Toʻlov-kontrakt narxlari “chaqmoqda”. Uni tushirish mumkinmi?
Soʻnggi kunlarda koʻpchilikning eʼtiborida boʻlib turgan masalalardan biri – oliy oʻquv yurtlarida oʻqitish narxlarining keskin oshgani. Narxlar oldingiga nisbatan 18 foizga balandladi, ish haqlari esa – 10 foizga.
Bu yildan eʼtiboran shartnoma pullarini toʻlash boʻyicha bir qancha ijobiy oʻzgarishlar amalga kirityapti. Biroq savolli jihatlar ham bor.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi telegram kanali qayta–qayta uqdirishicha, “2019/2020 oʻquv yilidan toʻlov-kontrakt miqdorlarining oʻrtacha 18 foizga oshirilishi – bir talabani bir yillik oʻqitish xarajatlarini qisman, yaʼni oʻrtacha 68 foiz qoplamoqda, xolos”. Narxlar 18 foizga qimmatlashiga asosiy sabab qilib esa, “oliy taʼlim muassasalari xodimlarining ish haqi miqdorlari (oʻtgan oʻquv yilida 3 marotaba), kommunal xizmatlar tariflari va boshqa saqlash xarajatlari oshgani holda, oliy taʼlim muassasalari xarajatlari daromadlariga nisbatan 74 foizga oʻsganligi“koʻrsatilyapti.
Shu oʻrinda mulohaza tugʻiladi. Talabalarning juda koʻpi mutaxassislikka bevosita aloqasi yoʻq, professional faoliyatda deyarli kerak boʻlmaydigan fanlardan zada. Ularning aytishicha, oliy taʼlimdagi korrupsiyada ham ayni shu nomutaxassis fanlar yetakchi. Xoʻsh, talaba nega shu fanlar uchun pul toʻlashi kerak? Soʻnggi yillarda bu borada ham siljishlar boʻlgan, ortiqcha fanlarning baʼzilari qisqargan. Lekin dadil qadamlar tashlanishi shart. Asosiy urgʻu bugun sohada foydalanilayotgan va kelajakda foydalaniladigan bilimlarga qaratilishi hayotiy zaruriyat. Dunyoning yetakchi oliy oʻquv yurtlari tajribasi oʻrganilishi, oʻrganishlar qogʻozdan tashqariga – amaliyotga ham tatbiq etilishi zarur.
Kommunal xizmatlarga tariflar masalasi. Oliy oʻquv yurtlarida energiya samaradorligi qay darajada? Xarajatlar oyma-oy hisob-kitob qilinib, solishtiriladimi? Ularni kamaytirish boʻyicha nimadir qilinadimi?
Universitet va institutlar xarajatlarining shaffof emasligi ham ogʻriqli masalalardan. Kimga, nimaga, qayerga qancha sarflanyapti? Bu barcha uchun ochiq-oydin boʻlishi kerak. Mayda detallarigacha. Shaffoflik taʼminlanmasa, istagan payt “kontrakt toʻlovlari xarajatlarning falon foizini zoʻrgʻa qoplayapti”, deb aytaverish mumkin. Odatda, monopol tashkilotlar shunga oʻxshash vajlar keltiradi. “Sarf-xarajatlar oshgani sababli” koʻtarilgan narx esa tabiiy ravishda noroziliklarni keltirib chiqaradi.
Talabalarning mehnat huquqlarini taʼminlashga ham oliy oʻquv yurtlari xayrixohlik koʻrsatishi kerak. Koʻpincha, talabalar oxirgi kursga oʻtmaguncha, ishga joylasha olmaydi. “Huquqiy axborot” kanali maʼlumotiga koʻra, kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarga oʻqishdan boʻsh vaqtlarida (kunning ikkinchi yarmida) mehnat shartnomasi boʻyicha oliy taʼlim muassasasida yoki boshqa tashkilotlarda ishlashga ruxsat beriladi. Ish beruvchilar bilan samarali aloqalar oʻrnatilishi talabalarning ishga joylashi va keyinchalik mustahkam ish oʻrniga ega boʻlishi uchun zamin yaratadi. Ishlab, pul topgan talaba shartnoma pulining bir qismini oʻzi toʻlay oladi. Bu ham toʻlov-shartnoma qiymatining “kamayishi”, yengillashidir. Bitiruvchilari talabgir boʻlmagan, ish beruvchilarni qiziqtirmaydigan fakultetlarni yopish yoki ularni kadrlariga ehtiyoj yuqori yoʻnalishlarga moslab qayta tashkil etish mumkin.
Oʻqishni bitirgan talabalarning ishga joylashish reytingi ham tuzilishi zarur. Buni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi yoki boshqa bir mustaqil tashkilot oʻtkazgani afzal. Chunki shunda “yoʻqni bor qilib koʻrsatish”ga ehtiyoj boʻlmaydi. Bunday reyting real vaziyat haqida axborot beradi. Qaysi talaba qayerda ishlayapti? Mutaxassisligi boʻyicha ish topdimi? Faqat bunda oliy oʻquv yurtlari “mehnat daftarchangdan nusxa olib kelmasang, diplomni tushingda koʻr” qabilidagi eskicha usuldan foydalanmasligi kerak. Shartnoma asosida oʻqigan talabaning diplomi, grantda oʻqiganlarning maʼlumotnomasi hech bir moneliksiz berilishi shart.
Xususiy va davlat sektoridagi yirik tashkilotlarning ishchi-xizmatchilari boʻyicha ham tadqiqotlar olib borish foydadan xoli emas. Ayniqsa, xususiy korxona va tashkilotlarning xodimlari boʻyicha. Qaysi oʻquv yurtlarining, qaysi fakultetlarning talabalariga talab katta? Ular qaysi bitiruvchilarning malaka, bilim va koʻnikmalarini eʼtirof etadi?
Yangi tartibga koʻra, talabalarga bir xil stipendiya belgilanyapti. Uning qiymati bugungacha amal qilib kelgan minimal qiymat – “3”lik stipendiyaga yaqin. Ammo Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi masʼullari aytishicha, qatʼiylashtirilgan 400 ming soʻmlik stipendiya miqdori qayta koʻrib chiqilishi ham mumkin. Har holda, talabalarning ijtimoiy himoyasiga eʼtibor qaratiladi, deb umid qilamiz. Chunki stipendiya miqdori ham shartnoma puli qiyinchiliklarini biroz yengillashtiradi.
Kontrakt narxlari tushishiga xayriya imtiyozlari ham yaxshi taʼsir etishi mumkin. Oliy oʻquv yurtlarining moddiy-texnik bazasi yoki talabalarning shartnoma pullarini
toʻlashga mablagʻ yoʻnaltirgan korxonalarga shu summa doirasida soliq imtiyozlari yoki boshqa qulayliklar berilsa, yaxshi boʻlardi.
Kuni kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy taʼlim vazirligi masʼul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda talabalarni yotoqxona bilan taʼminlash masalasida ham muammolar yetarli ekani taʼkidlandi. Vazirlik hisob-kitoblariga koʻra, oʻrtacha 80 ming nafar talaba turar joyga ehtiyoj sezadi. Bu talabning 40 foizi esa qondirilmay qolmoqda. Demak, 32 ming nafar talaba vaqtinchalik yashash joyi izlashga majbur. Bu – juda katta raqam. Agar turar joyga ehtiyoj toʻliq qondirilsa, bu ham maʼlum maʼnoda toʻlov-shartnoma puli “kamayishi”dir. Chunki yashash joyiga nisbatan kam mablagʻ sarflagan talabaning yelkasidagi chiqimlar biroz yengillashadi. Biroq bu muammoni tezda hal qilish qiyin, deyishyapti. Joy yetishmasligi oʻz-oʻzidan korrupsiya, tanish-bilishchilik illatlariga ham yoʻl ochib beradi. Demak, turar joy masalasida baribir yechim izlash kerak.
Toʻlov-shartnoma puli yukini yengillashtirish, taʼlim sifatini oshirish, talabalarga yetarli shart-sharoit yaratish masalasida nafaqat Oliy taʼlim vazirligi, balki oliy oʻquv yurtlarining oʻzi ham, keng jamoatchilik ham bosh qotiradi, taklif-tavsiyalar beradi, deb umid qilaman. Taklif-tavsiyalar saralanib, amalga tatbiq etilishiga ham ishonchim yoʻq emas.
Orifjon Madvaliyev,
jurnalist
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.