“Bosh kompaniya” deyish mumkin

“Bosh kompaniya” deyish mumkin

Muhrim yozyapti:

Inglizcha parent company, ruscha materinskaya kompaniya atamasi oʻzbekchada nima boʻlardi, ona kompaniya desa boʻlarmikin, boshqalar ham shunaqa ishlatganmikin deb gugllasam, qidiruv natijalarida birinchi boʻlib qandolatchi “Zebiniso ona” kompaniyasi chiqdi. Balki ota kompaniya degan varianti bordir deb qayta gugllasam, kolbasachi “Toʻxtaniyoz ota” kompaniyasi chiqdi. Boshqa qidirmadim.

Bu birikmani bosh kompaniya deb tarjima qilish mumkin. Maʼnoni toʻla-toʻkis ifodalaydi. Bosh ofis degan ibora bilan adashtirib qoʻyilmaydimi degan savol tugʻilishi mumkin. Yoʻq, adashtirilmaydi, biri kompaniya, korxona yoki firmaga nisbatan ishlatilyapti, birida boshqaruv idorasi nazarda tutilyapti.

Inglizcha yoki ruschada boshqa soʻz ishlatilyapti-ku deb aynan unga muqobil soʻz bilan oʻgirishga urinmaslik kerak. Chunki har bir tilning oʻz tabiati, xarakteri bor. Oʻzbekcha juda koʻp soʻzlarni ham boshqa tillarga soʻzma-soʻz mos tushadigan shaklda tarjima qilish imkoni yoʻq. Tarjimada eng muhimi – mazmunning mosligi. Imkoni boʻlsa, soʻz ham mos kelsin. Imkon boʻlmasa, kamida mazmun uygʻunligini taʼminlash kerak.

Men inglizcha motherboard, ruscha materinskaya plata soʻzlari tarjimasida ham bosh soʻzini ishlataman: bosh plata. Ona plata iborasi mazmunni ifodalashga kuchsizlik qiladi, menimcha.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.