Bizni qiynaydigan soʻzlar: biror harf qoʻshib yo tushirib yozadigan soʻzlarimiz

Bizni qiynaydigan soʻzlar: biror harf qoʻshib yo tushirib yozadigan soʻzlarimiz

Baʼzi soʻzlarning imlosi bizni qiynaydi. Ular orasida harf qoʻshib yo tushirib yozish holatlari koʻp uchraydiganlari bor. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday soʻzlarning baʼzilarini sharhlaydi.

 

Mutolaa – diqqat bilan oʻqish

Mutolaa oʻzbekchaga arab tilidan oʻzlashgan, diqqat bilan oʻqish, oʻqib tushunib olish maʼnosini anglatadi. Bu soʻzni oxirgi a harfini tushirib, l harfidan oldin bitta a qoʻshib mutoala shaklida yozish bot-bot koʻzga tashlanadi. Bu albatta xato. Chunki soʻzning bunday shakli yoʻq. Garchi uni shunday talaffuz qilsak-da, mutolaa koʻrinishida yozishimiz kerak:

Husayn boʻsh vaqtlarida… baʼzan tabobatga doir kitoblarni mutolaa qilar edi. (M. Osim, “Ibn Sino qissasi”).

 

“Muvaffaqiyat”dagi muvaffaqiyatsizlik

Muvaffaqiyat soʻzi ham arabchadan oʻzlashgan, biror ishda erishilgan yaxshi natijani, yutuq va gʻalabani bildiradi. Bu soʻz ham xato yozilish borasida yetakchilardan. Koʻpincha bir f harfini tushirib, baʼzan esa v yoki q harfini juftlashtirib yozib qoʻyiladi. Bunda ham talaffuzning taʼsiri bor. Biroq imlomiz koʻp oʻrinlarda talaffuzdan farq qiladi. Demak, soʻzning toʻgʻri shakli – muvaffaqiyat:

Kurashchilarimiz xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyat qozondi.

 

“Tugʻuruqxona”dan chiqqan harf

Tugʻuruq, tugʻuruqxona soʻzlarini hatto obroʻ-eʼtiborli nashrlar ham tugʻruq, tugʻruqxona shaklida yozadi va bir u
harfini soʻz tarkibidan chiqarib yuboradi. Biroq lugʻatlar bu holatni maʼqullamaydi, soʻzda u harfi boʻlishi kerak. Demak, garchi tugʻruq, tugʻruqxona deb gapirsak-da, tugʻuruq, tugʻuruqxona deb yozishimiz zarur.

Tugʻuruq farzand koʻrishni, tugʻuruqxona esa tugʻuruq bilan bogʻliq tibbiy yordam koʻrsatadigan shifoxonani bildiradi:

Tumanimizda yangi tugʻuruq kompleksi qurildi.

Tumanimizda yangi tugʻuruqxona qurildi.

 

Suiisteʼmol – ortiqcha foydalanish

Suiisteʼmol soʻzi biror narsadan, masalan, boylikdan oʻz manfaati uchun yoʻl qoʻyilganidan ortiqcha foydalanishni ifodalaydi. Bu soʻzni talaffuz qilganda bir i tovushini tushiramiz. Lekin ikki i bilan yozishimiz kerak:

Tergovchi ochiqqina yigit ekan, koʻnglidagini shundoq aytib qoʻya qoldi: mansabini suiisteʼmol qilgan degan gumonimiz bor. (M. M. Doʻst, “Galatepa qissalari”.)

 

“Manba”ning manbasi bor

Manba soʻzini manbaa shaklida yozish koʻp uchraydi. Bu soʻz oxirida ikki unli kelmaydi, bunga manba – lugʻatlar. Imlo lugʻatlarida ham, izohli lugʻatlarda ham bu soʻz manba shaklida keltirilgan:

“Devonu lugʻatit turk” qadimgi turkiy soʻzlarni oʻrganishda tengsiz manbadir.

Bu maʼlumotning manbasi bormi?

 

“Mudofaa”ni harf tushishidan mudofaa qiling

Mudofaa soʻzini mudofa tarzida talaffuz qilamiz. Talaffuzga ergashib, shu shaklda yozib qoʻyish ham uchrab turadi. Biroq uning bunday shakli yoʻq. Mudofaa soʻzi arabchadan oʻzlashgan, oʻzbekchada jang harakati turini, himoya vosita va choralari majmuini anglatadi:

Futbolchilarimiz raqib jamoa mudofaasini yorib oʻtdi.

Mamlakat mudofaa salohiyatini kuchaytirish – davr talabi.

 

Taassurot – taʼsir natijasi

Taassurot arab tilidan oʻzlashgan, oʻzbekchada koʻngilda, xotirada qolgan iz, tugʻilgan fikr va his-tuygʻular majmuini anglatadi. Aytganda tushib qoladigan tovushlar biryoʻla ikkita boʻlgani uchun bu soʻz imlosida xatolar juda koʻp uchraydi. Soʻzni tasurot, taasurot, tassurot kabi shakllarda yozish xatodir:

Bolalar togʻ qishlogʻiga uyushtirilgan safardan olam-olam taassurot oldi.

 

“Murojaat”da ikkilanmang

Birovga qarata aytilgan gap, qilingan daʼvat, chaqiriq murojaatdir. Arab tilidan oʻzlashgan, tarkibida ikkita a bor koʻplab soʻzlar kabi bu soʻzni ham bir a bilan talaffuz qilamiz. Lekin imlomizga talaffuzga mos shakli olinmagan. Uni murojat shaklida yozish xato:

Murojaatingizga ijobiy javob boʻldimi?

 

“Taalluqli”ga ham taalluqli

Taalluqli soʻzi oʻzagidagi taalluq soʻzi ham arabchadan oʻzlashgan. Taalluqli soʻzi aloqasi bor, daxldor, tegishli kabi maʼnolarni anglatadi. Talaffuziga mos yozilmaydi. Uni taluqli, taaluqli yoki talluqli shaklida yozish xatodir:

Mahkamov boshliqning ogʻzigʻa koʻz tikib, ishga taalluqli biror muhim gap kutardi. (“Mushtum”).

 

“Vakuum”da saqlanadigan ikki “u”

Asli-nasli lotincha boʻlgan vakuum soʻzi ham imlomizga oʻzbekcha talaffuzga mos shaklda kirmagan. Biz uni vakum deb aytamiz, lekin bunday yoza olmaymiz. Vakuum gazning atmosfera bosimidan past bosimdagi holatidir:

Vakuum bosim birligi bilan oʻlchanadi.

 

“Birpas”da past yoʻq

Birpas soʻzi qisqa vaqt, biroz, sal, andak kabi maʼnolarda qoʻllanadi. Erkin Vohidov bu soʻzning kelib chiqishini pos soʻziga bogʻlab, qiziqarli xulosalar qilgan edi. Chunki lugʻatlarda pos kechaning sakkizdan biri deb izohlangan. Bu anchagina vaqtni anglatadi. Birpas esa kichik vaqt, bir necha soniya yoki daqiqa. Navoiy asarlari lugʻatidan bir qiziq maʼlumotni topdim: pos soʻzi eski tilimizda lahza, daqiqa maʼnosida ham ishlatilgan oʻrinlar bor ekan.

Birpas soʻzini birpast shaklida yozish uchrab turadi. Taxminimcha, soʻzdagi pas qismi past soʻzi bilan adashtiriladi. Pastni talaffuzga mos shaklda pas deb yozish xato, demak, birpasni ham birpast shaklida yozishim kerak deb xulosa qilingan boʻlishi mumkin. Biroq birpas soʻzi oʻzagida past soʻzi yoʻq:

Mansur tagʻin birpas oʻylanib turdi-yu, indamay chiqib ketdi. (Oʻ. Hoshimov, “Qalbingga quloq sol”.)

 

“Daryo” nashrida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.