Bular aslida ruscha emas: rus tiliga oʻzlashgan turkiycha soʻzlar
Yogurt, stakan, utyug, kirpich kabi soʻzlar asli oʻzbekcha ekani, rus tiliga turkiy tillardan oʻzlashgani haqida maktab darsligida berilgan maʼlumot ijtimoiy
tarmoqlarda bahs-munozaralarga, hatto kulgi-mazax va kinoyalarga sabab boʻldi. Yuz minglab obunachiga ega kanallar ham bu maʼlumotni istehzo bilan tanqid qildi. Aslida-chi? Ozroq kitob varaqlagan, manba koʻrgan kishi bu soʻzlar rus tiliga haqiqatan ham turkiy tillardan oʻzlashganiga amin boʻladi.
Tillar bir-biri bilan muntazam aloqada. Bir-biridan soʻz olib, soʻz beradi. Agar bu jarayon tabiiy shaklda kechsa, bunday oldi-berdi tilni boyitishga xizmat qiladi. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bu gal turkiy ildizga ega, rus tiliga oʻzlashib, ruslashib ketgan soʻzlarimiz haqida hikoya qiladi.
Stakan – yogʻoch kosa
Hayron qolayotgan boʻlishingiz mumkin. Lekin rostdan shunday. Faqat uzoqroq yoʻl yurib kelgani uchun tanimay turibsiz xolos.
Soʻzlashuvda odamlar stakanni istakan deyishi bejiz emas. Chunki soʻz boshida ikki undoshning yonma-yon kelishi oʻzbek tiliga xos emas. Stakan rus tili taʼsirida shunday koʻrinish olgan. Eski oʻzbek tilida, yaʼni chigʻatoychada toʻstugʻon, tustigʻon, toʻstugʻan shaklida qoʻllangan bu soʻz ruschada tovush oʻzgarishlariga uchragan: dostokanʼ > stokan > stakan.
“Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati” toʻstugʻon va tustigʻon soʻzini qimiz quyib ichiladigan idish; yogʻoch kosa deb izohlagan:
Halol ona sutidekdur gar oʻzbekim tutsa,
Tobuq qilib yukunib tustigʻon ichinda qimiz. (Alisher Navoiy, “Xazoyinul-maoniy”.)
Toʻstagʻan soʻzi hozirgi qozoq, qirgʻiz, tatar, boshqird tillarida baʼzi talaffuz oʻzgarishlari bilan ishlatiladi.
Bu soʻz qadimgi rus tiliga ming yillar oldin oʻzlashgani ehtimoli katta. Chunki 1356-yilga oid rus yozma yodgorliklarida dostakanʼ soʻzi qayd etilgan.
Batrak bir zamonlar botir boʻlgan
Batrak soʻzi oʻzbek tilida ham qoʻllanadi, asosan badiiy adabiyotda uchraydi. Ayniqsa, sovet davri adabiyotida qashshoq, birovga yollanib ishlaydigan va jabr-zulm koʻrgan batrak obrazi koʻp talqin qilingan. Gʻafur Gʻulomning “Koʻkan batrak” nomli asari ham bor. Batraklar kolxozlashtirish davrida tashviqotchilik vazifasini ham oʻtagan.
Filologlar fikricha, batrak atamasi rus tiliga turkiy tillardan, katta ehtimol bilan, tatar tilidan oʻtgan. Taniqli rus tilshunosi Maks Fasmerga koʻra, bu soʻzning ildizi botir soʻziga borib taqaladi. Botir soʻzi esa moʻgʻul tiliga oid. Moʻgʻul va turkiy xalqlarda jasur jangchilar nomiga botir, bahodir kabi unvonlar qoʻshib aytilgan.
Rus tiliga XVI asrda oʻzlashgan batrak bora-bora shu maʼnodagi boshqa soʻzlarni isteʼmoldan siqib chiqargan.
Soʻzning taqdiri ajoyib. Bir paytlar yovlarni zir titratgan botir va bahodirlar oʻz mol-mulki boʻlmagan yollanma ishchilarga – batraklarga aylangan.
Chugun – eritilgan mis
Chugun soʻzini ogʻzaki tilda ishlatamiz, hatto ruscha qoʻshimchasini ham qoʻllaymiz. Isitish qovurgʻalari haqida gapirganda chugunnaya batareya atamasiga murojaat qilamiz. Aslida bu soʻz ham turkiy asosga ega. Chugunning oʻzbekchasi choʻyan boʻladi. Choʻyan uglerod bilan temirdan, shuningdek, juda oz miqdordagi boshqa qoʻshilmalardan iborat qotishma. U poʻlat hosil qilish yoki quyma detallar tayyorlash uchun ishlatiladi.
Ruscha chugun va oʻzbekcha choʻyan asli bitta soʻz. Soʻz ruschada ham, oʻzbekchada ham tovush oʻzgarishlariga uchragan. “Devonu lugʻatit-turk”da choʻdin soʻzi eritib quyilgan bir turli mis deya izohlangan. U hozir qardosh turkiy tillarda turli talaffuz variantlarida ishlatiladi.
Choʻyan soʻzi ruschaga oʻzlashishiga XIV–XV asrlarda Bulgʻoriya, Bolgar va Juketov kabi hududlarda temir, choʻyan va poʻlat ishlab chiqarish ommalashgani sabab boʻlgan.
Bu soʻz turkiy tillarga xitoy tilidan oʻzlashgan degan qarash ham bor. Unga koʻra, choʻyan iborasi chju – metall quymoq, gung – ish soʻzlaridan hosil boʻlgan.
Dengi – tanganing koʻpligi
Rus tilida eng muhim hayotiy vosita – pulning oti ham asli turkiycha ekani koʻpchilikni hayratlantirsa ajab emas. Turkiy tillarda kumush pulni anglatgan tanga rus tiliga denga boʻlib oʻtgan. Keyinchalik koʻplik shaklini olib, dengi koʻrinishiga kelgan. Rus tilidagi eʼtiborli etimologik manbalarning aksari bu fikrni tasdiqlaydi.
Tanga soʻzi rus tiliga XIV asrlarda kirib kelgan. XV asr rus yozma manbalarida ushbu soʻz tenka, tenki shaklida uchraydi.
Tanga qadimda arab, fors, hind, tibet kabi tillarda ham turli talaffuz variantlarida qoʻllangan. Tangalar dastlab kumushdan, keyinroq misdan zarb qilingan. Qadimgi Yunoniston va Forsda metall pullar danaka deb atalgan. Oltin Oʻrdada esa dang yoki danig deb nomlangan. Toʻgʻri oʻylayapsiz, har ikki soʻz tanganing ayni oʻzi. Faqat tovushlari biroz oʻzgargan.
Baʼzi manbalarga koʻra, tanga soʻzining ildizi tiyinga borib taqaladi. Ayrim manbalar esa ruscha dengi turkiycha tamgʻadan kelib chiqqan degan fikrni ilgari suradi. Darvoqe, tamgʻadan hosil boʻlgan boshqa bir rus soʻzi ham sizu bizga yaxshi tanish.
Tamojnya – tamgʻa uriladigan joy
Tamgʻa soʻzi qadimda chorva yoki boshqa mulklarni ajratish uchun qoʻyiladigan belgini bildirgan. U taq feʼliga -ma qoʻshimchasini qoʻshish orqali yasalgan. Taqma vaqt oʻtib, tovush oʻzgarishiga uchragan va tamgʻaga aylangan.
Koʻchmanchi turk qabilalari asosan otlari va qimmatbaho buyumlariga tamgʻa bosgan. U bu mulkning biror shaxsga yoki qabilaga tegishli ekanini bildirib turgan.
Tamgʻa Oltin Oʻrda davrida Qadimgi Rusda savdo bojini anglatgan.
Rus etimolog olimi Lev Uspenskiyga koʻra, tamgʻa atamasi rus tiliga III asrda kirib kelgan. Soliq yigʻuvchilar turli yorliqlarga qoʻyadigan muhr tamgʻa, muhr bosuvchilar esa bosqoq deb atalgan. Chegara boji ham tamgʻa deb nomlangan, chunki boj toʻlangach, hujjatga tamgʻa urilgan. Shu soʻzdan tamojnya hosil boʻlgan. U tamgʻa qoʻyiladigan joy, idorani anglatgan. Bu yerda ishlovchilar tamojnik, tamojennik nomini olgan.
Loshad – axta ot
Ming yillar oldin rus tilida loshad soʻzi boʻlmagan. Ot kon soʻzi yordamida ifodalangan. Keyinchalik turkiy tillar taʼsirida loshad ham isteʼmolga kirgan.
Loshad alasha va ot soʻzlaridan hosil boʻlgan. Alasha turkiy tillarda ot, axta ot maʼnolarini anglatgan. Turkiy qavmlar orasida juda ommalashgan bu soʻz Sharqiy Yevropa tillariga ham koʻchib oʻtgan. Alasha baʼzan ot soʻzi bilan ham ishlatilgan, ruschaga ayni shu shakli oʻzlashgan. Baʼzi olimlar fikricha, alasha ruchaga losha shaklida oʻtgan, soʻng unga –ʼd qoʻshimchasi qoʻshilgan. Ukrain tilida esa losha shakli saqlangan va u qulun, toycha maʼnosini anglatadi.
Alashaning birinchi tovushi tushib qolishi favqulodda holat emas. Rus tiliga turkiy tillardan oʻtgan soʻzlarda bunday oʻzgarishlar uchrab turadi. Masalan, kulba, kapa maʼnosidagi olachuq soʻzi ruschaga lachuga shaklida oʻtgan.
Losha loshak shakliga kirgach, xachir maʼnosiga ega boʻlgan. Soʻz soʻngidagi -k boshqa bir turkizm – ishak, yaʼni eshak taʼsirida yuzaga kelgan.
Yeralash – aralash-quralash
“Yeralash” nomli bolalar hajviy kinojurnalini bilsangiz kerak. Nomi oʻzimizning aralash soʻziga oʻxshab ketadi. Lekin bu oʻxshashlik tasodif emas. Ruscha eralash ayni shu aralashning oʻppa-oʻzi. Aralash oʻzbekchada qoʻshilgan, qorishgan holatni anglatsa, boshqa turkiy tillarda tartibsizlik, tartibsiz harakat, hovliqish kabi maʼnolarga ega. Yeralash ruschada boshi-keti yoʻq tartibsizlik, chigallik, chalkashlik, aralash-quralashlikni bildiradi.
Olimlar fikricha, bu soʻz rus tiliga XVIII–XIX asrlarda oʻzlashgan. Baʼzi tadqiqotchilar eralash dastlab Sharq taomlaridan biri boʻlgani, keyinchalik maʼnosi oʻzgarib ketganini ilgari suradi. Boshqalar esa soʻz yangi oʻzlashgan paytda ham hozirgi maʼnosida boʻlgan degan fikrda.
Pay va payok
Har ikki soʻz oʻzbek tilida ham qoʻllanadi. Ularning oʻzagi bir, lekin maʼnosi har xil. Pay biror shirkat, aksiyadorlar jamiyati ishida qatnashish uchun qoʻshiladigan hissa, ulushni anglatadi:
Koʻplab aksiyadorlar oʻzlarining sotib olgan aksiya va paylari evaziga dividend, yaʼni daromad olishlari kerak. (“Gazetadan”.)
Payok esa biror kishiga maʼlum vaqtga moʻljallab beriladigan oziq-ovqat miqdori:
Dadavoy aka bugun har kungidan ertaroq keldi. U oylik payogiga
goʻsht, yogʻ, guruch, qandni bir xalta qilib koʻtarib kirdi. (H. Gʻulom, “Toshkentliklar”.)
Pay qadimgi turkiy tilda ulush, hissa, qurʼa, chek maʼnolarini bildirgan. Ruschaga ham xuddi shu maʼnoda oʻzlashgan. Payok esa pay soʻzining kichraytirish-erkalash qoʻshimchasini olgan shakli. U belgilangan muddat uchun belgilangan miqdorda beriladigan oziq-ovqatni anglatadi. Asosan harbiylar orasida mashhur. Masalan, suxoy payok iborasi issiq ovqat tayyorlash ilojsiz boʻlgan sharoitda isteʼmol qilishga moʻljallangan yeguliklarni anglatadi.
Kara, kariy, karakovыy, karandash
Bu soʻzlarning bari turkiy qora soʻzidan oʻsib chiqqan. Kara kam oʻzgarishga uchragan, u jazo maʼnosida qoʻllanadi. Kariy esa qoratoʻriq, aygʻir, jigarrang kabi maʼnolarga ega. Qora bu oʻrinda bir yumalab, jigarrangga aylangan. Karokovыy ham kariyga maʼnodosh, qoratoʻriq otni anglatadi. Karandash soʻzi qora va tosh soʻzlaridan yasalgani, qalam maʼnosiga egaligi koʻpchilikka maʼlum. Bu soʻzdagi toleni qarang, oʻzimizning soʻzimizni rus tiliga berib, uning oʻrniga uzoq yunon tilidan qalamni olib kelganmiz.
Rus tiliga qora oʻzakli boshqa soʻzlar ham oʻzlashgan. Kara nomli va shu oʻzakli bir necha joy nomlari bor.
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.