Tashrif bilan kelmaydi, tashrif buyuradi

Tashrif bilan kelmaydi, tashrif buyuradi

Savol:

Elektron nashrlar shu jumlani koʻp qoʻllaydi: “Davlatimiz rahbari Rajab Toyyib Erdoʻgʻonni Oʻzbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi”. Tashrif bilan kelishga taklif qildi 😂. Mutaxassis sifatida jumlani qanday tahrirlagan boʻlardingiz?

 

Javob:

Bu – ruscha priyti s vizitom / priyexat s vizitom iborasining kalka tarjimasi. Oʻzbekchada bu iboralarning maʼno qirralarini ifodalaydigan tashrif buyurmoq, koʻrgani kelmoq, koʻrishga bormoq, borib koʻrmoq, kelmoq, yoʻqlamoq, holidan xabar olmoq kabi feʼllar bor. Tashrif bilan kelish iborasi esa soʻzma-soʻz, oʻzbek tiliga xos boʻlmagan tarjimadir.

Kimdir davlat rahbarlarining kelishi tashrif boʻladi-ku deb eʼtiroz bildirishi mumkin. Toʻgʻri, lekin xuddi oʻsha maʼnoni tashrif buyurmoq iborasi bilan berish kerak-da. Shunisi oʻzbekcha boʻladi, oʻquvchida istehzo yoki tushunmovchilik uygʻotmaydi. Demak, yuqoridagi jumlani quyidagicha berish oʻrinli:

Davlatimiz rahbari Rajab Toyyib Erdoʻgʻonni Oʻzbekistonga tashrif buyurishga taklif qildi.

Davlatimiz rahbari Rajab Toyyib Erdoʻgʻonni Oʻzbekistonga kelishga taklif qildi.

 

Bundan-da loʻnda varianti bor. Biror joyga taklif qilish zamirida oʻsha yerga kelish maʼnosi ham bor. Shuning uchun tashrif buyurish yoki kelish soʻzlarini qisqartirsak boʻladi:

Davlatimiz rahbari Rajab Toyyib Erdoʻgʻonni Oʻzbekistonga taklif qildi.

 

🔄  Mavzuga aloqador:

 

Telegram | YouTube

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.