Atamoq, nomlamoq va ism qoʻymoq

Atamoq, nomlamoq va ism qoʻymoq

Bir kitob tahririda shu soʻzlarning maʼno farqlari seziladigan oʻringa duch keldim. Bu soʻzlar sinonim boʻlsa-da, baʼzi oʻrinlarda bir-birining oʻrnida qoʻllana olmaydi.

 

Atamoq soʻzi nom bermoq, ot qoʻymoq, nomlamoq maʼnosida kelganda jonli va jonsiz predmetlarga nisbatan ishlatilaveradi:

 

Shundan beri odamlar koʻprikni “Xotinkoʻprik” deb atashadi.

T. Ashurov, “Oq ot”.

 

Yusufbek hoji [Kumushni].. “farishta” deb atamoqqa ham hozir edi.

A. Qodiriy, “Oʻtgan kunlar”.

 

Nomlamoq soʻzi nom qoʻymoq, nom bermoq, atamoq kabi maʼnolarga ega. Lekin u asosan jonsiz predmetlarga nisbatan qoʻllanadi:

 

Yangi koʻchalarni nomlashda hudud tarixiga eʼtibor berish kerak.

 

Nom qoʻymoq iborasi esa jonsiz predmetlarga va hayvonlarga nisbatan tatbiq etiladi:

 

U mushugiga Baroq deb nom qoʻydi.

 

Ism qoʻymoq iborasi faqat insonga ot qoʻyishni anglatadi:

 

Kamoliddin oʻgʻliga Jaloliddin deb ism qoʻyibdi.

 

Endi kitobda duch kelgan jumlaga qaytamiz:

 

Rasmdagi bola va kuchukka ism qoʻying.

 

Bu jumla tahrir nuqtai nazaridan xato. Variantlar:

 

Rasmdagi bola va kuchukka ot qoʻying.

👉 Bola va kuchuk yonma-yon kelishi, bu oʻrinda inson va hayvonga bir darajada munosabat boʻlishi unchalik toʻgʻri emas.

 

Rasmdagi bola va kuchukni nomlang.

👉 Insonga nisbatan nomlang soʻzini ishlatmaslik kerak.

 

Rasmdagi bolaga ism, kuchukka nom qoʻying (yoki bering).

✅ Variantlar ichida eng maqbuli shu.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube