Hijriy-qamariy yil hisobi
Hijriy yil hisobiga Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga koʻchganlari, yaʼni hijratlari asos qilib olingan. Shuning uchun nomi hijriy taqvim deyiladi. U qamariya (hijriy-qamariy yil) va shamsiya (hijriy-shamsiy yil)ga boʻlinadi.
Hijriy qamariy yil hisobi milodiy 638 yili xalifa Umar roziyallohu anhu buyrugʻi bilan joriy etilgan.
Milliy ensiklopediyaga koʻra, qamariya boʻyicha yil hisobi 622-yilning 16-iyuli juma kunidan boshlanib, Oyning ketma-ket kelgan ikki bir xil fazasi
orasida oʻtgan vaqt – sinodik oy (29,530588 kun) davriga asoslangan. 12 oydan iborat bir qamariy yil 354,3671 kundan iborat. Qamariy yilda 1, 3, 5, 7, 9 va 11-oylar 30 kundan, qolganlari 29 kundan butun qilib olingan.
Hijriy-qamariy yil oylari: muharram, safar, rabiul avval, rabiul oxir, jumodul avval, jumodul oxir, rajab, shaʼbon, ramazon, shavvol, zulqaʼda, zulhijja.
Qamariy yil tropik yildan 10–12 kun qisqa.
Qamariya hisobi Yaqin va Oʻrta Sharqning koʻp davlatlari va boshqa baʼzi davlatlarda qoʻllanadi.
Namoz vaqtlari taqvimi ana shu hijriy-qamariy yil hisobiga moslab ishlab chiqiladi. Ramazon va Qurbon hayitlari sanalarini belgilashda ham hijriy-qamariy taqvimga asoslaniladi.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.