Islomdan ilhomlangan Bunin
Juda koʻp mashhur adiblar Sharq madaniyati va adabiyotiga katta qiziqish bilan qaragan. Masalan, ulugʻ olmon shoiri Yohan Gyote “Sharqu Gʻarb devoni”ni tuzgan. Nobel mukofoti sovrindori, rus mumtoz adibi Ivan Buninga ham Sharq, aniqrogʻi, musulmon madaniyati qatta taʼsir koʻrsatgan.
Ivan Buninning diniy qiziqishlari faqat Bibliya bilan chegaralanmagan edi. U Qurʼoni karim taʼsirida inson hayoti haqidagi nodir, boshqa manbalarda uchramaydigan haqiqatlarni topdi. Islomga qiziqish Buninni musulmon mamlakatlariga sayohat qilishga chorladi. 1903-yil aprelida yozuvchi ilk bor Istanbulga bordi. Adibning turmush oʻrtogʻi Vera Muromseva-Bunina bunday xotirlaydi: “U birinchi MARTA Qurʼonni toʻligʻicha oʻqib chiqdi va olam-olam taassurot oldi, shu sababli zudlik bilan musulmon oʻlkasiga borish fikriga tushdi”.
Bunin Qurʼoni karimning M. Kazimirskiy fransuzchaga oʻgirgan maʼnolar tarjimasidan K. Nikolayev ruschaga agʻdargan va 1865-yili Moskvada bosilgan nusxasini oʻqib chiqadi.
Vera Buninaning soʻzlariga koʻra, “Istanbulda kechgan bir oy uning maʼnaviy hayotida eng muhim, xayrli va joʻshqin voqea boʻldi”. Ayni shu safarda “Islom unda juda katta taassurot qoldirdi”.
1907-yil bahorida Bunin musulmon Sharqi mamlakatlari boʻylab uzoq muddatli sayohatga chiqadi. Yozuvchi Istanbuldan tashqari oʻsha paytlari Usmonlilar hukmronligi ostida boʻlgan Falastin, Suriya, Lubnonda, soʻng Misrda boʻladi. Bir yil oʻtib yana Istanbulga boradi, 1910-yil koʻklamida esa Jazoir va Tunisga safar qiladi. 1910-yil oxirida Shri Lanka orollariga yoʻl olgan yozuvchi yana Istanbul va Bayrutga (Lubnon) tushib oʻtadi, Misrda olti hafta qoladi. Bunin Istanbulga hammasi boʻlib oʻn uch MARTA borgan, umr yoʻldoshining fikricha, “u Istanbulni Moskvaday yaxshi bilardi”.
Buninning barcha sharqona nasriy va sheʼriy asarlari ijodiy faoliyatining ilk bosqichida yozilgan. “Qadr tuni”, “Kaʼbadagi qora tosh”, “Sir”, “Abadiy”, “Muhammad va Sofiya”, “Maqom”, “Kavsar”, “Tamjid” kabi sheʼrlar shular jumlasidan.
Orif Tolib