Bolangizning yuziga urmang
Koʻpchilik ota-onalar bola tarbiyasida eng oxirgi usuldan birinchi galdayoq foydalanib qoʻya qoladi. Farzand shoʻxlik qilsa yoki gapga kirmasa, uradilar. Toʻgʻri, qattiqqoʻllik kerak. Lekin muomala, tushuntirish, tergash, ogohlantirish kabi vositalar ish bermagandagina jismoniy jazoga oʻtish mumkin. Gʻazabga berilish koʻp hollarda tuzatib boʻlmaydigan xatolarga olib keladi. Nohaq yoki ortiqcha kaltaklash bolaning tanasiga emas, qalbiga shikast yetkazadi.
AQSHning Ostin shtati universiteti va Texas shtati universiteti tadqiqotchilari taʼkidlashicha, bola qancha koʻp tarsaki yesa, unda ruhiy salomatlik borasidagi muammolar shuncha tez paydo boʻladi, tajovuzkorligi ortadi. 50 yil mobaynida oʻtkazilgan ushbu tadqiqotda 160 ming nafar bola oʻrganildi.
Koʻpincha ota-onalar ozgina kaltak foydadan xoli boʻlmaydi, deb oʻylaydi. Biroq uni qay holatda va qachon qoʻllashni bilmay, xatolarga yoʻl qoʻyishadi. Bunday usuldan foydalanishga bolaligida oʻzlari ham kaltaklanib “tarbiyalangan” kishilar moyil boʻladi. Natijada bu holat takrorlanaveradi, avloddan avlodga oʻtaveradi. Har kim oʻzi bilmagan holda qalbidagi ogʻriqlari, alamlari uchun bolasini jazolaydi.
“Tadqiqotimiz kattalarni oʻz xatti-harakatlari haqida oʻylab koʻrishga majbur qiladi va kelgusida ota-onalar odob-axloq oʻrgatishning faqat ijobiy usullarini qoʻllaydi, deb umid qilamiz”, deya taʼkidlashdi olimlar.
Orifjon Madvaliyev
“Sogʻlom avlod” gazetasining 2016-yil 42-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.