Dilovar, pisanda, ismi sharif: xato maʼnoda qoʻllanadigan 7 ta soʻz

Dilovar, pisanda, ismi sharif: xato maʼnoda qoʻllanadigan 7 ta soʻz

Baʼzi soʻzlarning asl maʼnosi boshqa, lekin biz yanglish maʼnoda qoʻllashga oʻrganib qolganmiz. Toʻgʻri maʼnosi ishlatilsa, hayron qolamiz. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday soʻzlarning baʼzilarini izohlaydi.

 

“Dilgir”likdan yiroq maʼno

Dilgir soʻzini harakatchan, epchil va hatto xursand degan maʼnoda tushunadiganlar bor. Baʼzi joylarda uni tiyrak, harakatchan, gʻayrati ichiga sigʻmaydigan degan maʼnoda yosh bolalarga nisbatan ishlatishadi. Aslida bu soʻzning maʼnosi boshqa.

Dilgir fors tilidan olingan, oʻzbek tilida koʻngli gʻash, koʻngli olingan, yuragi siqilgan yoki yuragini oldirib qoʻygan, qoʻrqib qolgan maʼnolarini bildiradi.

Lekin mezbonning dilgir kayfiyati ularning ochilib-sochilib oʻtirishiga monelik qilardi.

N. Aminov, “Qahqaha”.

Oʻsha dahshatli voqeadan keyin u juda dilgir boʻlib qolgan.

 

“Pisanda qildi”: pisanda nima?

Pisanda soʻzini koʻpincha kinoya maʼnosida tushunamiz. Aslida-chi? Bu soʻzning asl maʼnosi nima?

Izohli lugʻatga koʻra, pisanda fors tilidan kirgan. Oʻzbek tilida oldindan qoʻyilgan talab, shart; talab yoki shart tarzida aytiladigan bahona maʼnolarida ishlatiladi.

Pisanda qilmoq iborasi esa ikki xil maʼnoga ega:

  1. Oldindan biror talab yoki shart qoʻymoq.

Shu asnoda Davronga pasportni uzatarkan, pisanda qildi:

– Endi sizga gap shu, aka: bundan keyin ichgan paytingizda koʻcha-koʻyda sanqib yurmang.

N. Qilichev, “Chigʻiriq”.

  1. Taʼkidlamoq; luqma tashlamoq.

Kori xayr ishi davlatga qaramaydi, ogʻayni, – pisanda qildi mulla Berdiyor, – himmatga qaraydi, himmatga.

“Mushtum”.

 

“Ismi sharif”ning “sharif”i

Ismi sharif – izofali birikma. Dardi bedavo, nuqtai nazar, tarjimayi hol, adoyi tamom, shahri azim kabilar izofali birikmalardir. Forsiy izofalarda oldin ot, keyin sifat keladi, oʻzbekchada buning teskarisi. Solishtiring: shahri azim – azim shahar, dardi bedavo – davosiz dard.

Ismi sharif birikmasi tarkibidigi ism shaxsiy nomni bildiradi. Sharif soʻzi arab tilidan kirgan, oʻzbekchada muqaddas, aziz;
tabarruk
maʼnolarida qoʻllanadi. Ismi sharifaziz ism, tabarruk ism degani:

Menkim, Margʻilon hokimi Oʻtabboy qushbegi, oʻz hukmimni xoqon ibn xoqon janobi oliy Xudoyorxon ismi shariflaridan eshittiraman.

A. Qodiriy, “Oʻtkan kunlar”.

Bu birikma koʻpincha ism-familiya, ismi va familiyasi yoki ismi va otaismi maʼnosida qoʻllanadi. Lekin bu – xato. Chunki sharif soʻzining familiya yoki otaism degan maʼnosi yoʻq. Bu xato shunchalik ommalashib ketganidan hatto qonunlar tiliga ham koʻchib oʻtgan. Ruscha otchestvo soʻzini oʻzbek tilida otaism soʻzi ifodalaydi. Ayni shakldagi soʻz lugʻatlarimizga endi kirdi. Oldin ota ismi, otasining ismi, ota oti, otasining oti kabi birikmalardan foydalanilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqsak, FIO qisqartmasi oʻrnida FISH qisqartmasini ishlatish ham xato.

 

“Baholi qudrat”ning qudrati kam

Baholi qudrat birikmasini bor kuchi bilan, azmu shijoat bilan, gʻayrat qilib kabi maʼnolarda tushunish va qoʻllash uchraydi. Lekin iborada bu maʼnolar yoʻq. Qaytaga kamtarlik mazmuni yashirin. Bu ibora qudrati, qurbi yetgancha, qoʻldan kelgancha, imkoniyat darajasida maʼnolarini anglatadi.

Baholi qudrat dasturxon yozilgan.

A. Suyun, “Olis tonglar”.

U adolat va haqiqat uchun baholi qudrat kurashadi.

“Yoshlik”.

 

Tang qolmoq: “tang” nima degani?

Baʼzi soʻzlar iboralar tarkibida oʻz maʼnosidan uzoqlashadi yoki umuman lugʻaviy maʼnosini ifodalamasligi mumkin. Tang ana shunday soʻzlardan. U fors tilidan oʻtgan. Oʻzbekchada oraligʻi, eni, hajmi yetarlicha katta boʻlmagan; tor, chogʻ; qutulish, hal qilish yoki iloji, davosini topish juda qiyin boʻlgan, gʻoyat ogʻir, mushkul, nochor maʼnolarida qoʻllanadi.

Tang qolmoq (yoki qotmoq) iborasida tang soʻzi yuqorida sanalgan maʼnolarni anglatmaydi. Ibora butun holatda hayratda qolmoq degan maʼnoga ega:

Zulayxoning osoyishta yuziga qarab tang qoldim.

P. Qodirov, “Qadrim”.

“Har qalay, uygʻotay”, dedi yana ona va oʻgʻlining boshiga egildi, egildi-yu, tang qotdi.

I. Rahim, “Chin muhabbat”.

 

“Xilqat”ning haqiqiy maʼnosi

Xilqat soʻzini goʻzal, chiroyli; fazilat, yaxshi xislat kabi mazmunda tushunish uchrab turadi. Lekin bu – xato. Soʻzning maʼnosini toʻliq bilmay yoki taxminiy maʼnoda qoʻllash kulgili va qoʻpol maʼnolar chiqib qolishiga sabab boʻlishi mumkin.

Xilqat arab tilidan kirgan. Oʻzbek tilida yaratilgan, bunyodga kelgan narsa yoki kimsani anglatadi. Bu soʻz asosan kitobiy tilda qoʻllanadi:

Bemor menga uzoq tikilib turdi. Xuddi meni birinchi koʻrayotganday, ajib xilqatga tikilayotganday tomosha qildi.

A. Nurmurodov, “Urush bevalari”.

Etimologik lugʻatda yozilishicha, bu arabcha soʻz xilqat(un) shakliga ega, xaluqa feʼlidan yasalgan va asliyatda koʻrinish, shakl-shamoyil maʼnosini anglatadi.

 

Dilovarlik goʻzallik emas

Dilovar soʻzini goʻzal, chiroyli, dilbar maʼnosida tushunish uchrab turadi. Bir paytlar dilovar oqshomlar degan ibora juda mashhur boʻlgan edi.

Fors tilidan olingan dilovar soʻzi yurakli, qoʻrqmas, jasur, botir degan maʼnoni anglatadi:

Zaminu zamonda oʻzingsan gʻolib,

Ey mening dilovar, olovqalb ukam.

A. Oripov, “Yillar armoni”.

Dilovar soʻzi erkak va ayollarga ism sifatida ham qoʻyiladi. Lekin bu ismdagi erkaklar hozir kam uchraydi. Katta ehtimol bilan, bunga soʻzning maʼnosini yanglish tushunish sabab boʻlgan.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube