“Jigʻimga tegma”: jigʻ nima?
Jigʻiga tegmoq soʻzidagi jigʻ nimani anglatishini soʻrashgan edi. Oʻzbek tilining izohli va etimologik lugʻatlari, “Devonu lugʻatit turk”, turkiy tillarning bir nechta etimologik lugʻatlarini qarab chiqdim. Aniq dalil topa olmadim. Taxmin va farazlarim koʻpaydi, xolos.
Jigʻ oʻzagi jigʻiga tegmoq, jigʻini ezmoq, jigʻibiyron boʻlmoq, jigʻibiyroni chiqmoq iboralarida uchraydi. Mustaqil qoʻllanmaydi. Iboralarning maʼnolari:
Jigʻiga tegmoq – tegishib yoki biror yoqmaydigan ish, gap bilan jahlini chiqarmoq, gʻashini keltirmoq.
Jigʻini ezmoq – urib abjagʻini chiqarmoq.
Jigʻibiyron boʻlmoq yoki jigʻibiyroni chiqmoq – kuyib-pishmoq, oʻrtanmoq; tutaqib ketmoq.
Balki, boshqa shevalarda ham bordir. Fargʻona shevasida jig soʻzi ishlatiladi. Qassoblar jonliqning boʻynidagi ikki asosiy jon tomirini jig deydi. “Jigim uzilguday ishladim” degan ibora esa juda qattiq ishladim, boʻynim uzilib tushay dedi maʼnolarini beradi.
Jigʻini ezmoq soʻzidagi jigʻ tovush oʻzgarishiga uchragan ana shu jig soʻzi boʻlishi mumkin. Jigʻiga tegmoq esa jon tomiriga, yaʼni jigiga urmoq degan mazmunga yaqin.
Jigʻibiyron soʻzidagi biyron forschada oʻtkir, keskir degan maʼnoni anglatadi. Agar soʻz tarkibidagi biyron forscha boʻlsa, jigʻibiyron – boʻyni kesilgan degani. Yaʼni jigʻibiyron – boʻyni kesilgandek, qattiq gʻazabda, figʻoni falakka chiqqan. Oʻzbek tilida xunibiyron degan soʻz ham uchraydi. Izohli lugʻatga koʻra, bu soʻz forschada qizdirilgan, qovurilgan qon maʼnosini anglatadi. Bu maʼnoga tayanilsa, jigʻibiyron – qoni qizigan, gʻazablangan.
Endi yuqoridagi farazlarimizga izohli lugʻat va shevalardan asos topamiz.
Izohli lugʻatda jigʻovul soʻziga ov qushining boʻyin bogʻi deya taʼrif berilgan. Demak, soʻz tarkibidagi jigʻ boʻyin maʼnosini anglatyapti:
Qarchigʻay boʻyniga taqdim jigʻovul,
Xizmatimda saf hudaychi, shigʻovul.
“Xushkeldi”.
Yuganni bilamiz – ot abzali. Shevada jugan ham deyiladi. U otning bosh-boʻyin qismiga taqilishini hisobga olsak, soʻz tarkibidagi yug-jug boʻyin maʼnosidagi jig boʻlishi mumkin. Y va j tovushlarining almashishi turkiy tilga, jumladan, oʻzbek tiliga xos. Buni Mahmud Qoshgʻariy ham taʼkidlagan.
Fattoh Abdullayevning “Oʻzbek tilining Xorazm shevalari” kitobida jigʻirjiq soʻzi qoʻylarning boʻyniga ip bogʻlaganda boʻgʻilmasligi uchun qoʻyiladigan yogʻoch deb taʼriflanadi. Bu yerda ham jigʻ oʻzagi boʻyin maʼnosini bildiryapti, menimcha.
Iyiq degan soʻzga uchrab turamiz. U ot, eshak kabi ish hayvonlarining oldingi ikki oyogʻi ustidagi, beldan boʻyingacha boʻlgan qismini anglatadi. Iyiq soʻzining ildizlari jig-jiq-yiq soʻzlariga borib taqalishi ehtimoli yoʻq emas. Uning mazmunan boʻyin maʼnosiga yaqin ekani jig soʻzi boʻyin maʼnosini berishi haqidagi taxminimizni quvvatlaydi.
Jigʻildon soʻzidagi jigʻ ham shu oʻzakdan boʻlishi mumkin. Qushlarning jigʻildoni boʻyindan pastda, qiziloʻngachda boʻladi.
Endi ehtimoldan uzoqroq variantlarni koʻrib chiqamiz.
“Turkiy tillar etimologik lugʻati”da yek-jek-jik soʻzlari shayton, yovuz ruhlar, yaramas, ochkoʻz kabi maʼnolarni bildirishi aytilgan. Mahmud Qoshgʻariy bu soʻzni yek shaklida va shayton maʼnosida ishlatgan. Balki, jigʻiga tegmoq, jigʻini ezmoq iboralaridagi jigʻ soʻzi jini suymadi, jini qoʻzidi kabi iboralardagidek jin maʼnosini berar.
Shu lugʻatda yiq soʻzining peshona, manglay maʼnosi borligi ham aytilgan. Lekin biz oʻrganayotgan iboralardagi jigʻ soʻzi bu maʼnoni tashimasa kerak.
A. Diboning “Turkiy tillarning tayanch leksikasi etimologik lugʻati” kitobida yozilishicha, oʻzbek tilidagi chakak, yaʼni pastki jagʻ soʻzi boshqa turkiy tillarda chega, chiga shaklida ishlatiladi va chakka maʼnosini beradi. Shunga asoslanib jigʻ chakak yoki jagʻ soʻzining oʻzgargan shakli boʻlishi ham mumkin, deya olamiz. Yuqorida jek-jik soʻzi ochkoʻz maʼnosini anglatishini aytgandik. Olimlar fikricha, bu soʻz emoq feʼlidagi ye oʻzagiga borib taqaladi. Jagʻ soʻzi ham ana shu ye oʻzagidan paydo boʻlgan va “j”lashgan boʻlishi ehtimoli bor.
Xullas, yuqoridagi izlanishlardan soʻng jigʻ soʻzi boʻyin va boʻyin tomiri maʼnolarini beradi degan taxminim mustahkamlandi. Agar bu soʻzning etimologiyasi bilan bogʻliq maʼlumotlaringiz boʻlsa, izohlarda ulashing.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.