Sumalak, halim, sayil, somsa – bu soʻzlarning asl maʼnosi nima?

Sumalak, halim, sayil, somsa – bu soʻzlarning asl maʼnosi nima?

Yurtimizda Navroʻz. Maʼnosi “yangi kun” boʻlgan ushbu bayram chindan-da yangilanish, yasharish ayyomi. “Daryo”
kolumnisti Orif Tolib bugun Navroʻz va bahor bilan bogʻliq baʼzi soʻzlarning kelib chiqishi, maʼno-mazmuni haqida soʻz yuritadi.

 

Sumalak sermalakmi?

Undirib yanchilgan bugʻdoy, un va yogʻ aralashmasidan tayyorlanadigan, vitaminlarga boy, xushxoʻr holvaytarsimon bu taomning paydo boʻlishi bilan bogʻliq bir nechta rivoyatlar bor. Ana shu rivoyatlar taʼsirida baʼzan sumalak soʻzining kelib chiqishini si malak – oʻttiz malak, sermalak – koʻp malak kabi soʻzlarga bogʻlashadi. Lekin bu xato. Bundan oʻn besh yillarcha burun Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjondan bu soʻz turkiycha ekani, “Devonu lugʻatit turk”da suma soʻzi bugʻdoy deb taʼriflangani, sumalak soʻmali, yaʼni bugʻdoyli ovqat maʼnosini anglatishini eshitib, hayron qolgandim. Keyin manbalarni oʻrganib, bunga oʻzim ham amin boʻldim, turli olim va tadqiqotchilarning fikrlari ham ayni maʼlumotni tasdiqladi: sumalak sumaliq soʻzining oʻzgargan shakli.

Mahmud Koshgʻariy suma soʻzini ivitilgan bugʻdoy deb izohlaydi va sharbat uchun qilingan, undirilgan arpaga ham shu soʻz qoʻllanishini aytadi. Sumalakda ivitib undirilgan bugʻdoy ishlatilishini hisobga olsak, sumalak aynan shu suma soʻzidan yasalgani oydinlashadi.

Qadimgi turkiy tilda -liq qoʻshimchasi bilan boshqa taomlar nomi ham yasalgan. Yodingizda boʻlsa, shashlik soʻzi sishliq – shishliq – shashlik shaklida oʻzgargani haqida ham aytgan edik.

Sumalak forcha samanu, sumanak soʻzidan hosil boʻlgan degan qarash ham bor.

 

Halim yumshoqligi uchun “halim”mi?

Halim – suvga bugʻdoy yormasi va goʻsht solib, uzoq qaynatib pishiriladigan quyuq ovqat. Halim soʻzi kishiga qattiq botmaydigan, muloyim, yoqimli kabi maʼnolarga ega. Masalan, yumshoq muomalali kishini halim kishi deymiz. Biroq taomning nomi bu soʻzdan kelib chiqmagan. Uning shakldoshi bor – arabchadan oʻzlashgan, asliyatda yopishqoq, yelimshak degan maʼnoni anglatadi. Halim ham shunaqa tabiatga ega: koʻp qaynaganidan hil-hil, yopishqoq boʻlib qoladi. Taom nomi ana shu soʻzdan hosil boʻlgan.

Vaqt oʻtib, halimning nomi koʻchma maʼno kasb etgan va yumshoq degan mazmunni anglata boshlagan:

Vohidlarning qishlogʻida boshqa yerlarda juda kam uchraydigan halim va shirin olma bor. (O. Yoqubov, “Tilla uzuk”).

 

“Sayil” va “sayr”ning asli bir

Sayil arabcha sayr, yaʼni piyoda yurish soʻzidan. Oʻzbek tiliga tovush oʻzgarishi bilan oʻtgan va maʼnosi ham oʻzgargan. Bu soʻzning tovush oʻzgarishisiz, aynan oʻtgan shakli sayrning maʼnosi boshqa. U osuda yerlarda, xiyobon va koʻchalarda aylanib yurish, tomosha qilish, orom olishni anglatadi. Sayr osuda joylarda kezishni anglatsa, sayilda gavjumlik mazmuni bor. U oʻzbekchada bahorda oʻtkaziladigan katta xalq sayr-tomoshalarini, umuman katta va tantanali sayr-tomoshalarni, sayr-tomosha maqsadida aylanib, kezib yurishni anglatadi.

Odatda bayramlarda, jumladan, Navroʻzda katta xalq sayillari oʻtkaziladi. Lekin sayillar faqat bayramlarga bogʻliq emas. Masalan, qovun sayli qovunxoʻrlik va sayr-tomosha maqsadida koʻpchilik boʻlib dalaga – qovun poliziga chiqishdir. Lolalar ochilganda togʻ yoki qirlarga koʻplashib chiqish lola sayli boʻladi.

 

Doshqozon toshqozon emas

Doshqozon soʻzini eshitganda toshqozon shakli ham xayolga keladi. Masalan, Toshhovuz oʻgʻuzcha shevada Doshovuzga aylanadi. Lekin doshqozonning tarjimayi holi boshqacha, u toshqozonga aloqador emas. Toshqozon degan soʻzning oʻzi yoʻq, axir toshdan qozon qilinmaydi-ku.

Dosh soʻzi forschadan oʻzlashgan, asliyatda katta oʻchoq; xumdon maʼnosini anglatadi. Demak, doshqozon – katta oʻchoqqa joy boʻladigan qozon. Oʻzbekchada dosh soʻzining oʻzi ham qozon, doshqozon maʼnosida ishlatiladi. Lekin kam qoʻllanadi, asosan badiiy adabiyotda uchraydi.

Doshqozon katta yigʻinlarda, toʻy va maʼrakalarda koʻpchilikka ovqat pishiriladigan ulkan qozondir. Sumalak va halim asosan doshqozonda pishiriladi.

 

Qaldirgʻoch bilan koʻrshapalak qarindoshmi?

Qaldirgʻoch – qanoti ingichka va uzun, juda tez uchadigan, qora-ola qush. Uni bahor elchisi deya taʼriflashadi.

Qaldirgʻoch soʻzi “Devonu lugʻatit-turk”da qargʻilach shaklida berilgan, qarligʻach deb talaffuz qilish ham uchrab turishi aytilgan. Demak, keyinchalik soʻzning mana shu talaffuzi ustunlik qilgan va oʻzbekchada qaldirgʻochga aylangan.

“Qadimgi turkiy tillar lugʻati”da qargʻilach soʻzining koʻrshapalak degan maʼnosi ham borligi aytiladi. Lekin boshqa manbalarda bunday maʼlumot uchramadi.

Qushga nega bunday ism berilgani haqida turli fikrlar bor. Ulardan biriga koʻra, qaran va qush soʻzlari birikishidan qaranqushqora qush hosil boʻlgan. Qaldirgʻochning ustki patlari qora boʻlgani uchun shunday nom berilgani ehtimoli katta.

 

Darveshona – bahorgi tozalov

Darveshona soʻzi forcchadan kirgan, darveshga oʻxshab, darveshlarcha degan maʼnoni anglatadi. Bahor faslida, ayniqsa Navroʻz arafasida qishloqlar va baʼzan shahar mahallalarida aholidan toʻplangan pul yoki oziq-ovqat hisobiga oʻtkaziladigan xayriya marosimi shunday ataladi. Ehson asosida oʻtkazilgani uchun ham darveshona nomi berilgan.

Bunda mahallalar, guzarlar, koʻchalar, qabristonlar, ariqlar hashar qilib tozalanadi. Hashardan soʻng katta-kichikka dasturxon yoziladi.

Bu soʻz shevalarda turlicha talaffuz qilinadi. Masalan, Fargʻonada darishana shaklida qoʻllanadi.

 

Somsa – tishning “oʻpichi”

Somsa – yoyilgan xamirga goʻsht, qovoq va shu kabilar solib tugib, odatda tandirga yopib yoki duxovkada pishiriladigan yegulik. Bahorda ayniqsa koʻk somsa koʻp pishiriladi. Bu taom deyarli butun Osiyo, Arabiston yarimoroli, Oʻrta dengiz atrofi, Shimoliy va Janubiy Afrikada mashhur. Yevropa va Amerika qitʼasi uchun ham somsa begona emas.

Bir taxminga koʻra, somsa soʻzi forscha sanboʻsag soʻziga borib taqaladi. Bu soʻzning maʼnosini baʼzilar katta, ajoyib, ulkan desa, ayrimlar u uchburchak maʼnosini beradi degan fikrda. Oʻzbek tilining etimologik lugʻatiga koʻra esa, tish maʼnosidagi senn va oʻpich maʼnosidagi boʻse soʻzlaridan hosil boʻlgan. Soʻzma-soʻz tarjimasi tishoʻpar. Tovush oʻzgarishi natijasida sanboʻsa, samboʻsa shakli yuzaga kelgan.

Bu soʻz dunyo tillarida turli talaffuz variantlarida uchraydi. Masalan, forschada sanbuse, panjob tilida smosa, hindchada samoʻsa, urduchada samusa, arabchada sambusak yoki sambusa, bengal tilida singara, ibroniy tilida sambusak, somali tilida sambuusa, tojikchada samboʻsa, birma tilida shemuza, portugal tilida shamusa, inglizchada samosa. Turkiy tillarda somsa yoki samsa shakli ishlatiladi.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube