Abituriyent, shpargalka, imtihon: trenddagi soʻzlar dastlab qanday maʼnoga ega boʻlgan?
Shu kunlarda yuz minglab yoshlar oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun imtihon topshiryapti. Sinov kunini kutayotganlar esa haliyam zoʻr berib tayyorgarlik koʻryapti. Baʼzilar kechani kecha, kunduzni kunduz demay oʻqish-oʻrganish bilan band. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib barcha bilimli abituriyentlarga omad tilagan holda, bugun eng koʻp tilga olinayotgan soʻzlarning kelib chiqishi, kechmishi haqida hikoya qiladi.
Abituriyent – ketadigan odam
Abituriyent soʻzining ildizi lotincha abituriens yoki abiturientis soʻziga borib taqaladi. Maʼnosi – ketishga chogʻlangan kishi. Abiturus soʻzi esa ketishi kerak boʻlgan kishi maʼnosiga ega. Izohli lugʻatga koʻra, abituriyent oʻzbek tilida oʻrta maktabni bitirayotgan oʻquvchini, oliy yoki oʻrta maxsus oʻquv yurtiga kirish uchun daʼvogarni anglatadi. Biroq hozir soʻz birinchi maʼnosida deyarli qoʻllanmay qoʻygan. Abituriyent deganda oʻqishga topshirgan yoki topshirmoqchi boʻlganlar tushuniladi.
Bu soʻz bizga rus tilidan kirgan. Rus tiliga esa nemis tilidan oʻtgan. Biz bilgan maʼnodagi abituriyent atamasi sobiq sovet davlatlari hududidagina qoʻllanadi xolos. XIX asr oxirlarida abituriyent deb oʻrta maʼlumot haqidagi attestatni olgan oʻquvchi tushunilgan. Nemis gimnaziyalarida oʻrta taʼlim guvohnomasini olish uchun abiturienten yoki absolutorialexamen deb nomlangan imtihonlar oʻtkazilgan.
Soʻzdagi maʼno evrilishini qarang. Bir paytlar ketmoqchi boʻlgan kishi maʼnosidagi soʻz hozir oʻquv yurtiga kirmoqchi boʻlgan kishi maʼnosini tashiyapti.
Shpargalka yoʻrgaklanadimi?
Abituriyent va talabalar tilida shpora shaklida qoʻllanadigan shpargalka soʻzining ildizi yunoncha sparganon – yoʻrgak soʻziga borib taqaladi. Bunda ham ramziy maʼno borga oʻxshaydi. Muhim maʼlumotlar yozilgan qogʻozlarni imtihon topshiruvchilar xuddi ona bolasini yoʻrgaklaganday avaylab-asraydi, birov topolmaydigan darajada yashirishga urinadi.
Imtihon paytida yashirincha foydalaniladigan qaydqogʻozni anglatuvchi shpargalka soʻzi oʻzbekchaga ruschadan oʻzlashgan. Ruschaga esa polyak tilidan. Polyakcha szpargal, szpargalka soʻzi yozib tashlangan, eski qogʻozni bildirgan.
Karnaychidan bir puf: imtihonda shpargalkadan foydalanish taqiqlangan, u bilan qoʻlga tushsangiz, test sinovlaridan chetlatilishingiz mumkin.
Imtihon va test – egizak
Imtihon va test soʻzlarining asl maʼnosi bir xil. Ikki soʻz ham sinov, tajriba, oʻrganish maʼnolariga ega. Imtihon arab tilidan, test esa ingliz tilidan kirib kelgan.
Imtihon soʻzi tilimizdan oʻrin olganiga bir necha yuz yillar boʻlgan. U Alisher Navoiy davrida sinash, tekshirish, tajribadan oʻtkazish maʼnolarida qoʻllangan:
Imtihon uchun buyurdikim, bir tabaqda oʻt va birida yoquti ahmar kelturdilar. (Alisher Navoiy, “Tarixi anbiyo va hukamo”)
Test soʻzi yangi oʻzlashmalardan. U oʻtgan asrning 90-yillari oxirida, yurtimizda test imtihon tizimi joriy qilingach, isteʼmolga kirdi. 1981-yili nashr qilingan izohli lugʻatda test soʻzi yoʻq.
Bugun oʻzbek tilida test qisqa standart topshiriqlarni va soʻrovnomani ifodalaydi. Uni sinash, tajriba qilib koʻrish maʼnosida ishlatish ham uchrab turadi.
Talaba – talab qiluvchi, student – qattiq ishlovchi
Oliy yoki oʻrta maxsus bilim yurti oʻquvchisi talaba deyiladi. Arab tilidan oʻzlashgan bu soʻz tilimizda koʻpdan beri bor. U asliyatda soʻrovchilar, talab qiluvchilar; oʻquvchilar kabi maʼnolarni anglatadi. Alisher Navoiy bu soʻzni shogirdlar, oʻquvchilar maʼnosida qoʻllaydi:
Ilm talabasi uchun madrasa ham ihdos qildi. (Alisher Navoiy, “Nasoyimul muhabbat”)
Eski oʻzbek tilida talaba maʼnosida uning biroz oʻzgargan shakli – tolib va tolibi ilm soʻzlaridan keng foydalanilgan. Tolibi ilm atamasi bugungi tilimizda ham bot-bot ishlatib turiladi. Tolib soʻzi arab tilida izlovchi; talab qiluvchi, xohlovchi; oʻquvchi; tinglovchi kabi maʼnolarni anglatadi. Tolibi ilm ilm talab qiluvchi, ilm izlovchi demakdir.
Mustaqillik yillarida oʻz oʻrnini talabaga boʻshatib bergan student soʻzi dastlab hozirgidan boshqa maʼnoda qoʻllangan. Lotin tilida studens soʻzi qattiq mehnat qiluvchi, berilib ishlovchi kishiga nisbatan ishlatilgan. Qadimgi Rimda va oʻrta asrlarda ilm bilan shugʻullanuvchi har qanday kishi student atalgan. XII asrda universitetlar paydo boʻlgach, student atamasi unda oʻqiydigan va dars beradiganlarni anglata boshlagan. Magistr, professor kabi ilmiy darajalar taʼsis qilingach esa, bu ibora faqat talabalarga nisbatan qoʻllana boshlagan.
Institut qizlar oʻqiydigan joy boʻlganmi?
Institut oliy oʻquv yurtini yoki ilmiy tadqiqot muassasasini bildiradi. U mustaqil tashkilot boʻlishi ham, universitet tarkibida faoliyat yuritishi ham mumkin. Lotincha institutum – tashkilot, tuzilma, odat soʻzidan hosil boʻlgan. Soʻz tarkibidagi in – ichida, doirasida, statuo – quraman, oʻrnataman maʼnosiga ega. Soʻzdagi st oʻzagi qadimgi hind-yevropa tillariga borib taqaladi. Uning maʼnosi boʻlmoq, turmoqdir. Konstitutsiya soʻzi ham ana shu oʻzakka borib taqaladi.
Institut soʻzi bizga ruschadan oʻzlashgan. Rus tiliga esa fransuzchadan kirgan. Rus tilida XIX asr boshidan ilm maskani maʼnosida qoʻllana boshlagan. Rossiya imperiyasida institut oqsuyaklarning qizlari oʻqiydigan yopiq shakldagi oʻrta taʼlim dargohini ham bildirgan.
Oʻrta Osiyoda, jumladan, hozirgi Oʻzbekiston hududida institut va universitetlar vazifasini madrasalar oʻtagan.
Universitet – fanlar jamlangan joy
Universitet soʻzining ildizi lotincha universitas litterarum atamasiga borib taqaladi. U barcha fanlar jamlanmasi degan maʼnoni bildiradi. Chunki universitetlar yuzaga kelgan paytda ularda oʻsha zamonda maʼlum boʻlgan barcha fanlar oʻqitilgan. Hozir ham universitetlar keng tarmoqli ekani bilan ajralib turadi. Institutlar odatda bitta yoʻnalishda faoliyat olib borsa, universitetlarda xilma-xil yoʻnalishdagi fakultetlar boʻladi.
Dastlabki universitetlar Italiyaning Bolonya (XI asr), Salerno (XII asr oxirlari), Fransiyaning Parij (1215), Monpelye (1289), Buyuk Britaniyaning Kembrij (1209), Oksford (XII asrning ikkinchi yarmi),
Ispaniyaning Salamanka (1218), Portugaliyaning Lissabon (1290) shaharlarida paydo boʻldi. Bular iqtisodiy jihatdan ancha rivojlangan, shaharlari koʻp, savdo va hunarmandchiligi yuqori darajada boʻlgan, madaniyat, falsafa va ilm-fan taraqqiy etgan mamlakatlar edi.
Sharqdagi oliy taʼlim dargohlari Yevropadan oldinroq paydo boʻlgan. Tunisdagi az-Zaytun universitetiga 732-yili asos solingan. Mashhur tarixchi Ibn Xaldun ana shu ilm dargohi bitiruvchisidir. Marokashdagi Qaraviyyin universiteti 859-yili tashkil topgan. Misrdagi dunyoga mashhur al-Azhar universiteti esa 970-yildan faoliyatini boshlagan. Milliy ensiklopediyaga koʻra, Buxorodagi “Forjak” madrasasi Oʻrta Osiyodagi dastlabki oliy ilm dargohlaridandir. U Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida aytib oʻtilgan 937-yilgi yongʻinda zarar koʻrgan. Ushbu madrasaga Islom olamida mashhur faqih Abu Hafs Kabiyr Buxoriy (767–832) asos solgan. Shu bois u koʻplab manbalarda Abu Hafs madrasasi deb ham atalgan. Abu Hafs Kabir madrasasida mashhur muhaddis Imom Buxoriy ham taʼlim olgan.
Mandat aslida “topshiriq” degani
Odatda imtihon javoblari belgilangan, kutilgan sanadan kech chiqadi. Bu soʻz har yili avgust oyida abituriyentlar va ota-onalar eng koʻp qaytargan ibora boʻladi.
Mandat soʻzi lotincha mandatum soʻzidan olingan, topshiriq, buyruq degan maʼnoni anglatadi. Mandatum soʻzi mandāre – qoʻliga bermoq, topshirmoq soʻziga, u esa manus – qoʻl, dare – bermoq oʻzagiga borib taqaladi.
Atama sifatida biror shaxsning vakolatini, muayyan faoliyat yoki narsaga huquqini tasdiqlovchi rasmiy hujjatni anglatadi:
Deputatlik mandati. Qoʻlga mandat bermoq.
Talabaning mandati esa oliy oʻquv yurtida oʻqish huquqini beruvchi hujjatdir. Imtihonda yigʻilgan ball oʻqishga kirishga yetishini tasdiqlash mandatdir.
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.