Lotin alifbosidagi oʻzgarishlar haqida

Lotin alifbosidagi oʻzgarishlar haqida

“Toʻgʻri yozamiz” kanali muallifi lotin alifbosidagi oʻzgarishlarning ahamiyati, kerak-kerakmasligi haqida juda oʻrinli gaplarni aytibdi. Ushbu fikrlarga qoʻshilgan holda baʼzi mulohazarimni aytib oʻtmoqchiman.

 

  1. Alifbo islohi boʻyicha oʻz taklifimiz bor. U qabul qilinmagan taqdirda ham, rasman taklif etilayotgan variantni qoʻllab-quvvatlayman. Shu oʻzgarishlar ham alifboni matn terish uchun ancha qulaylashtiradi. Rasmiy variant boʻyicha baʼzi mulohazalarim bor, nasib qilsa, u haqda alohida yozaman.
  2. Oʻzi, har qanday oʻzgarishni qabul qilish qiyin boʻladi. Odam oʻzgarishning ijobiy yoki salbiy jihatini tanasida sezib koʻrmaguncha, hadiksirab turadi. Bu tabiiy jarayon. Yangilikdan qoʻrqmaslik kerak.
  3. Boshqa muammolar turganda alifboga teginmaylik degan mulohaza bor. Boshqa muammolarning oʻz yechimi bor. Bu muammoning oʻz yechimi. Har biri alohida muammo va alohida yondashuvni talab etadi. Amaldagi alifboda nuqson borligi fakt va uni yechish zarur. Boshqa muammoni ham yechaverish kerak. Hech kim: “Boshqa muammoga eʼtibor bermanglar!” deyayotgani yoʻq.
  4. Katta chiqimlar masalasi. Darsliklar doimiy yangilanib boradi. Ayni damda Milliy oʻquv dasturi ishlab chiqilib, darsliklarni yangilash jarayoni boshlangan. ID kartalar berilyapti. 2021-yildan xorijga chiqish pasportlari yaqin chet mamlakatlar uchun ham talab qilanadigan boʻldi. Hozir islohning ayni
    payti
    . Eski hujjatlar, darsliklar nima boʻladi? Reja boʻyicha muhlati tugab, yangilanguncha amalda boʻlaveradi. Osmon uzilib yerga tushmaydi. Yangi darsliklar yangi alifboda chiqadi. Ming turli sohaga pul ajratilgan payti jim turganlar nimagadir alifboga kelganda “Qancha mablagʻ ketadi-yu!” deb vahimaga tushadi. Oʻrniga sarflangan million soʻm, koʻp boʻlsa-da, aslan foyda; oʻrinsiz sarflangan bir soʻm, arzimas boʻlsa-da, aslan zarar. Kerakli chiqim oʻzini oqlaydi. Islohni ikkilanib, choʻzaversak, bu chiqim miqdori ortib boraveradi.
  5. Yangi alifboning savodsizlik darajasiga taʼsiri masalasi. Sezilarli salbiy taʼsiri boʻlmaydi. Lekin ijobiy taʼsir koʻrsatishi aniq. Toʻrtta harfni oʻrgana olmaydigan odam baribir savodsiz boʻlib qolaveradi.
  6. “Amaldagi alifbo qolaversin” degan fikr. Lotinga toʻliq oʻtib ketmaganimizning sabablaridan biri amaldagi alifboning nuqsonlari. Asosiy sabab emas, lekin ancha-muncha taʼsir oʻtkazgan sabab. Ming qiyin boʻsin, odamga oʻzi savod chiqargan alifbo qulay tuyulaveradi.

Gʻafur Gʻulom, Oybek kabi yozuvchilarning eski oʻzbek yozuvidagi qoʻlyozmalarini koʻrganman. Aslida kiril oʻzbekcha soʻzlarni yozish uchun eski oʻzbek yozuvidan ancha qulay, oʻsha paytdagi zamonaviy ijod quroli – yozuv mashinkalari ham kiril harflarida boʻlgan. Lekin bu adiblar eski oʻzbek yozuvidan foydalanavergan. Chunki shu imloda savod chiqargan, shu sababli oson tuyulgan.

Biz bu masalada faqat oʻzimizni emas, kelajak avlodni ham oʻylashimiz kerak. Hozirgi alifboda sezgan-sezmagan qiyinchiliklarimizni farzandlarimiz ham tortmasligi zarur. Bu holat xuddi ogʻir etik kiyib yurishga oʻxshaydi. Maʼlum vaqt oʻtgandan keyin etikning ogʻirligini uncha sezmay qolasiz. Lekin uni yechib, yengilroq poyabzal kiysangiz, oldin qanchalik qiynalganingizni, aslida shu qulaylikka burunroq erishish mumkin boʻlgan-u, buni bilmaganingizni tushunasiz. Amaldagi alifbodagi qoʻshharflar ana shu ogʻir etikka oʻxshaydi.

  1. Maʼlum bir sohada mutaxassis boʻlgan yoki tajriba orttirgan kishilarning xulosalariga hurmat bilan qarash zarur. Hatto bizga xato koʻrinsa ham. Oʻz fikrimizni bosiqlik va dalillar bilan asoslashimiz lozim. Bilim va tajribaga asoslangan fikrlarni esa yaxshilab oʻylab koʻrish, mard boʻlib qabul qilish ham kerak. Shunchaki hissiyot bilan aytilgan gapning yuki yoʻq. Menimcha.
  2. Va eng soʻnggisi. Lotin yozuvini isloh qilish tarafdorlariga, jumladan, menga bundan nima naf? Lotin yozuvida ham, kiril yozuvida ham men uchun jiddiy muammo yoʻq, ikkalasida ham savodim yaxshi, xatosiz yozish malakam yuqori. X va H harflarini ham yaxshi farqlayman. Oʻzgarishlar hamma uchun foydali boʻladi degan qatʼiy xulosam bor, shuning uchun alifbo islohini yoqlayman. Men uchun asosiy naf shu.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.