Oʻzbekchasi boʻlaturib, ishlatilmaydi – oʻzimizning “begona” soʻzlar

Oʻzbekchasi boʻlaturib, ishlatilmaydi – oʻzimizning “begona” soʻzlar

Tilimizda baʼzi soʻzlarning oʻzbekcha muqobili yoki tilda oldindan qoʻllanib kelgan varianti bor boʻlsa-da, ishlatmaymiz. Hatto talaffuzi nisbatan qiyinroq boʻlsa ham, chet soʻzni maʼqul koʻramiz. Baʼzi soʻzlarning oʻzbekcha muqobili esa allaqachon unutilib ketgan. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday deyarli unutilgan soʻzlarning baʼzilariga izoh beradi.

Bir eslatmani yana bir bor takrorlab qoʻyish ziyon qilmaydi: til oʻzicha rivojlanmaydi, u chet tillardan soʻz olib ham boyiydi. Lekin bunda ham meʼyor bor, til oʻz imkoni yetmagandagina chetdan soʻz olishi kerak. Yoʻqsa, oʻzlashtirish boyishga emas, qashshoqlashishga xizmat qiladi. Oʻzbekchaga singib, oʻzimizniki boʻlib ketgan soʻzlarga esa yotsirab qaramaslik zarur.

 

Parol – im, oʻron

Parol soʻzining bir emas, kamida ikkita oʻzbekcha muqobili bor. Bittasini bugun ham ishlatamiz. Lekin parol maʼnosida qoʻllamaymiz.

Gap imo, imo-ishora, imlamoq, im qilmoq, im qoqmoq soʻzlari tarkibidagi im haqida ketyapti.

Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻatit turk”da im soʻzini shunday sharhlaydi: shoh askarlariga qoʻyilgan, tayinlangan yashirin belgi, parol. Bu belgi qush yoki qurol nomi, yoki biror soʻzdan iborat boʻlishi mumkin. Toʻqnashganda uni aytib oʻzlarini tanitadilar. Maqolda shunday kelgan: “Im bilsa, er oʻlmas”. Yaʼni kishi yashirin belgini bilsa, nohaq oʻlmaydi.

Bu izohdan im soʻzi parol maʼnosini toʻla-toʻkis ifodalashini anglash mumkin.

Im soʻzi ishora maʼnosida qadimda ham qoʻllangan. Jumladan, “Devon”da imlamoq soʻzi imlash, koʻz yoki qoʻl bilan ishora qilish deb sharhlangan.

Parol uchun boshqa bir muqobilni “Boburnoma” topib beradi:

“Bizning cherikning gʻavgʻosin eshitib, inchalik bila ilgarrak kelib oʻrondashurlar. Bu oʻron ikki nav boʻlur: bir ulkim, har qavmning oʻroni bor, nechukkim… ish vaqtida uchrashqonda biri bir lafzni aytqonda yana biri ul maʼhud lafzni aytqay, to bu tariq bila el yogʻiydin ayrilgay va oʻz kishini yotdin farq qilgʻay. Ul yurushta maʼhud oʻron alfazi “Toshkand” bila “Sayram” edi. Toshkand desa, Sayram deyilgay, Sayram desa – Toshkand”.

Yuqoridagi parchadan oʻron aynan parol, maxfiy soʻz maʼnosini anglatishini bilib oldik. Ikki xil oʻron bor, deyapti Bobur mirzo: biri bittagina soʻz boʻladi, baʼzi qishloq yoki jamoa vakillari oʻzlari uchun tanlab olishadi. Oʻsha soʻzni aytsangiz, dushman emas, qavmning oʻz odami ekaningiz yuzaga chiqadi. Ikkinchi xil oʻron ikki soʻzdan tashkil topadi: ikki soʻzdan biri aytilganda siz juftini aytishingiz kerak. Masalan, Toshkent-Sayram oʻronidan Toshkent deyilsa – Sayram, Sayram deyilsa – Toshkent deyishingiz zarur. Shunda oʻronni – parolni toʻgʻri topgan boʻlasiz. Yoʻqsa, dushman yo begona sanalasiz va muomala ham shunga yarasha boʻladi.

Bugun parol soʻzi koʻp ishlatiladi. Ayniqsa, internet va texnologiyalar bilan bogʻliq matnlarda, dastur va ilovalarda unga albatta yoʻliqasiz. Mana shu joylarda im yoki oʻron soʻzini parol soʻzi oʻrnida bemalol qoʻllash mumkin.

Lekin uni asl egalari, yaʼni biz qabul qila olamizmi-yoʻqmi – shudir masala.

 

Otves – shoqul yoki shovun

Koʻp soʻzlarning oʻzbekchasi yoki tilimizda eskidan qoʻllangan muqobili boʻla turib, ishlatmaymiz. Masalan, qurilishda devor, ustun, eshik kabilarning tikligi bir uchiga tosh yoki temir bogʻlangan ipli asbob bilan aniqlanadi. Ustalar uning ruscha nomidan foydalanadi – otves.

Ming yillardan beri uy qurib kelayotgan xalqda nahot shu oddiy moslamaning nomi boʻlmasa?! Bor, nega boʻlmasin? Unutilgan, xolos.

Bu uskuna oʻzbek tilida shoqul yoki shovun deyiladi.

Shoqulning ildizi hindcha saxul soʻziga borib taqaladi. Saxul ipga bogʻlab osiltirilgan qoʻrgʻoshin soqqani anglatgan. U shoqul shaklida arab tiliga, soʻng oʻzbekchaga oʻtgan.

Shovun soʻzi esa aslan oʻzbekcha. Uning maʼnosi shoqul bilan bir xil.

 

Namordnik – burundiq

Itlarning tumshugʻiga taqiladigan himoya qalqonini ruslar namordnik deydi. Bu soʻz morda – tumshuq soʻzidan yasalgan. Xoʻsh, oʻzbekchada bu moslama qanday ataladi?

Baʼzi oʻrinlarda shu tushunchani ifodalash uchun “tumshuqbogʻ” soʻzi ishlatilgan. “Oʻzbekcha-ruscha lugʻat” esa tumshuqlik deb izohlagan. “Ruscha-oʻzbekcha lugʻat”  tumshuqbogʻ, burundiq deb oʻgiribdi. Burundiq soʻzini izohli lugʻat asov, tishlongʻich tuyaning yoki qopagʻon itning tumshugʻiga kiydirib qoʻyiladigan maxsus toʻr deb izohlagan:

 

Yaydoq dala kelganda burundiqni boʻshatar.

A. Muxtor, “Asarlar”.

 

Izohli lugʻatda tumshuqlik yoki tumshuqbogʻ soʻzlari yoʻq ekan. Bu soʻzlar ruschadan kalkalanib, shu tushunchani aynan tarjima qilish istagida yasalganday taassurot uygʻotadi.

Burundiq esa turkiycha soʻz. Soʻzning izohidan burundiq juda qadimiy lugʻat ekani ham anglashiladi. “Devonu lugʻatit turk”da burunduq soʻzi jilov, noʻxta deb izohlangan. Boshqa bir oʻrinda shunday misol keltirilgan:

Er burunduq butluqa taqdi  – tuya burnining yumshoq joyiga burunduq taqdi, bogʻladi (oʻgʻuzcha).

 

Vaksina – emlama, emdori

Koronavirus bilan bogʻliq vaziyat vaksina, vaksinatsiyalash, vaksina olish, vaksina qabul qilish kabi soʻzlarni urfga kirgizdi. Ularning oʻzbekchasi bormi?

Bor. Faqat ishlatmaymiz, xolos:

Vaksinaem, emdori, emlama, emlik.

Vaksinatsiyalash – emlash, emlama qilish.

Vaksina olish, vaksina qabul qilish – emlanish.

Em soʻzi chechak va baʼzi boshqa kasalliklarning oldini olish uchun teri orqali yuboriladigan zardob va uni teri orqali yuborishni, dori-darmon, shifobaxsh narsani anglatadi. Bu soʻzni teri yoki qontomirlar orqali yuborilmaydigan, masalan, tomizgʻi shaklidagi vaksinalarga ham ishlatish mumkin.

Vaksina soʻziga izohli lugʻatda “yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolash uchun ishlatiladigan emdori, emlashda ishlatiladigan dori” deb izoh berilgan.

Vaksina soʻzi oʻrnida em soʻzini qoʻllash hozir deyarli isteʼmoldan chiqdi. Hech boʻlmasa, emlash, emlamoq, emlama soʻzlaridan foydalanish kerak. Hatto vaksina soʻziga sinonim sifatida emdorini ham bemalol ishlatsa boʻladi. Lekin bu kimlargadir gʻaliz tuyulishi
mumkin. Oʻzi til zaiflashgani sari hatto oʻz egalariga ham tobora erish tuyuladi.

Vaksina soʻzi alohida tibbiy maʼnoga ega degan sabab ham aytilishi mumkin. Oʻsha maʼnoni emlama, emdori yoki em soʻziga ham bemalol yuklasa boʻladi:

Kecha poliklinikada vaksina oldim. ➡️ Kecha poliklinikada emlandim.

Bir millionga yaqin kishi vaksina qabul qildi. ➡️ Bir millionga yaqin kishi emlandi.

Koronavirusga qarshi vaksina ➡️ Koronavirusga qarshi emdori.

 

Lugʻatlarimizda emlama soʻzi yoʻq. Lekin u xalq tilida faol ishlatiladi. Bu soʻzni lugʻatlarga albatta kiritish kerak.

 

Inogʻoch – obkash

Obunachilardan biri ruscha koromыslo soʻzi oʻzbekchada nima deyilishi haqida soʻrab qoldi. Qizigʻi, bu savolni dastlab bir bolakay beribdi. Ertak kitobdagi koromыslo rasmini koʻrsatib “Bu oʻzbekchada nima boʻladi?” deb soʻrabdi.

Ruscha koromыslo soʻzi ikki uchidagi ilmogʻiga chelak osib, yelkada suv va boshqa narsalar tashish uchun moslangan yogʻoch asbobni anglatadi. Izohli lugʻatga koʻra, bu soʻz oʻzbekchada obkash deyiladi. Obkash forschadan, suv tortuvchi, tashuvchi maʼnosida. Lugʻatlardan obkashni ifodalovchi oʻzbekcha soʻz topilmadi. Lekin Xorazm shevasida bor ekan – inogʻoch. Shevalar oʻz bagʻrida durdonalarni saqlaydi, ulardan unumli foydalanish kerak.

Inogʻoch – sof turkiycha soʻz. Iyin va ogʻoch soʻzlaridan yasalgan. Iyin shevada yelkani anglatadi. U egin soʻzining oʻzgargan shakli. Ogʻoch esa daraxt; yogʻoch, xoda maʼnosiga ega. Demak, inogʻoch koromыsloning maʼnosini ortigʻi bilan bera oladi. Bu soʻzdan badiiy adabiyotlar va tarjimalarda albatta foydalanish kerak.

Bu soʻz qozoq tilida inagʻash shaklida ishlatilar ekan.

 

Oʻzbekchasini eslatuvchi mitti lugʻat

Soʻzlashuv tilida juda koʻp oʻzbekcha yoki oʻzbekchalashgan soʻzlarning oʻrnini yot soʻzlar egallab olgan. Aslida, bu soʻzlarning soddaroq, qisqaroq, tushunarliroq oʻzbekcha shakli bor. Lekin negadir begona soʻzlarni qoʻllayveramiz. Bu narsa ongimizga shu qadar singib ketganidan qanday holga tushib qolganimizni sezmaymiz ham.

Quyida shunday soʻzlarning kichik lugʻati bilan tanishasiz.

❗️ Chet soʻzlar oʻzbekcha talaffuzda berilgan.

 

Avans – boʻnak.

Aklad – oylik, maosh.

Astanoʻfka – bekat.

Balnisa – kasalxona, shifoxona.

Brat – aka, akaxon.

Vapshe, obshe – umuman.

Golubsi – karamdoʻlma.

Da (telefon koʻtarilganda) – eshitaman, labbay. Yoki xalqaro alo soʻzini ham ishlatish mumkin.

Izdivatsa qilmoq – ustidan kulmoq.

Zdachi – qaytim.

Kanikul – taʼtil.

Kapchoʻniy – dudlangan, qoq, sur.

Karochi – qisqasi.

Koja – teri, charm, koʻn.

Mazgi – miya.

Malades – yashang, yasha, yashavor. Ota-buvalarimiz bu soʻz oʻrnida “barakalloh” degan soʻzni ishlatgan.

Marazilnik – muzlatgich.

Mashennik – firibgar, qallob.

Medsestra – hamshira.

Moʻshniy – kuchli, zoʻr.

Narmalni – tuzuk, yaxshi, durust, chidasa boʻladi. Juda shu soʻzga mehr-muhabbatli boʻlgan kishi normal deb ishlatishi ham mumkin.

Naski – paypoq.

Otdix – dam olish.

Pashti – deyarli.

Popkorn – oqtelpak, bodroq.

Prayezd – kira haqi, yoʻlhaqi.

Propka – tiqilinch (yoʻlda); tiqin (idishda).

Rayoʻn – tuman. Bu soʻz yoshi kattalar orasida hali-hanuz ishlatilyapti.

Salyoʻniy – tuzlangan, tuzlama, shoʻr.

Svejiy – yangi.

Svet – chiroq.

Travma – jarohat.

Uje – bu soʻz alohida soʻz bilan tarjima qilinmaydi, qoʻshimchalardayoq maʼnosi ifodalanadi. Masalan, “Uje keldim” deyish oʻrniga “kelib boʻldim” deyiladi.

Uspet qilmoq – ulgurmoq.

Xaladilnik – sovitkich.

Chtobi – uchun. Masalan, “Atayin toʻliq gapirib berdim. Chtobi sen tushungin”. Tushunishing uchun atayin toʻliq gapirib berdim deyish qisqa, loʻnda, oʻzbekcha.

Ekanom qilmoq – tejamoq.

 

Bu kichik lugʻatni yana toʻldirish mumkin. Qaysidir soʻzlar xayolga kelmagani aniq.

❗️ Oʻzbekchalashtirishga qarshi boʻlganlarga: bu soʻzlarning oʻzbekchasini qoʻllang degan gap aynan sizga atalmagan. Yengil nafas olavering.

Qolganlarga: iloji boricha oʻzbekchasini ishlating, til rivojiga va sofligiga shaxsan hissa qoʻshing.

 

Daryo.uz nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.