“Qulogʻi tom bitgan”: tom nima?

“Qulogʻi tom bitgan”: tom nima?

Tilimizda uch xil tom soʻzi bor. Ikkitasining maʼnosi koʻpchiligimizga yaxshi tanish: uyning tomi, kitobning tomi (jildi). Sarlavhadagi iborada bu ikki tom soʻzi qatnashmagan. U boshqa bir omonim. U arab tilidan kirgan tom soʻzi boʻlib, asliyatda toʻla, toʻliq, butun; mukammal maʼnosini bildiradi. Oʻzbekchada ikki xil maʼnoda qoʻllanadi:

1️⃣ Toʻla, toʻliq.

 

Qoʻltigʻimdagi anordan bittasini olib, yorigʻidan ikkiga ajratib, ikki qoʻlim bilan siqib, tom ishtaha bilan yeyishga tushdim.

Gʻ. Gʻulom, “Shum bola”.

 

2️⃣ Butunlay, tamomila, batamom.

 

Qulogʻim tom bitdi.

 

Mendek odamning ogʻzidan bunday gapning chiqishi Sizni tom hayron qilishini bilaman.

Sh. Xolmirzayev, “Qil koʻprik”.

 

Tom maʼnoda, tom maʼnosi bilan kabi iboralarda ham ana shu tom soʻzi ishlatilgan. Bunda toʻliq, chin maʼno nazarda tutiladi.

Qulogʻi tom bitmoq birikmasi quloq tamoman bitganini, eshitish qobiliyati yoʻqolganini bildiradi. Bu ibora boʻyicha baʼzan ehtimologiya 🙃 variantlari ham uchrab turadi: “tom ostida qolgan odamning qulogʻi eshitmay qoladi, shuning uchun tom bitdi deyilgan” deganga oʻxshash. Bu xato, albatta.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.