Qiz farzand – sharaf
Oʻgʻil tugʻmagani yuziga solinaverganidan oʻzi va uch nafar qizining joniga suiqasd qilgan ayol haqidagi xabarni oʻqiganimdan beri tomogʻimga nimadir tiqiladi. Voqea bot-bot yodimga tushaveradi va ogʻir tosh boʻlib yuragimga chuqurroq botadi. Hech boʻlmasa, qizlar omon qopti-ku, deyman oʻzimga oʻzim. Bu bilan qalbimda bezovtalik uygʻotayotgan muallaq hisni nari quvmoqchi boʻlaman.
Oʻzi, nimaga oʻgʻilga buncha talpinamiz? Tinimsiz gap-soʻzlar, gʻiybatlar, mazaxlardan qutulish, “boshni baland koʻtarib yurish” uchunmi? Yo qariganimizda och-nahor qolmaylik, boquvchimiz boʻlsin, naslimiz bizdan keyin davom etsin dermiz?
Oʻgʻil farzandi boʻlmagani uchun birovni ayblash qanchalik ahmoqlik boʻlsa, faqat qiz koʻrgani uchun xijolat boʻlish ham shu darajadagi johillikdir. Qarang, birovning gapi bilan hisoblashadi, lekin Yaratganning vaʼdasiga eʼtiborsiz. Qiz farzandni munosib tarbiyalaganlik uchun jannat vaʼdasi berilyapti! Doʻppingni osmonga otmaysanmi, inson?!
Qariganda boquvchimiz boʻlsin, qizni uzatvorsak, oʻzimiz och qolamiz degan xayolning ham koʻpikcha salmogʻi yoʻq. Oʻrtacha yetmish yillik umrni tasavvur qilaylik. Ayollar ellik besh, erkaklar oltmish yoshgacha ishlab, pensiyaga chiqadi. Oltmish va yetmish orasida oʻn yilgina muddat bor, xolos. Har oy pensiya olib turadigan odam qanday ochdan oʻlishi mumkin? Ozgina tavakkul ham kerak-da. Oltmish yil kelib turgan rizq qolgan oʻn yil uchun uzilib qolarmidi? Qiziga yaxshi tarbiya, mehr bergan, halol topgan pulidan ularga sarflagan odam keksayganda ham qarovsiz qolmasligiga shaxsan mening ishonchim komil. Bunga hayotiy misollar ham koʻp.
Nasl qiz bilan ham davom etadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning nasli ham qizlari orqali davom etgan. Balki, oʻgʻil nevaraning familiyasiga boboning ismi berilar, lekin keyingi avlodlarda bu ism unutiladi. Hayot shunday. Oʻgʻli bor degani nomi dunyoda abadiy qoladi degani emas.
Albatta, oʻgʻil kerak. Oʻgʻil boʻlsa, nur ustiga nur. Lekin yoʻqligi ham fojia emas. Qiz farzandli boʻlishni sharaf deb bilgan, ularga qalb qoʻrini bergan ota-onaga Allohning rahmati yogʻiladi. Bunday odam shu dunyoning oʻzidayoq chinakam baxtga erishadi. Mening ishonchim shunday.
Orif Tolib