Rasmona, rasmana va rosmana

Rasmona, rasmana va rosmana

Bu soʻzlarni qoʻllashda koʻp xato qilinadi. Buning oldini olish uchun ularning maʼnosi va kelib chiqishini bilib olish kerak.

Rasmona soʻzi arabcha rasm va forscha -ona qoʻshimchasidan hosil boʻlgan, forschada oddiy, odatdagi degan maʼnoda ishlatiladi. Oʻzbek tilida uch xil mazmunda qoʻllanadi:

 

1️⃣ Risoladagi, oddiy, rasmana.

 

Qiz rasmona ketmon bilan tez va pishiq ishlab ketdi.

Oybek, “Oltin vodiydan shabadalar”.

 

2️⃣ Chinakamiga, astoydil, rostakamiga.

 

Shoirgayam qiyin, bitta oʻzini deb rasmona urush ocholmasa.

M. M. Doʻst, “Galatepaga qaytish”.

 

3️⃣ Shunchaki, yuzaki.

 

Bularning hammasi shunchaki rasmona ishlar.

“Yoshlik”.

 

Bu soʻzning rasmana va rosmana shakllari ham bor. Ular asosan soʻzlashuv tilida va badiiy-publitsistik uslubda qoʻllanadi:

 

Sayfini endi rosmana qoʻrquv oʻz toʻrlariga oʻray boshladi.

T. Malik, Shaytanat.

 

Amirning navkarlari, men yaxshi razm soldim, rasmana navkarlar!

A. Muxtor, Tong bilan uchrashuv.

 

❗️ Rosmana soʻzini rostmana shaklida qoʻllash ham uchrab turadi. Lekin bu xato. Yuqorida koʻrdik, soʻzning oʻzagida rost soʻzi qatnashmagan. Bunday oʻylash yanglish tasavvur natijasi xolos.

 

📌 Demak:

Rasmona, rasmana va rosmana

Rostmona, rastmana va rostmana❌

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.