Tilimizni bilamizmi: qarich, quloch, chaqirim – qadimgi oʻlchov birliklari bugungi oʻlchovda nimaga teng?

Tilimizni bilamizmi: qarich, quloch, chaqirim – qadimgi oʻlchov birliklari bugungi oʻlchovda nimaga teng?

Badiiy asarlarda sharqona oʻlchov birliklariga duch kelamiz. Ularning ayrimlari bugungi tilimizda ham saqlangan. Xoʻsh, ular nimani anglatadi? “Daryo” kolumnisti Orif Tolib oʻtmishda yurtimiz hududlarida qoʻllangan uzunlik va yuza oʻlchov birliklari haqida soʻz yuritadi.

 

Bir qarich necha santimetr?

Albatta, har kimning qarichi har xil. Lekin qarich deyilganda muayyan uzunlik tushuniladi.

“Qiziqarli bilimlar olamida” kitobida yozilishicha, barmoqlarning turli xil vaziyatdagi holatiga koʻra uzunlik oʻlchovlari sifatida qarich, suyam, sarali, tutam, enlik kabi soʻzlar ishlatilgan.

Masalan, qarich bosh barmoq bilan jimjiloqning, suyan bosh barmoq bilan koʻrsatkich barmoqning, sarali esa koʻrsatgich barmoq bilan jimjiloqning yopiq holatdagi oraligʻini bildirgan. Bir barmoq eniga teng uzunlik oʻlchovi enlik deyilgan.

Hozirgi tilda bu soʻzlardan asosan qarich, tutam va enlik qoʻllanadi.

Demak:

1 qarich – bosh barmoq bilan jimjiloqning yoyilgan holatdagi uzunligiga teng, yaʼni 19–20 santimetr.

1 tutam – 9 santimetr: arqon yoki tayoqni siqib ushlagan qoʻl, toʻrtta barmoqning kengligiga mos uzunlik birligi.

1 enlik – bir barmoq eniga teng: 18–20 millimetr.

 

Gaz bir metrga tengmi?

Gaz metrik sistema qabul qilingunga qadar ming yillar davomida amalda boʻlgan oʻlchov birligidir. Gaz soʻzi forschadan oʻzlashgan. Asliyatda taxminan 105 santimetrga teng uzunlik oʻlchovi va shu uzunlikdagi choʻpni anglatgan. Lekin hozirgi Oʻzbekiston hududlarida 0,71 metrga teng boʻlgan. U arshin deb ham atalgan.

Milliy ensiklopediyaga koʻra, gaz 3 xil usulda aniqlangan. Shunga asosan, u bildiradigan uzunlik ham turlicha boʻlgan. Qayerda va nima uchun ishlatilishiga qarab ham qiymati oʻzgargan. Masalan, Xorazmda gaz ikki xil oʻlchovga ega boʻlgan: yer oʻlchash uchun, mato oʻlchash uchun. Yer gazi 49 barmoq uzunligiga teng boʻlgan boʻlsa, mato gazi 28 barmoq uzunligini bildirgan. Hozirgi hisobda yer gazi oʻrtacha 1 metrga,
mato gazi esa 58 santimetrga teng.

 

Bir quloch qanchaga teng?

Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻatit turk” asarida qulach soʻzi qoʻl va och soʻzlaridan hosil boʻlgani, qoʻlni och, qulochni yoz maʼnosiga ega ekanini yozadi. Quloch bu davrda ham oʻlchov birligini anglatgan.

“Qiziqarli bilimlar olamida” kitobida yozilishicha, qulach soʻzi tojik tiliga quloch shaklida, afgʻon tiliga esa chulach tarzida oʻtgan boʻlib, u taxminan 165–175 santimetrga teng boʻlgan. 8 qarich bir quloch hisoblangan.

Quloch qiymati hududlarga qarab turlicha boʻlgan. Masalan, bir quloch Buxoroda 142 santimetr, Fargʻonada 167 santimetr deb olingan.

Izohli lugʻatga koʻra, quloch yelka balandligida kerilgan har ikki qoʻlning oʻrta barmoq uchlari orasidagi masofaga teng.

Demak, bir quloch oʻrtacha 140–170 santimetr yoki 1,5 metr atrofidagi oʻlchov birligidir.

 

Sarjin duradgorlar atamasimi?

Bu soʻzga badiiy asarlarda duch kelgan odam u asosan yogʻoch va oʻtin bilan bogʻliq oʻrinlarda qoʻllanganini koʻradi. Biroq sarjin atamasidan faqat duradgor yoki oʻtinchilar foydalanmagan. Bu soʻz – ruscha sajen soʻzining oʻzgargan shakli. Sajen esa slavyancha sag – qadam, odim, yetmoq, yetib bormoq soʻzidan hosil boʻlgan. U uch gazga teng uzunlik oʻlchovini bildirgan. Hozirgi hisobda 2,13 metr.

Milliy ensiklopediyaga koʻra, sarjin 1918-yili xalqaro metrik oʻlchovlar tizimi kiritilgunga qadar ishlatilgan. U hajm oʻlchovi uchun ham qoʻllangan. Masalan, boʻyi uch gaz, eni 0,6–0,75 gaz, balandligi bir yarim gaz qilib terilgan oʻtin yoki urilgan paxsa bir sarjinga teng boʻlgan.

Bugun sarjin soʻzi isteʼmoldan butkul chiqib ketdi. Biroq ellik yil oldin yozilgan badiiy asarlarda ham sarjin soʻziga duch kelish mumkin:

Oʻn-oʻn besh sarjincha pastda hayqirib suv oqmoqda. (D. Nuriy, “Osmon ustuni”).

 

Tanob nega tortiladi?

Tanobini tortib qoʻydi, tanobingni tortaman kabi iboralar qulogʻingizga chalingan boʻlsa kerak-a? Xoʻsh, tanob nima? U nima uchun tortiladi?

Tanob – eski oʻlchov birligi. U uzunlik va maydonni oʻlchashda ishlatilgan. Milliy ensiklopediyaga koʻra, Oʻrta Osiyo, xususan, Oʻzbekiston hududida XVII asrda 39,9 metrga teng uzunlik oʻlchov birligi sifatida qoʻllangan. Tanobdan yuza oʻlchov birligi sifatida ham foydalanilgan. Oʻrta Osiyo xonliklarida u tomonlari 60 gazdan iborat maydonga teng boʻlgan. Hozirgi hisobda 900 kvadrat metrga teng ekin maydoni 1 tanob sanalgan. 12 tanob 1 gektar boʻlgan.

Shoir Muqimiy qalamiga mansub “Tanobchilar” satirasida aynan ana shu maydon oʻlchovi – tanob nazarda tutilgan. Unda odamlarning yerini oʻlchab, soliq hisoblovchi tanobchilarning jabr-zulmi, poraxoʻrligi, bugungi til bilan aytganda “mansabini suiisteʼmol qilishi” tasvirlangan. Shoir asar qahramonlari tilidan shunday deydi:

Manki tanobinggʻa chiqibman kelib,

Xizmatimi yaxshi qilinglar bilib.

Oʻt qoʻyubon kuyduradurgʻon oʻzim,

Hokimingu oʻlduradurgʻon oʻzim.

Tanobini tortmoq iborasi xuddi shu asosda paydo boʻlgan. Amaldorlar oʻzi yoqtirmagan yoki qasd qilgan kishiga tegishli yerning tanobini oshirib yoki kamaytirib, unga taʼzir bergan. Keyinchalik bu holat iboraga aylanib, maʼnosi oʻzgarib ketgan va boʻlmagʻur, nomaqbul ish-harakatga chek qoʻyish, shunday xatti-harakatdan tiyib qoʻyish maʼnosida qoʻllana boshlagan:

Xoʻjaliklarning badaniga zulukday yopishib olgan mana shunaqa odamlarning tanobini tortish kerak. (A. Qahhor, “Qoʻshchinor chiroqlari”).

 

Bir chaqirim bir kilometrmi?

Chaqirim turkiy soʻz, chaqirmoq feʼlidan yasalgan. Albatta, bunda yon-atrofning tinch-osudaligi ham ahamiyatga ega. Hozir shahar sharoitida ovozingiz besh yuz metrga ham yetib bormasligi mumkin. Chaqirim ochiq dala sharoitida kishining tovushini ikkinchi sherigi eshita olishi mumkin boʻlgan masofadir.

Chaqirim katta masofalarni oʻlchash uchun Oʻrta Osiyoda qadimdan qoʻllab kelingan. Milliy ensiklopediyada yozilishicha, qiymati 1200 qadamga teng. Agar bir qadam oʻrtacha 0,75 metr ekani hisobga olinsa, unda 1 chaqirim 900 metrga teng boʻladi.

Biroq XIX oxiridan boshlab chop etilgan adabiyotlarda 1 chaqirim 1500 gazga teng ekani haqida maʼlumotlar uchraydi. Bu 1065 yoki 1080 metr masofa demakdir.

Chor Rossiyasining 1894-yilda rus oʻlchov birligiga oʻtish toʻgʻrisidagi koʻrsatmasi chiqqan davrgacha 1 chaqirim 900 metrga, undan keyin esa 1065 yoki 1080 metrga teng boʻlgan.

Turli manbalarda turlicha hisob-kitob qilingan boʻlsa-da, bir chaqirim deganda odatda 1 kilometr tushuniladi. Uni badiiy asarlarda, badiiy-publitsistik maqolalarda kilometr oʻrnida bemalol qoʻllash mumkin.

 

Tosh ostidagi tosh

Ahmoqqa Quva bir tosh yoki ahmoqqa Toʻytepa bir tosh kabi maqollar bor. Nega tosh? Ahmoq odam Quva yoki Toʻytepaga borsa, tosh otiladimi?

Bu yerda gap masofa haqida. Quva yoki Toʻytepa uzoq boʻlsa-da, ahmoq odam ovora boʻlib borib kelaveradi. Ishini bir borishda hal qilmaydi. Kallaning ishlamasligi – oyoqqa jabr.

Izohli lugʻatga koʻra, tosh sakkiz chaqirimga yaqin, taxminan 6 kilometrga teng uzunlik oʻlchov birligi. Milliy ensiklopediyada keltirilishicha, amir yoki podshoning choparlari yoʻl uzunligini oʻlchayotganda har 8000 qadamga tosh qoʻyib ketgan. Bir qadam oʻrtacha 75 santimetr deb olinsa, bir tosh 6 kilometr chiqadi. Ammo bir tosh qoʻllanish oʻrniga qarab 8–9 kilometrga teng hisoblangan holatlar ham boʻlgan.

Toshning forscha varianti farsang deyilgan. Bu atamada ham sang, yaʼni tosh soʻzi qatnashgan. U farsax, farzax shakllarida ham qoʻllangan.

“Boburnoma”da tosh oʻrniga yigʻoch ishlatilgan. Asarda yozilishicha, Oʻsh qasabasi “Andijondin toʻrt yigʻoch yoʻldur”.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube