Bular bir xil maʼnoli soʻz emas – nozik maʼno farqiga ega 12 ta soʻz
Baʼzi soʻzlar mazmun jihatidan bir-biriga yaqin boʻlsa-da, maʼno nozikliklari bilan farq qiladi. Ana shu farqni bilmaslik yoki his qilmaslik soʻzlarni xato tushunishga va qoʻllashga sabab boʻlishi mumkin. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib ana shunday soʻzlarning ayrimlarini tahlil qiladi.
Isrof va uvol
Isrof va uvol soʻzlari maʼno jihatidan yaqin, baʼzan bir-birining oʻrnida almashlab qoʻllash ham mumkin. Biroq ayrim holatlarda ikkisi ikki xil mazmunni anglatadi.
Isrof soʻzi arabchadan olingan, ortiqcha va keraksiz sarfni anglatadi. Isrof haqidagi tushuncha xalqimizga Islom dini taʼsirida singgan, dinimiz isrofni qoralaydi va undan qattiq qaytaradi.
Uvol ham arabchadan, bugungi oʻzbek tilida asosan foydasiz yoki bevaqt yoʻq boʻlish, yoʻqolish; nest-nobud boʻlish maʼnosida ishlatiladi. Bu maʼnosi bilan isrof soʻziga sinonim sanaladi.
Endi maʼno qirralaridagi farqqa kelsak.
Deylik, kechki ovqat keragidan ortiqcha tayyorlandi va ortib qoldi. Saqlashning iloji yoʻq, ertalabga qolsa, ayniydi. Uni aynitib qoʻyish ham isrof, ham uvol. Lekin siz shu ortiqcha qismini bir amallab, istamasangiz ham yedingiz. Maqsad – uvol boʻlmasin. Toʻgʻri, bunda ovqat uvol boʻlmadi. Lekin baribir isrof boʻldi. Chunki unga ketgan ortiqcha masalliq olib qoʻyilganda, ertaga boshqa ovqatga ishlatilardi. Keragidan ortiq yeyish esa sizning sogʻligʻingizga, kayfiyatingizga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Sogʻliqning yomonlashishi kun kelib shifokor xizmatiga yoki dori-darmonlarga pul sarflashga, ovoragarchiliklarga sabab boʻlishi mumkin. Bular ham ehtimoliy ortiqcha sarflar, yaʼni isrofdir.
Yoqilgʻi va yonilgʻi
Bu ikki soʻz mazmun jihatidan bir-biriga yaqin. Lekin maʼno qirralari farqlanadi.
Yonilgʻi yonadigan suyuq modda, suyuq yoqilgʻini bildiradi. Benzin, kerosin, solyarka va shu kabi mahsulotlar yonilgʻi sanaladi.
Yoqilgʻi esa issiqlik energiyasi olish uchun yoqiladigan ashyoni anglatadi.
Yonilgʻi oʻrnida yoqilgʻi soʻzini ishlatish tahrir nuqtai nazaridan xato. Deylik, non ham, shoʻrva ham mohiyatiga koʻra bir ishni bajaradi – qorin toʻygʻazadi. Lekin nonni ichib boʻlmaydi, shoʻrvani esa ichish mumkin. Shu singari yoqilgʻi-moylash mahsulotlari, avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasi, jamoat transporti yoqilgʻisini tejash kabi iboralarda yoqilgʻi oʻrnida yonilgʻi soʻzini ishlatish yaxshiroq va toʻgʻriroqdir.
Milliy ensiklopediya bu soʻzga shunday izoh beradi:
“Dvigatellarda ishlatiladigan yoqilgʻi, masalan, benzin, kerosin, yadro yoqilgʻisi, reaktiv yoqilgʻi va boshqalar yonilgʻi deb ataladi”.
Qitʼa va materik
Qitʼa – Yer yuzidagi quruqliklarning atrofidagi orollar bilan birga shartli ravishda ajratilgan qismlari. Quruqlikning qitʼalarga boʻlinishini materiklarga boʻlinishidan farqlash kerak. Qitʼalarning baʼzilari materiklarga toʻgʻri keladi. Yevropa va Osiyo qitʼalari 1 ta materikka jam boʻladi, Amerika qitʼasi esa 2 ta materikdan iborat.
Milliy ensiklopediyaga koʻra, ayrim olimlar Tinch okeanning janubi-gʻarbida joylashgan barcha orollarni – Okeaniyani ham baʼzan 7-qitʼa hisoblaydi.
Gohida Arktikani ham alohida qitʼa deb sanashadi.
Qitʼalar |
Materiklar |
Yevropa Osiyo |
Yevrosiyo |
Afrika |
Afrika |
Amerika |
Shimoliy Amerika Janubiy Amerika |
Antarktida |
Antarktida |
Materiklar esa Yer sharining dengiz va okeanlar bilan qurshab olingan eng yirik quruqliklaridir. 6 ta materik bor: Yevrosiyo, Shimoliy Amerika, Janubiy Amerika, Afrika, Avstraliya va Antarktida.
Dunyoni qismlarga boʻlish ancha bahsli mavzu. Turli madaniyatlar va anʼanalarga koʻra, bir nechta variantlar bor. Kimdir jahonda 4 ta materik bor desa, kimdir 7 ta materik bor degan fikrda. Masalan, Xitoy, Hindiston, Gʻarbiy Yevropa va ingliz tilli mamlakatlarda 7 ta materik bor deb hisoblashadi.
Demak, materiklar – suv bilan oʻralgan katta quruqlik, qitʼalar esa shartli ravishda boʻlingan yirik quruqliklardir.
Turshak va bargak
Turshak – danagi bilan quritilgan oʻrik:
Dasturxonda turshak, olmaqoqi, yongʻoq, patir boʻlardi.
Sh. Xolmirzayev, “Ogʻir tosh koʻchsa”.
Bargak esa danagi olingan holda quritilgan oʻrikni anglatadi. Asli forscha bu soʻzning oʻzbekchasi – oʻrikqoqi:
– Aytganday, Qurbon akani birinchi MARTA tomga bargak yoyayotganimda koʻrganman, – dedi Mehri opa.
A. Eshonov, “Dutor”.
Voha va vodiy: farqi nimada?
Voha arab tilidan kirgan, oʻzbek tilida choʻl va chalachoʻllarda obod qilingan yerni anglatadi.
Vodiy soʻzi ham arab tilidan kirgan, oʻzbek tilida daryo boʻylab choʻzilgan yoki togʻlar orasidagi keng tekislik; ekin ekiladigan, obod yer; mamlakat, yurtning bir boʻlagi; diyor maʼnolariga ega. Koʻchma maʼnoda biror narsa uchun xos boʻlgan joy, makonni anglatadi.
Hudud nomlari bilan ishlatganda voha va vodiyning bitta aniq, keskin farqi bor: voha – choʻl va chalachoʻl hududda obod qilingan joy, vodiy esa daryo yoqasi boʻylab joylashgan yoki togʻlar orasidagi tekislik joy:
Zarafshon vohasi. Xorazm vohasi. Toshkent vohasi. Buxoro vohasi.
Fargʻona vodiysi. Surxon-Sherobod vodiysi. Qashqadaryo vodiysi (viloyatdagi vodiy, Zarafshon tizmasining janubi-gʻarbiy tarmoqlari oraligʻida.). Hisor vodiysi.
Voha va vodiy tushunchasi viloyat tushunchasidan farqlanadi. Voha va vodiy bir viloyat hududidan katta boʻlishi yoki bir viloyat ichida bir necha voha yo vodiy joylashishi ham mumkin. Milliy ensiklopediyaga koʻra, Fargʻona vodiysida bir nechta katta vohalar bor.
Kashf va ixtiro
Izohli lugʻat ikki soʻzni maʼnodosh sifatida sharhlagan. Ammo milliy ensiklopediya ikki tushunchani farqlagan:
Ixtiro – xalq xoʻjaligining turli sohalarida, ijtimoiy-madaniy, qurilish va mudofaa sohalarida ijobiy samara beradigan, oʻziga xos texnikaviy yechimga ega boʻlgan yangilik. Tor maʼnoda – davlat tomonidan tan olinadigan va tegishli qonun bilan muhofaza qilinadigan yangi texnik yechim. Har qanday yangilik ixtiro boʻlavermaydi. Macalan, quruq ilmiy qoidalar, xususan, kashfiyotlar, amalga oshirib boʻlmaydigan va xato takliflar (masalan, abadiy dvigatel yaratish haqidagi takliflar) ixtiro hisoblanmaydi. Ixtiroda hal qilinadigan masala faqat nazariy emas, balki amaliy ehtiyojlarni qondiradigan boʻlishi kerak.
Kashfiyot – izlanish, tekshirish, ilmiy tadqiqot natijasida, baʼzan esa tasodifan topilgan, yaratilgan ilmiy yangilik. Kashfiyot tufayli moddiy dunyoning ilgari insoniyatga maʼlum boʻlmagan obyektiv qonuniyatlari, xossalari va hodisalari maʼlum boʻladi…
Kashfiyot natijasida muayyan qonuniyatlar yaratiladi, ixtiro natijasida esa muhim yangiliklar yaratilishi mumkin.
Avtomobil va samolyotning yaratilishi – ixtiro. Lekin Galileo Galileyning qushlarning uchishiga taqlid qilib samolyotning uchish sxemasini yaratishi kashfiyot hisoblanadi.
Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.