiqarib oʻqib koʻring. Shunda uning kamchiliklarini, ifodadagi gʻalizliklarini aniqlash osonlashadi.
Imkoni boʻlsa, bir muddatdan soʻng esseni qayta koʻrib chiqing. Agar esseni imtihonda birdaniga yozmayotgan boʻlsangiz, ikki-uch kundan soʻng uni “tozargan” miya, yangilangan qarash bilan oʻqing. Oldin koʻrmagan xato va nuqsonlarni albatta topasiz.
Agar essening hajmi katta boʻlsa, uni qismlarga boʻling va ichki sarlavhalar qoʻying. Yaxlit, katta bir materialni oʻqigandan koʻra kichik qismlardan tashkil topgan materialni oʻqish-tushunish osonroq. Oʻquvchi ichki sarlavhalarga koʻz yugurtirgandayoq
essening yoʻnalishi, mazmun-mohiyati haqida dastlabki xulosaga keladi. Agar uni shu bosqichda qiziqtira olsangiz, material katta boʻlsa ham, oʻqib chiqadi.
Xatboshilarga boʻlish orqali matnga havo bering. Har bir abzatsda biror asosiy fikr yoki qarash ifodalanishi zarur.
Qisqa, loʻnda va aniq yozishga intiling.
Esse yozishdagi xatolar
Ortiqcha jimjimadorlik. Koʻp kitob oʻqiganingizni yoki soʻz boyligingizni atay koʻrsatishga urinmang. Insholarda kuzatiladigan badiiy boʻyoqdorlik, balandparvozlikni esse koʻtarmaydi. Deylik, onalarning bolalar salomatligida tutgan oʻrni haqida yozyapsiz. “O, ona, sen naqadar buyuk zotsan! Sening mehring oldida daryolar ham kichik bir ariqqa aylanib qoladi. Sening qaynoq qalbing butun bir olamni isitishga yetadi. Sen oq suting, ulkan mehru gʻamxoʻrliging bilan bolaga shunchaki mehr emas, salomatlik ham tuhfa etasan” singari hayajon toʻla gaplar mutlaqo ortiqcha. Buning oʻrniga bolalarni asosan onalar parvarishlashi, ularning sogʻligi koʻp jihatdan onalarga bogʻliqligini misollar, faktlar bilan dalillang. Yoki hayotiy misol keltirishingiz ham mumkin: “Sakkiz yoshimda qattiq shamollab qoldim. Onam kechasi bilan boshimda mijja qoqmay chiqdi. Tongda esa meni opichlab yoʻlga tushdi. Dala yoʻldan qoʻshni qishloqdagi doktornikiga bordik. U yozib bergan dorilarni ichib, bir kunda tuzaldim. Balki, bu voqea onamning yodidan koʻtarilgandir. Lekin mening esimda. Hozir ham biror joyim ogʻrib qolsa, farzandini opichlagancha dala yoʻlda harsillab yoʻl bosayotgan onam koʻz oldimga keladi”.
Mavzuni yaxshi bilmaslik va hayotiy misollar keltirmaslik. Oʻzi yaxshi bilmagan odam boshqalarga nimani tushuntirishi, anglata olishi mumkin? Hayotiy misollar har doim ham oʻrinli boʻlmasligi mumkin. Lekin koʻp hollarda oʻrinli boʻladi. U essening jozibadorligini, ishonchliligini oshiradi. Muallifni oʻquvchiga yaqinlashtiradi.
Fakt va maʼlumotlardagi xatolik. Tekshirilmagan yoki ishonchsiz manbalardan olingan faktlardan foydalanish soʻzingizning qadrini tushiradi.
Dalillashdagi xatolik. Fikrga aloqasiz yoki uni quvvatlantirmaydigan dalillar keltirmaslik kerak. Dalillar oʻrniga ritorika yoki quruq tasdiqdan foydalanish ham koni zarar. Faqat boshqalarning fikrini keltirish, oʻz munosabati va pozitsiyasini ifodalamaslik esa esseni uning bosh xususiyati – shaxsiy munosabat, qarashni ifodalashdan mosuvo etadi.
Qaytariqlar. Soʻz, jumla va fikrlarni qaytarish, aytib boʻlingan fikrni keyinroq boshqa shaklda ifodalash holatlari muallifning malakasi yuqori emasligini koʻrsatadi.
Mantiqiy ketma-ketlikning yoʻqligi. Jumla va fikrlar bir-biriga bogʻlanishi kerak. Tomdan tarasha tushganday boshqa gapga oʻtib ketish essening yaxlitligiga darz yetkazadi.
Mavzudan chetga chiqish. Mavzuga bevosita aloqador boʻlmagan masalalarga oʻtib ketish, “oʻtlash” essening hajmini oʻrinsiz oshiradi, oʻquvchining vaqtini oʻgʻirlaydi.
Xulosalashdagi xatolar. Xulosa bermaslik, matnda oldin aytib oʻtilgan fikrlarni shunchaki qaytarish essening muhim va yakunlovchi qismi nuqsonli chiqib qolishiga olib keladi.
Formatlashdagi xatolar. Agar esseni kompyuterda yozadigan boʻlsangiz, qoʻllanayotgan shriftlar va harflarning shakliga diqqatli boʻling. Qalin, qiya, tagiga chizilgan shakldan meʼyoridan ortiq foydalanish, shriftlar xilma-xilligi, shrift qoʻllashdagi prinsipsizlik essening tashqi koʻrinishiga putur yetkazadi. Agar turfa xil shrift ishlatmoqchi boʻlsangiz, uchtadan ortiq shriftdan foydalanmang. Sarlavha, ichki sarlavha va asosiy matn uchun alohida shrift qoʻllash mumkin. Shriftlar boshqa kompyuterlarda boʻlishi ehtimolini ham hisobga oling. Nostandart shriftdan foydalansangiz, u boshqa kompyuterda boʻlmasligi, natijada turli muammolar kelib chiqishi mumkin.
Eng yomoni – koʻchirmakashlik. Plagiat boshqalarning esselari, maqolalari, asarlari yoki ularning parchalaridan manba koʻrsatmay foydalanish. Bu sizning obroʻ-eʼtiboringizni keskin tushiradi. Essega qoʻyiladigan baho ham eng quyiga shoʻngʻiydi. Boshqalarning fikrlari, ijodiy ishlarini oʻqib-oʻrganish, ulardan bemalol foydalanish mumkin. Ammo manba koʻrsatishni unutmaslik kerak. Boshqa kimdir aytgan fikrni siz ham aytishingiz koʻchirmakashlik boʻlmaydi. Plagiat – aynan ifodalash, birovning mehnatini oʻzlashtirib olish. Aynan ifodalamayapman-ku deb uch-toʻrtta soʻzini oʻzgartirib qoʻyish ham oʻzini oqlamaydi. Bunday matn mohiyatan plagiat boʻlib qolaveradi.
Qanday mashq qilish kerak?
Bilim, tajriba, soʻz boyligi, ifoda qobiliyati juda muhim. Demak, ana shu jihatlarni yaxshilashga intilish zarur.
Boshqa esse va maqolalarni, kitoblarni oʻqing. Ulardan oʻzingizga maʼqul, sizni taʼsirlantirgan, hayajonlantirgan oʻrinlarni alohida daftarga koʻchirib yozing. Bu matnni oʻzlashtirishingizni osonlashtiradi. Biroq sifatli asarlarnigina mutolaa qilish zarur. Oʻrtamiyona bitiklar taʼsirini sizga albatta oʻtkazadi va siz ham shunday yoza boshlaysiz. Soʻng bu darajani eng yaxshisi deb hisoblash ehtimolingiz ortadi.
Mavzuyingizga aloqador manbalarni koʻrib chiqing. Biroq esseni fakt va maʼlumotlar guldastasiga aylantirmang. Ortiqcha maʼlumot esseni zerikarli qilib qoʻyishi mumkin.
Fakt va raqamlar aniqligiga eʼtibor bering. “Olimlarning fikricha”, “oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra” kabi iboralarni aniqroq shaklda bering. Masalan, “Illinoys universiteti olimlari 2020-yili oʻtkazgan tadqiqot natijalariga koʻra”, “YUNISEFning 2017-yilgi hisobotida aytilishicha” kabi jumlalar fakt va dalillarni osmondan olmaganingizni koʻrsatadi. Bunda iqtibos mavjudligi ham muhim. Koʻrsatgan manbangizda siz aytgan maʼlumot boʻlmasa, essening qadr-qimmati albatta tushadi.
Koʻp yozing. Imkoni boʻlsa, har kuni biror mavzuda esse yozib koʻring. Sifati, darajasi turlicha boʻlishi mumkin. Kundan kunga yaxshiroq yozishga harakat qilavering. Mabodo koʻnglingizdagiday chiqmasa ham, xafa boʻlmang. Duch kelgan qiyinchiliklaringizni yengib oʻtish yoʻllarini qidiring. Agar har kuni yoki kunora esse yozish meʼdangizga tegsa, oraliqni uzaytiring. Esse yozish mashqini malaka hosil qilguncha davom ettirish mumkin.
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.