“Svejiy” soʻzining tarjimasi haqida

“Svejiy” soʻzining tarjimasi haqida

Ruscha savodi “tvaya-maya” darajasida boʻlsa-da, oʻzbek tilini kamsituvchi odamlar uchrab qoladi. Ularning sevimli savollaridan biri shu: “Svejiy oʻzbekchada nima boʻladi? Masalan, svejiy karam?”. Mabodo “yangi” deb javob bersangiz, istehzoli tirjayishga roʻpara boʻlasiz: “Yoʻq, yangi novыy boʻladi, svejiy nima?”. Goʻyo shu bilan Himolay togʻini zabt etganday ichki qoniqish ham his qiladi.

Xoʻsh, svejiy soʻzining oʻzbekchasi nima boʻladi? Javob shu: yangi boʻladi. Svejiy umumiy mazmunga qarab sof, toza, salqin, kuchli, tetik, tiniq, eng soʻnggi deb ham tarjima qilinishi mumkin.

Biz eʼtibor qaratayotgan holatda yangi deb tarjima qilinadi va bu – toʻgʻri. Chunki yangi keltirilgan, yangi uzilgan, terilgan meva-sabzavotlar va boshqa mahsulotlarga nisbatan oʻzbekchada yangi soʻzi ishlatiladi. U svejiy bergan maʼnoni ifodalay oladi.

Bilimi sayoz odam inkorga ishqiboz boʻladi. Tuzukroq dalil keltirmaydi, lekin inkor qilaveradi. Oʻzi, bu xil odamlar bilan bahslashmagan yaxshi. Mabodo oʻz tilini yerga urishdan zavqlanayotgani gʻashingizga tegsa, xuddi oʻzining usulida savol berishingiz mumkin: “Yomgʻir yogʻyapti rus tilida nima boʻladi?” Mabodo bilsa, “Dojd idyot”, deydi. “Ie, yomgʻir ketmaydi-ku, yogʻadi, uning oyogʻi yoʻq” desangiz, kalovlanib qolishi aniq. Chunki rus tilida alohida “yogʻmoq” feʼli yoʻq.

Rus tilini yaxshiroq bilgan odam “Dojdy padayet” variantini ham aytishi mumkin. Asosan kitobiy usulda qoʻllanadigan, jonli tilda ishlatilmaydigan bu iborada ham soʻzma-soʻz yogʻmoq maʼnosi mavjud emas. Padat yiqilmoq, qulamoq, tushmoq, osilib tushmoq kabi maʼnolarni anglatadi. Yogʻinni bildiruvchi soʻzlar bilan koʻchma maʼno kasb etadi. Yogʻin bilan bogʻliq boshqa iboralar ham harakat feʼllaridan maʼno koʻchishi vositada hosil qilingan.

Shunaqa. Har bir tilning oʻziga xos tomonlari bor. Toʻgʻri, rus tili – boy til. Ishlangan, keng qamrovli, salohiyatli til. Lekin oʻzbek tili ham kam emas. Uning ham oʻz ustunliklari bor. Oʻzbek tili nodir tushunchalarga ot qoʻya biladi, bitta soʻzni bir necha xil maʼnoda tovlantira oladi, holat yoki harakatlarning turfa qirralarini ifodalovchi soʻzlarga ega. Ammo buni anglash uchun tilni sal chuqurroq oʻrganish talab etiladi. Oʻrganishning oʻzigina yetmaydi, albatta, ozroq mehr ham kerak.

Slovenlarning bir maqoli bor: “Oʻz tilini yerga urgan odam onasini ham yerga uradi”. Menimcha, shu gap koʻp narsaga kifoya qiladi.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.