Puerto Riko Hamdoʻstligi
Maydoni: 9104 kv.km.
Aholisi: 3 800 000 dan ortiq.
Poytaxti: San Xuan shahri.
Boshqaruv shakli: AQSH tarkibidagi davlat.
Davlat boshligʻi: gubernator.
Maʼmuriy tuzilishi: 38 ta munitsipal tumanga boʻlinadi.
Yirik shahri: San Xuan.
Pul birligi: AQSH dollari.
Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Shimoliy Amerika sohillariga yaqin, Karib dengizidagi Katta Antil toʻporollariga kiruvchi Puerto Riko orolida va yana bir nechta mayda orollarda joylashgan. Mamlakat Karib va Shimoliy Amerika yerboʻlaklari chegarasida oʻrnashgan, Yerning bu katta boʻlaklari siljishi tufayli hududda zilzilalar va boʻronlar yuzaga kelishi mumkin. Rixter shkalasi boʻyicha 7,5 balli soʻnggi katta yerqimirlash Puerto Rikoda 1918-yil 11-oktyabrda kuzatilgan. Zilzila markazi dengiz ostida boʻlgani sababli sunami ham yuzaga kelgan.
Oroldan 120 km shimolda joylashgan Puerto Riko nov-yorigʻi Atlantika okeanidagi eng katta va eng chuqur oʻyiqdir. Novning uzunligi 1754 km, kengligi 97 km, eng chuqur joyi 8380 metr.
Mamlakat joylashgan asosiy orol – Puerto Rikoning uzunligi 170 km, kengligi 60 km. Shimol va janubdagi qirgʻoqboʻyi hududlariga togʻlar yastangan. Oʻlkaning eng baland nuqtasi Serro de Punta togʻida – 1338 m.
Iqlimi – dengiz-tropik. Harorat janubda shimoldagidan biroz yuqoriroq. Markaziy togʻli hududlar boshqa joylarga nisbatan birmuncha sovuq. Yillik oʻrtacha harorat +28 °C. Boʻronlar mavsumi iyun-noyabr oylari oraligʻiga toʻgʻri keladi.
Mamlakada oʻn yettita koʻl bor, biroq ularning hech biri tabiiy emas. Ellikdan ortiq daryolarning hammasi bitta togʻ tizmasidan oqib tushadi.
Tarixiy sanalari. Milodiy 120 – 400 yillar davomida hududga Janubiy Amerikadan igneri hindu qabilasi vakillari kelib oʻrnashdi.
VII – XI asrlar orasida orolni aravak qabilasi vatan qildi. 1000-yillarga kelib ularning “taino” deb atalgan madaniyati butun oʻlkaga yoyildi.
1493-yili Xristofor Kolumb ikkinchi bor Amerika qirgʻoqlari tomon safarga chiqqan payt bu orolda “taino” nomli hindu qabilalari yashardi. Ular oʻz vatanlariga “Boriken” deb nom bergan edilar. Ispanlar dastlab orolni San Xuan Bautista nomi bilan atashdi. Biroq keyinchalik unga “Puerto Riko” – “boy port” nomini berdilar.
1508-yildan boshlab ispanlar mamlakatni egallashga kirishdi va koʻp oʻtmay bu ishni nihoyasiga yetkazdilar. Fransuzlar, gollandlar va inglizlar orolni egallashga bir necha bor urinib koʻrishdi, ammo buning uddasidan chiqa olmadilar.
1809-yili orol Ispaniya qiroliga boʻysunuvchi ummonorti viloyati deb eʼlon qilindi.
1898-yil 25-iyul kuni Ispaniya-Amerika urushi vaqtida mamlakatga Amerika qoʻshinlari bostirib kirdi. Natijada 1898-yili Parij sulh shartnomasiga koʻra, Ispaniya Kuba, Filippin va Guam orollari qatori Puerto Rikoni ham boy berdi.
1952-yili qabul qilingan konstitutsiyaga koʻra, Puerto Riko AQSHga “erkin qoʻshilgan” davlat maqomini oldi. 2012-yili oʻtkazilgan referendumda qatnashganlarning deyarli uchdan ikki qismi mamlakat AQSHga 51-shtat boʻlib kirishini maʼqulladi.
Iqtisodi. Sayyohlik mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biridir, u yiliga 1,8 milliard dollar atrofida daromad keltiradi. Sayyohlar soni yildan yilga koʻpayib boryapti, bunga tengma-teng ravishda yangi mehmonxonalar, dam olish maskanlari qurilyapti.
Aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi katta, biroq AQSHning boshqa asosiy hududlariga nisbatan sezilarli darajada past.
Aholisi. Aholining koʻpchiligi puertorikoliklar. Ispan va ingliz tillari davlat tili hisoblanadi. 2006-yilgi maʼlumotlarga koʻra, 3 800 000 dan ortiq kishi ispan tilini, 82 000 dan ortiq kishi ingliz tilini ona tilim deb biladi. Ingliz tillilar soni kam boʻlsa-da, katta shaharlarda har ikki tilda fikr almashiladi. Koʻpchilik ingliz tilida soʻzlasha oladi.
Dini. Aholining asosiy qismi katoliklardan iborat. Nasroniylikning protestant yoʻnalishi vakillari ham bor.
2007-yilgi hisob-kitoblar mamlakatda besh mingdan ortiq musulmon yashashi, ular oʻlka aholisining 0,13 foizini tashkil etishini koʻrsatgan.
Mavjud maʼlumotlarga koʻra, Puerto Rikoning ilk musulmon aholisi falastinliklar boʻlgan. Ular 1958-1962-yillar orasida bu yerga koʻchib kelgan.
Mamlakatda sakkizta masjid faoliyat yuritadi. Musulmonlarning koʻpchiligi Rio Piyedras tumanida istiqomat qiladi, oʻlkadagi birinchi masjid “Calle Padre Colon” ham shu yerda qurilgan.
Kayey munitsipalitetida Shimoliy Amerika musulmonlari uyushmasining boʻlimi bor.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2014-yil 5-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.