Ishonish qiyin: namoz va namaste, musicha va moʻri, koʻprik va koʻppak – kutilmagan qarindosh soʻzlar
Odam yettinchi avlodida begonaga aylanadi degan gap bor. Chunki avlodlar koʻpayib, bir-biridan uzoqlashib borgani sari oʻzaro qarindosh-urugʻlik ham bilinmaydigan darajaga yetadi. Bu hol soʻzlar bilan ham yuz beradi. Bitta asosdan paydo boʻlgan, bir ildizdan oʻsib chiqqan soʻzlar bora-bora begonalashadi, bir-biridan uzoq maʼnolarni ifodalay boshlaydi. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday soʻzlarning baʼzilarini sharhlaydi.
Namoz va namaste
Namoz soʻzi oʻzbekchaga forschadan kirgan. Musulmonlar kuniga besh mahal bajaradigan ibodatni anglatadi. Uning arabchasi salot, oʻzbekchasi yukunchdir.
Namoz oʻrta fors tilida hurmat koʻrsatish, egilish, duo maʼnolarida qoʻllangan. Olimlar fikricha, u qadimgi hind-yevropa tillaridagi nemos – qurbonlik (joyi), ibodat soʻziga borib taqaladi. Islom dini Fors yerlarida ham yoyilgach, bu qadimgi soʻz musulmoncha ibodat uchun ishlatila boshlagan.
Hind kinolarida qahramonlar qoʻl kaftlarini bir-biriga jipslashtirib salom berganini koʻrgan boʻlsangiz kerak. Hindlar salomlashish uchun namaste soʻzini ishlatadi. Bu soʻz sanskritchadan kelib chiqqan. Sanskrit tilida namas taʼzim maʼnosini bildiradi. Namaste senga taʼzim, senga hurmat koʻrsataman degan maʼnodadir.
Forscha namoz va sanskritcha namas ayni bir oʻzakdandir. Bu ikki soʻzning yoʻllari ayro tushgach, bir-biridan juda uzoqlashib ketgan va qarindosh ekani sezilmaydigan darajaga yetgan.
Fors tili ibodatga oʻziga moslab nom bergan xolos. Namasteli salomlashish yoki qadimgi marosimlarning Islom ibodatlariga aloqadorligi yoʻq. Faqat atama sifatida shu soʻz tanlangan.
Xarita, karta va karton
Xarita soʻzi oʻzbekchaga arab tilidan oʻzlashgan. Uning rus tili orqali kirgan shakli ham bor – karta. Har ikki soʻz obyektlarning shartli tasvirini anglatadi. Karta oʻzbekchada boshqa maʼnoga ham ega: oʻyin qogʻozlari dastasi va ular vositasida boʻladigan oʻyin. Bu soʻzning oʻzbekchalashgan shakli – qarta.
Karton soʻzi maxsus ishlangan qalin, qattiq qogʻozni anglatadi.
Bu soʻzlarning bari lotincha charta soʻzidan hosil boʻlgan. Uning ildizi yunoncha chartiaga borib taqaladi. Chartia esa chartēs soʻzining kichraytirish-erkalash shakli boʻlib, papirus qogʻozi, varaq degan maʼnoni anglatadi.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, bu soʻzlar bir-biridan uzoqlashib ketgan boʻlsa-da, oʻzida dastlabki maʼno zarralarini saqlab qolgan. Ularning hammasi qogʻoz, varaq maʼnosi bilan maʼlum darajada bogʻlangan.
Koʻpik, koʻprik va koʻppak
Bu uch soʻzning qarindoshlik belgilari birinchi boʻgʻinda saqlanib qolgan. Koʻpik suyuqliklarda hosil boʻladigan mayda pufakchalardir. Koʻprik suv, chuqurlik va shu kabilar ustiga qurilgan yoʻlni anglatadi. Koʻppak esa xashaki it zoti.
Garchi bir-biridan umuman yiroq maʼnolarni ifodalasa-da, ularning ildizi bir. Koʻpik va koʻprik soʻzlari qadimgi turkiy tilda shishmoq, koʻtarilmoq maʼnosini anglatgan koʻpmoq feʼlidan hosil boʻlgan. Bu feʼl ayni shu shaklda bugungi tilimizda ham ishlatiladi: xamir koʻpdi.
Koʻpik va koʻprikning qarindoshligiga ishonish oson. Lekin koʻppak soʻzi oʻylantirib qoʻyadi. Turkiy tillar etimologik lugʻatiga koʻra, bu soʻz koʻp oʻzagining yumshoq, doʻmboq, koʻpchigan, hurpaygan, paxmoq kabi maʼnolaridan oʻsib chiqqan. Koʻppak soʻzi qadimda yungi oʻsgan, hurpaygan itni anglatgan.
Olimlar fikricha, koʻp soʻzi dastlab shish, boʻrtiq, doʻng, uyum, toʻda kabi maʼnolarni ifodalagan. Son, miqdor jihatidan ortiqlik mazmunini keyinroq olgan.
Vakuum va vakant
Vakuum soʻzi lotincha vacuus – boʻshliq soʻzidan. Atama sifatida idishga qamalgan, bosimi atmosfera bosimidan ancha past boʻlgan gazning holatini anglatadi:
Vakuumda eritish usulidan nozik buyumlar uchun metallar ishlab chiqarishda muvaffaqiyatli foydalanish mumkin. (“Politexnika lugʻati”)
Vakuum
soʻziga asos boʻlgan vacuus lotincha vacare – boʻsh boʻlmoq soʻziga borib taqaladi. Bugungi tilda faol ishlatiladigan va boʻsh ish oʻrnini anglatadigan vakant, vakansiya soʻzlari ham ana shu soʻzdan hosil boʻlgan. Ular vakuum soʻzi bilan oʻzakdosh.
Hamal, hammol va homila
Hamal keldi – amal keldi degan maqolni eshitgan boʻlsangiz kerak. Hamal soʻzi oʻzbekchada burj nomini yoki shamsiy yil hisobi boʻyicha birinchi oyni anglatadi. Hamal oyi 22-martdan 21-aprelgacha boʻlgan vaqtni oʻz ichiga oladi.
Oʻzbek tilining etimologik lugʻatiga koʻra, hamal soʻzi arabchada koʻp maʼnoli hamala – olib keldi feʼlidan hosil boʻlgan va qoʻzi maʼnosini anglatadi. Oʻzbekchada bu maʼnosini toʻla yoʻqotgan.
Hammol oʻzbekchada yuk tashuvchi, yukchi maʼnosida qoʻllanadi. Homila esa ona qornidagi bolani – embrionni bildiradi. Har ikki soʻz xuddi hamal kabi hamala feʼlidan yasalgan.
Bu uch soʻz farqli maʼnolarni anglatsa-da, ularni bir-biriga majozan bogʻlash mumkin. Hamal – ayni dehqonchilik ishlari bilan shugʻullanish, yerga urugʻ qadash mavsumi. Vaqti kelib yer xuddi homilador ayol kabi koʻpayishadi – hosil beradi. Yuk koʻtarish maʼnosida esa homila va hammol soʻzlarini bir ipga tizsa boʻladi. Homilador ona bolasini toʻqqiz oy qornida koʻtarib yuradi. Hammol esa yelkasiga yuk ortadi.
Bloknot, nota va notarius
Bloknot oʻzbekchaga rus tilidan kirgan, ruschaga fransuz tilidan. U yon daftarchani bildiradi.
Nota musiqada tovushning shartli grafik belgisidir. U tovushning oʻzini ham, maxsus belgilar bilan yozilgan musiqa asari matnini ham anglatadi.
Notarius esa yuridik hujjatlar bilan shugʻullanuvchi mutaxassis.
Bu uch soʻz bir-biridan uzoq maʼnolarni anglatsa-da, ularning zamirida oʻzak maʼno – yozish, qayd qilish bilan aloqa saqlanib qolgan. Uchala coʻz lotincha nota – belgi, nishon, qayd soʻzidan oʻsib chiqqan.
Nota lotincha gnoscere – bilmoq, tanimoq soʻziga, u esa qadimgi hind-yevropa tilidagi gnō – bilmoq oʻzagiga borib taqaladi. Bu oʻzakdan agnost, gnom, diagnoz, diagnostika, prognoz kabi soʻzlar ham hosil boʻlgan.
Musicha, moʻrcha va moʻri
Bahrom Bafoyev “Koʻhna soʻzlar tarixi” kitobida yozishicha, bu uch soʻzning oʻzagi bir. Fors tilida musicha moʻs soʻziga -cha sifat darajasini yasovchi qoʻshimcha qoʻshilishi bilan hosil qilingan. Moʻs qora rangli jonivorni anglatgan. Musicha qoramtir rangdagi qush demakdir.
Moʻrcha soʻzi ham shu shaklda yasalgan. Moʻrchadagi moʻr moʻs bilan bir asosli, u ham qora rangni, qoralikni ifodalaydi. Moʻrcha qora rangli jonzot degan maʼnoni anglatadi. U shevalarimizda chumoli, qumursqa maʼnolarida qoʻllanadi. Moʻr-malaxday yopirildi iborasidagi moʻr ham chumolini anglatadi.
Tilimiz sandigʻidan joy olgan moʻri soʻzi ham moʻr asosidan yasalgan. Moʻri – oshxona, pechka, oʻchoq va shu kabilarning tutun chiqib ketadigan yoʻli. Moʻrilarning ichi odatda qurum boʻlib, qorakuyaga aylanib ketadi. Uning qora, qoralik maʼnosidagi soʻzdan hosil boʻlgani mantiqiy asosga ega.
Yurt, yurak va yoʻrgʻa
Maʼnosi bir-biridan tamoman farqlanadigan bu soʻzlarning ildizi bir soʻzga – qadimgi turkiy tildagi yoʻrimoq – harakatlanmoq, yurmoq feʼliga borib taqaladi. Yurt soʻzi qadimgi turkiy tilda chodir, boshpana, qoʻnib oʻtiladigan yer maʼnosini anglatgan. “Devonu lugʻatit turk”da esa xaroba holidagi bino izlari, qoʻrgʻon va boshqalar deb izohlangan.
Oʻzbek tilining etimologik lugʻatiga koʻra, yurak soʻzi ham yoʻrimoqdan hosil boʻlgan. Turkiy tillar etimologik lugʻati esa bu maʼlumotni shubha ostiga oladi. Bunga yurak soʻzi eskiligi, Oʻrxun-Enasoy bitiklarida ham mavjudligini asos qilib keltiradi. Bu soʻz “Devonu lugʻatit turk”da ham bor. Mahmud Koshgʻariy yuraklig, yuraklandi kabi soʻzlarni ham keltiradi. Bu soʻzlar mardlik va shijoat maʼnolarini ifodalash uchun ishlatilgan.
Yurak soʻzi tanadagi markaziy aʼzo, qalb, dil kabi maʼnolarni anglatishini bilamiz. U qardosh turkiy tillarda bu maʼnolardan tashqari ichak-chavoq, qorin, oshqozon, jigar, oʻt pufagi kabi maʼnolarda ham qoʻllanadi.
Yoʻrgʻa soʻzi oʻzbekchada mayda qadam tashlab, tez yuradigan degan maʼnoda ishlatiladi va ot yoki eshakning yurishini ifodalaydi. U juda koʻp turkiy tillarda ayni shu maʼnoda ishlatiladi.
Chiroyli koʻzlar va kirpi
Tipratikan shevada kirpi va kirpitikan ham deyiladi. Bu jonivor tanasining orqa va yon tomonlari tikanlar bilan qoplangan. Biror xavf sezganda boshi va oyoqlarini yigʻib, gʻujanak boʻlib oladi, yum-yumaloq tikanga aylanadi.
Xoʻsh, kirpi soʻzi nimani anglatadi? Bu sutemizuvchiga nega kirpi deb nom berilgan?
Kirpi soʻzi ham tikan maʼnosida. Soʻz tarkibidagi kir shunga dalolat qiladi. Tikan – oʻsimliklarning, shuningdek, baʼzi hayvonlarning ingichka uchli, ninasimon aʼzosi. Uning eng asosiy belgisi – inson tanasiga oson kirishi va azoblashi.
Xoʻsh, chiroyli koʻzlar bilan kirpining nima aloqasi bor? Chiroyli koʻzning asosiy belgilaridan biri uzun kipriklardir.
Kiprik soʻzini Mahmud Koshgʻariy kirpik shaklida keltiradi. Soʻz dastlab shunday koʻrinishda boʻlgan, keyinchalik fonetik oʻzgarishga uchragan. Yogʻmur yomgʻirga aylangani kabi kirpik kiprikka doʻngan. Bu aʼzo ham xuddi tikanga oʻxshash boʻlgani uchun unga kirpik deb nom berilgan.
Sheʼriyatda yor kiprigi oshiq yuragiga tikandek sanchilishi tashbehi ishlatiladi. Demak, bu oʻxshatish shunchaki muqoyasa emas, uning lugʻaviy asoslari ham bor.
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.