Qoʻllanadimi, qoʻllaniladimi?
Hatto ziyolilar ham yozishda tez-tez xatoga yoʻl qoʻyadigan soʻz bu. Qoʻllanmoq majhul nisbatda, uning aniq nisbatdagi shakli – qoʻllamoq. Qoʻllamoq oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda ishlatiladi:
- Yoqlamoq, quvvatlamoq, yordam, koʻmak, madad bermoq.
Haq ishni xalq qoʻllar.
Maqol.
Ayollar oʻtmishdan hammadan koʻp zulm koʻrgan, hammadan koʻp jaholatda qolgan. Ularni hurmat qilishimiz, qoʻllashimiz, suyashimiz kerak.
P. Tursun, Oʻqituvchi.
- Tatbiq etmoq, ishlatmoq.
Ishda yangi metodlarni qoʻllamoq.
Sugʻorishning yangi sistemasini qoʻllamoq.
[Salimboyvachcha] Attorlik rastasida… zahar sotib olarkan, buni qachon va qanday qoʻllashni aslo oʻylagani yoʻq edi.
Oybek, Tanlangan asarlar.
Javod Koʻchiyev unumsiz yerlarda “Malik”dagi tajribalarini qoʻlladi.
“Oʻzbekiston qoʻriqlari”.
▶️ Majhul nisbatda asosan ikkinchi maʼnosi ishlatiladi. Qoʻllanmoq – ishlatilmoq, foydalanilmoq, tatbiq etilmoq degani.
Qoʻllamoq soʻziga -n majhul nisbat qoʻshimchasi qoʻshilib, qoʻllanmoq shakli hosil qilinadi:
Qoʻllanmoq, qoʻllangan, qoʻllandi, qoʻllanyapti, qoʻllanmoqda, qoʻllanadi…
❗️ Bu soʻzni qoʻllanilmoq shaklida ishlatish xato. Chunki bir soʻzga ikki MARTA majhul nisbat qoʻshimchasi qoʻshilmaydi. –il ham majhul nisbat yasovchi qoʻshimcha. Masalan, aytildi soʻzida ayt feʼliga ana shu –il qoʻshimchasi qoʻshilgan. Aytildi soʻzini aytilindi deb yozish va aytish kulgili xato. Xoʻsh, aytilindi soʻzining xatoligi aniq sezilyapti. Lekin qoʻllanildi, qoʻllanilgan va qoʻllaniladi kabi soʻzlarning yanglishligini nega oson farqlamaymiz?
Menimcha, bu qoʻllanmoq soʻzini unga maʼno jihatidan ancha yaqin boʻlgan foydalanilmoq soʻziga chogʻishtirish, oʻxshatish sababli yuzaga keladi.
Ushbu janrdan adabiyotda koʻp foydalaniladi.
Ushbu janr adabiyotda koʻp qoʻllanadi.
Foydalan va qoʻllandagi -lan umuman boshqa-boshqa qoʻshimchalardir. Foydalandagi -lan foyda soʻziga qoʻshilib, feʼl yasayapti. Bu feʼlga bemalol majhul nisbat qoʻshimchasi -il ni qoʻshish mumkin. Qoʻllandagi -lan esa yaxlit qoʻshimcha emas, u feʼl yasovchi -la va majhul nisbat yasovchi -n qoʻshimchasidan iborat. Soʻzda majhul nisbat qoʻshimchasi borligi uchun unga yana majhul nisbat qoʻshimchasi tirkab boʻlmaydi.
? Demak,
Qoʻllangan, qoʻllandi, qoʻllanyapti, qoʻllanadi ✅
Qoʻllanilgan, qoʻllanildi, qoʻllanilyapti, qoʻllaniladi❌
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.