“Kiroyi kuyoving shundoq boʻlsa”: kiroyi nima?

“Kiroyi kuyoving shundoq boʻlsa”: kiroyi nima?

“Oʻtkan kunlar” romani qahramoni Mirzakarim qutidor toshkentlik savdogar yigit Otabek haqida ayni shu maqtovni aytadi: “kiroyi kuyoving shundoq boʻlsa…”

Xoʻsh, kiroyi nima degani?

Bu soʻz arabcha kiro soʻzi va forsiy -yi qoʻshimchasidan hosil boʻlgan, forschada arzirli, loyiq, sazovor boʻladigan degan maʼnolarni anglatadi. Oʻzbekchada ikki xil maʼnoda qoʻllanadi:

 

1️⃣ Aytishga arziydigan, gapirsa, maqtasa boʻladigan.

 

Qishloqda duv-duv gap. Kiroyi kuyoving boʻlsa, Komiljondaqa boʻlsin.

Uygʻun, “Hayot qoʻshigʻi”.

 

2️⃣ Oʻtaketgan, juda, gʻoyat.

 

Endi orada chaqir tikanak boʻlishim – kiroyi nomardlik!

Oybek, “Oltin vodiydan shabadalar”.

 

Demak, Mirzakarim qutidor kiroyi soʻzini birinchi maʼnosida qoʻllagan.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.