Ayyomingiz bilan: ayyom nima?
Bayram kunlarida “Ayyomingiz bilan!”, “Ayyomlaringiz qutlugʻ boʻlsin!” kabi gaplarni koʻp eshitamiz. Ayyom oʻzi nima?
Ayyom arabchadan olingan, asliyatda kunlar degan maʼnoni anglatadi. Oʻzbek
tilida uch xil maʼnoda qoʻllanadi:
1 Kun; kunlar. Bu maʼnoda kitobiy uslubda ishlatiladi, xolos.
Bugun har birimiz uchun qutlugʻ ayyom.
“Mushtum”.
2 Bayram kuni; bayram kunlari.
Ulugʻ ayyom.
Ayyomlari (ayyomingiz) muborak!
3 Baʼzi soʻzlar bilan qoʻllanib, shu soʻzlar bildirgan vaqt, fasl va shu kabilarga oid on, kun, kunlarni bildiradi.
Bahor ayyomida gul gasht etarga bir chaman boʻlsa.
Furqat.
Yigitlikning ayyomini yod qil.
A. Navoiy.
Oʻzi asliyatda kunlar degan maʼnoni anglatgan ayyomga oʻzbekchada yana koʻplik qoʻshimchasi qoʻshib, ayyomlar deymiz. Lekin bu oʻzbek tili uchun normal holat. Chunki biz ayyomni birlikdagi soʻz sifatida qabul qilganmiz.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.